Xabaringiz bor, joriy yilning 28-avgustidan 8-sentabrga qadar Parij XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qildi va unda yurtimiz sportchilari delegatsiyasi safida qashqadaryolik 8 nafar para sportchi 6 ta sport turidan 21 ta litsenziya bo‘yicha bahslarda ishtirok etdi.
Quvonarlisi, ular safida Para yengil atletika bo‘yicha ayollar o‘rtasida T11 klassida uzunlikka sakrash bellashuvlarida ishtirok etgan Asila Mirzayorova 5.24 metr natija qayd etgan holda yurtimiz delegatsiyasiga birinchi oltin medalni olib berdi va 28 yil davomida saqlanib kelgan Paralimpiya rekordini yangiladi.
Shuningdek, para dzyudo bo‘yicha erkaklar o‘rtasida J2 klassida -90 kg vazn toifasida ishtirok etgan qashqadaryolik Dovurxon Karomatov bronza medalini qo‘lga kiritdi va ikkinchi bor Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘ldi.
Shu bois, Qarshi shahrida sovrindor paralimpiyachilarni tantanali kutib olish marosimi o‘tkazilib, unda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Murotjon Azimov sportchilarni va ularning yaqinlarini viloyatimiz ahli nomidan samimiy tabrikladi.
Ularga tantanali ravishda uy kalitlari topshirilib, jamoatchilik vakillari ham o‘z tilaklarini bildirdi.