Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashining 36-sessiyasida Murodjon Azimov  viloyatni 2021-yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va 2022-yil uchun belgilangan vazifalar yuzasidan murojaat qildi. 
 
Unda, viloyat rahbari vohaning har bir fuqarosi uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi va sog‘lom ekologik muhitni yaratib berish yo‘lida qator talab hamda vazifalarni amalga oshirish keraklini ham ta’kidlab o‘tdi, shuningdek, qo‘lga kiritilayotgan ulkan muvaffaqiyatlar zamirida har bir jonkuyar soha vakillari va insonlarning kunni kun, tunni tun demasdan mardonavor olib borayotgan mashaqqatli hamda sharafli mehnatlari borligini ham qo‘shimcha qildi.
 
Murojaat davomida, Prezidentning 2020-yil noyabr oyida Qashqadaryoga tashriflari davomida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilab bergan yo‘nalishlari asosida hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi doirasida 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
 
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-dekabr holati bo‘yicha iqtisodiy ko‘rsatkichlar yani viloyat yalpi hududiy mahsuloti 108,4 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 114,6 foizni, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 100,1 foizni, xizmat ko‘rsatish 118,5 foizni, chakana savdo 111,8 foizni, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 103,1 foizni, pudrat ishlari 119,6 foizni tashkil qilib, barcha yo‘nalishlarda o‘sishga erishilgan.
 
 
Shuni alohida ta’kidlab o‘tish mumkinki, 2021-yilda investitsiya dasturlari doirasida viloyatda umumiy qiymati 3 tlrn 900 mlrd so‘mlik 853 ta hududiy hamda 157 mln 200 ming AQSH dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar hisobiga 6 ta yirik loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Jumladan, Kitob tumanida “Kitob ip yigiruv” MCHJ QKning qiymati 24 mln. AQSH dollari miqdoridagi 400 ta ish o‘rniga ega ip-kalava ishlab chiqarish yoki Qarshi shahrida “Uz shoes” MCHJ QKning qiymati 4 mln 500 ming AQSH dollarlik 50 ta ish o‘rniga ega poyabzal ishlab chiqarish loyihalari o‘z faoliyatini boshladi va jami ishga tushirilgan loyihalar hisobiga viloyatda 7 ming 540 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, 75 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratildi. Mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 69 ta loyiha doirasida 357 mlrd. so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish hisobiga (prognoz 105,8%), 4 mln 500 ming AQSH dollar miqdorida valyuta mablag‘lari tejab qolindi.
 
Keyingi yo‘nalish, respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish borasida mustahkam huquqiy asos yaratilganligi hamda Prezidentning “2021 yil - Qashqadaryoda tadbirkorlikni rivojlantirish yili” deb e’lon qilganlari natijasida viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlari soni 61 ming 512 taga, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 69 foizga, (2020 yil yakunida 60,1%), sanoatda 25 foizga, xizmat ko‘rsatishda 75 foizga, byudjet tushumidagi ulushi esa 58 foizga yetkazildi. Tadbirkorlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab quvvatlash maqsadida, Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha 25 325 ta loyihaga 641 mlrd. so‘m kreditlar ajratildi. Natijada, viloyatda 28 ming nafar aholining bandligi ta’minlangan.
 
Ta’kidlash joizki, iqtisodiy o‘sishining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri davlatning eksport salohiyati hisoblanadi. Shu munosabat bilan, eksportni qo‘llab-quvvatlash borasida ham viloyatda talaygina ishlar amalga oshirildi. Buning hisobiga viloyatda bugunga qadar 209 mln. dollarlik sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti yo‘lga qo‘yildi. Yil oxiriga qadar jami eksport hajmini 215 mln 300 ming dollarga yetkazishni va o‘tgan yilga nisbatan 166 foiz o‘sishga erishish rejalashtirilgan.
 
 
Uy-joy bilan ta’minlash dasturi doirasida 2021-yilda aholini arzon va sifatli 2 960 ta xonadonli 84 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish ishlari boshlanib, hozirgacha 1 792 ta (51 %) xonadon foydalanishga topshirilgan va qolgan 1 693 ta (49 %) xonadon esa yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi. 
 
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 26 ta qishloq va 4 ta mahallada 1 099 ta ob’yektda 498 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilgan. Jumladan, 2 047 ta yakka tartibdagi uy-joylar hamda 15 ta ko‘p xonadonli uy-joylar ta’mirlanib, atrofi obodonlashtirildi, 409,3 km ichimlik suvi, 216,5 km elektr tarmoqlari va 515,4 km yo‘llarda ta’mirlash ishlari bajarildi, 1 074 dona gaz balloni aholiga yetkazib berildi, 82 ta ijtimoiy soha hamda 170 ta bozor infratuzilmasi ob’yekti yangidan qurilib, ta’mirdan chiqarilgan. Shu bilan birga, viloyat hududidagi mavjud 18 ming 548 km ichki avtomobil yo‘llarining 47 foizi yoki 8 ming 668 km ta’mirga muhtojligi davlat rahbarining e’tiborlari tufayli byudjetdan ajratilgan 329 mlrd 500 mln so‘m mablag‘lar hisobidan 965 km yo‘llar va 33 ta ko‘priklarda qurilish hamda ta’mirlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, aholini ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 398 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlanib, qamrov darajasi 49 foizga yetkaziladi. Viloyatda elektr energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida joriy yilda 1 500 km elektr uzatish tarmoqlarida va 400 dona transformator punktlarida qurilish va modernizasiya ishlari amalga oshirilishi hisobiga 479 ta mahalladagi 271 ming aholi xonadoniga yetkazib berilayotgan elektr energiya sifati yaxshilangan. Xuddi shunday, gaz ta’minotini yaxshilash uchun  5 km gaz tarmog‘i yangidan qurilib, 16 km gaz tarmog‘i mukammal va 76 ta gaz taqsimlash shaxobchasi joriy ta’mirlangan, 1 074 ta maishiy gaz ballonlar aholi xonadonlariga yetkazib berilgan. Bundan tashqari, iste’molchilarga 113 ming 135 ta elektron gaz hisoblash uskunalari o‘rnatilgan.
 
 
Investitsiya dasturiga ko‘ra qurilish ishlari olib borilgan 299 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yektlaridan, joriy yilda ishga tushirish rejalashtirilgan 252 ta ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yekti to‘liq foydalanishga topshirilib, qolgan 47 ta ob’yektda qurilish ishlari davom etmoqda. Xususan, qariyib 800 mlrd.so‘m mablag‘ hisobiga jami 781 ta maktab ta’mirlandi, shundan 98 ta maktab binosi yangidan qurilgan. 
 
Qishloq xo‘jaligi sohasi viloyatni asosiy tayanch tarmog‘i hisoblanadi, joriy yilda bu sohada ham katta amaliy ishlar amalga oshirilib natijada tabiatning 2021-yildagi qiyinchilik va iqlim o‘zgarishlariga qaramasdan viloyat bo‘yicha 686 ming 600 tonna g‘alla, 393 ming 500 tonna paxta, 399 ming 700 tonna sabzavot, 147 ming tonna kartoshka, 158 ming tonna poliz mahsulotlari, 140 ming tonnaga yaqin meva, 2 ming 142 tonna pilla, 223 ming 700 tonna go‘sht, 883 ming tonna sut, 347 mln 500 ming dona tuxum tayyorlashga erishildi. Viloyat bo‘yicha jami 20 trln 760 mlrd. so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilib, 40 mln. AQSH dollari miqdoridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilindi.
 
Yana bir jihat, ijtimoiy himoyaga muxtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ham qator amaliy ishlar olib borilgan. Jumladan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”lari joriy qilinishi hisobiga og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 55 381 nafar fuqaroga 83 milliard. so‘mlik turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatildi. Xususan: “Temir daftar”da turgan 13 mingga yaqin kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan 22 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, ushbu daftardagi 11 ming 686 ta oilalarning 25 ming 176 nafar 18 yoshga to‘lmagan bolalarga 12 mlrd. 588 mln so‘m bir martalik yordam ko‘rsatildi. “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi doirasida 71 mingdan ziyod xotin-qizlarga 25 mlrd. so‘mlik manzilli yordam ko‘rsatilgan.
 
Sessiya davomida viloyat hokimi tomonidan boshqa qator sohalar bo‘yicha ham 2021-yilda amalga oshirilgan loyihalar va ishlar bo‘yicha ma’lumotlar berib o‘tildi va kelgusi 2022-yil davomida qilinishi lozim bo‘lgan aniq rejalar haqida ta’kidlandi.
 
Jumladan, yalpi hududiy mahsulot 106,5 foizga, sanoat mahsulotlari hajmi 106,8 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 103,4 foizga, xizmat ko‘rsatish hajmi 122 foizga o‘sish ta’minlanadi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 104,2 foizga oshiriladi va 13 mln 938 ming so‘mga yetkaziladi. Soliq bazasini kengaytirish hamda soliqlarni yig‘uvchanligini oshirish orqali byudjetga 3 trln 677 mlrd 500 mln. so‘m tushum ta’minlanadi. Xizmatlar sohasida viloyat hududidan o‘tadigan xalqaro hamda respublika ahamiyatidagi yo‘llarning 522 ta (21,7 ga) yer maydonlarida savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
 
Viloyatda 105 mingdan ortiq aholi bandligini ta’minlanadi. 92 ta mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlari ish boshlaydi. Ehtiyojni hisobga olgan holda birinchi navbatda, Gʻuzor, Muborak, Mirishkor, Koson tumanlarida kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etiladi. Qarshi tumanida Hunarmandchilik markazini, Kasbi tumanida “Kulolchilik markazi”ni tashkil etish, Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydoni Chorsu bozori binosida kashtachilik, atlas, adras, a’lo baxmal to‘qishni o‘rgatadigan “Hunarmandlar markazi” tashkil qilish va yoshlarni o‘qitish kelgusi yil rejasiga kiritilgan bo‘lib,  hunarmandchilikni rivojlantirish uchun 45 mln. dollar imtiyozli kreditlar ajratilishi ko‘zda tutilgan.
 
Viloyat hududlarini jadal rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 49,3 trln. so‘mlik 748 ta hududiy hamda umumiy qiymati 162 mln. dollar bo‘lgan 98 ta xorijiy investisiya loyihasi amalga oshiriladi. Viloyatda eksport hajmi 1,4 barobarga oshirilib 238 mln.  dollarga yetkaziladi. Bunda, eksport tarkibida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushini 45 foizdan oshiriladi, eksportchi korxonalar soni 2 barobarga ko‘paytiriladi.
 
Transport va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida, barcha manbalar hisobidan yo‘naltiriladigan 211 mlrd. so‘m mablag‘lar evaziga 680 km uzunlikdagi ichki yo‘llar va ko‘chalar hamda 10 ta ko‘prik ta’mirlanadi. Qarshi shahridan, Qarshi tumani Qovchin qishlog‘ida joylashgan “Abu Muin An-Nasafiy” ziyoratgohida boradigan 30 km yo‘l zamonaviy loyiha asosida rekonstruksiya qilinadi. “Uzbekistan GTL” zavodi uchun Nishon-Kengsoy stansiyalari oralig‘ida 1,5 km aylanma temir yo‘l quriladi.
 
Koson tumani “Do‘stlik” mahallasida 30 ta va Yakkabog‘ tumani “Ayg‘irko‘l” mahallasida 25 ta ko‘p xonadonli uy-joylar, 5 ta ijtimoiy soha ob’yekti quriladi. Ushbu ob’yektlar uchun 4 km ichimlik suvi tarmog‘i, 4 dona suv inshooti, 5 km oqova suv tarmog‘i, 2 dona lokal tozalash inshooti va 900 metr yo‘l quriladi, 1 km elektr, 3 km aloqa va 800 metr tabiiy gaz tarmog‘i tortiladi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 26 ta qishloq va 4 ta mahallaning arxitektura qiyofasi tubdan yaxshilanib, hududlari obodonlashtiriladi hamda aholi turmush darajasi oshirish uchun barcha manbalar hisobidan ajratiladigan 463 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
 
Qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish maqsadida, foydalanishdan chiqqan 17 ming 700 gektar yer maydonlari o‘zlashtirilib meva-sabzavotchilik va chorvachilik uchun talabgorlarga ochiq tanlov asosida ajratiladi. 10 ming 234 gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga 0,50 gektardan 1 gektargacha uzoq muddatli ijaraga beriladi. Bunda, yer maydonlarini birinchi navbatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga, shuningdek tomorqadan samarali foydalangan aholiga ustunlik beriladi.
 
 
Sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, 2 ta oilaviy poliklinika va 9 ta shifokorlik punkti tashkil etiladi, 13 ta tibbiyot muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot, perinatal, skrining va reproduktiv salomatlik markazlari hamda tug‘ruq kompleksi birlashtirilib, “Ona va bola” tibbiyot klasteri tashkil etiladi. Shahrisabz, Gʻuzor va Kasbi tumanlarida qo‘shma jarohatlar va qon-tomir kasalliklari bo‘limlarini tashkil qilinadi hamda onkologik kasalliklarni erta aniqlash uchun 40 yoshdan oshgan 132  ming ayollar skrining tekshiruvidan o‘tkaziladi.
 
Ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishda 2022 yil 3-7 yoshdagi bolalar qamrovni 50,6 foizdan 56 foizga yetkazish bo‘yicha viloyatning manzilli dasturi ishlab chiqilgan va unga ko‘ra, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini yangidan qurish hisobiga 3 476 nafar, 19 ta davlat MTTlarini rekonstruksiya qilish hisobiga 960 nafar, 23 ta davlat-xususiy sherikchilik MTM faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 2 400 nafar, 300 ta yangi tashkil qilinadigan oilaviy nodavlat MTTlari hisobiga 7 500 nafar bolalar qamrab olish prognoz qilinmoqda.
 
Jamiyatda ayollarning rolini oshirish hamda yoshlar bilan ishlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish masalalarida: 
 
100 nafar uy-joyga muhtoj, qiyin ahvoldagi, boquvchisini yo‘qotgan, xotin-qizlar imtiyozli uy-joylar bilan ta’minlanadi;
 
9 540 nafar kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga moddiy yordam ko‘rsatiladi;
 
9 240 nafar xotin-qiz bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi;
 
9 540 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bo‘lgan ayollar reabilitasiya texnik vositasi bilan ta’minlanadi;
 
13 760 nafar ayollarga ma’naviy, psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
 
Viloyat yoshlari o‘rtasida madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari, hududiy madaniyat markazlarda havaskor yoshlar teatr studiyasi tashkil etiladi. “Workout” va “streetball” maydonchalari viloyat, shahar va tuman markazlarida hamda 200 ta MFYlarda tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, mahallalarda “Eng yaxshi kitobxon”, “Eng yaxshi kitobxon mahalla”, “Ona bola kitobxon” ko‘rik-tanlovlarini tashkil etiladi va ularga 6 ming nafar yoshlar jalb etiladi. Gʻuzor tumanida innovasion yoshlar markazi tashkil etiladi.
 
Shuningdek, 73 ming nafar yoshlarning bandligi ta’minlanib, 5 ming 600 nafar yoshlarga 250 mlrd so‘m miqdordagi imtiyozli kreditlar, 8 ming nafariga “Yoshlar daftari” va bandlik jamg‘armasi hisobidan 12,6 mlrd.so‘m subsidiyalar ajratiladi hamda 16 ming nafar yoshlarga qishloq xo‘jaligi yer maydonlari ajratib beriladi va 60 ming nafar yoshlar sportga, 70 ming nafari madaniyat hamda san’atga, 20 ming  nafari harbiy vatanparvarlik festivallari, aksiyalarga jalb etiladi.
 
 
Murojaat so‘ngida viloyat faollari, deputatlar va tadbirkorlar, jurnalist hamda blogerlarning tajribasi, salohiyati, maslahat va ko‘maklari hamda qo‘llab-quvvatlashi evaziga katta marra va maqsadlarni birgalikda amalga oshirish orqali xalq ishonchini oqlash Murodjon Azimov tomonidan ilgari surildi.
21-12-2021 |
Foto galereya