Ayni kunda Qashqadaryo viloyatida 22 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari farzandlari va nevara-chevaralari og‘ushida farovon umrguzaronlik qilib kelmoqda.

5 maydan 7 mayga qadar viloyatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida prezident farmoniga muvofiq urush faxriylari va nogironlari holidan xabar olindi. Viloyat rahbarlari va jamoatchilik urush faxriylari xonadonlarida bo‘lib, Prezident tabrigi, pul mukofoti va homiylarning sovg‘alarini yetkazdi. 

Qarshi shahri Komilon mahallasida yashovchi Axmat ota Jalilov o‘zining 96 yoshini qarshi olgan. Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev faxriyning xonadonida bo‘lib Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.

- Urushga ketishdan avval hozirgi “Qashqadaryo viloyat teatri”da aktyor bo‘lib ishlaganman, – deydi Axmat ota. – Urush boshlangach, ko‘pchilik yurtdoshlarim qatori men ham frontga ketdim. U yerda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Urushda qanchadan-qancha insonlar ko‘z o‘ngimda halok bo‘lishdi. Bugungi dorilamon kunlar va ko‘rsatilayotgan eʼtibordan mamnunman. Umrim uzoqligi ham shundan bo‘lsa kerak. Ilohim, xalqimiz hech qachon urush ko‘rmasin.

Har bir urush qatnashchisi xonadoniga viloyat tashkilotlari rahbarlari, tuman-shahar hokimlari biriktirilib, ularning salomatligi va xonadonlari obodligi ishlarida ko‘makdosh bo‘linmoqda.

Avvalroq, Dehqonobod tumanida yashovchi 99 yoshli 2-jahon urushi qatnashchisi Abdulhakim bobo Jabborovga Prezident nomidan maxsus sovg‘a va 12 mln so‘m pul mukofoti topshirilgani, bundan tashqari hokimlik keksa “veteran”ning uyini taʼmirlash uchun qo‘shimcha 20 mln so‘m ajratgani xabari berilgan edi. Shuningdek, viloyatimizdagi eng yoshi ulug‘ faxriy Qamashi tumanida istiqomat qiladi. Ro‘ziboy bobo Sattorov 112 yoshda. 

7 may kuni Qarshi shahri Mustaqillik shohko‘chasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugning harbiy bo‘linmalariga yangi zamonaviy texnikalar topshirish marosimi o‘tkazildi.

Bayram arafasida tashkil etilgan tadbir doirasida harbiy qismlarning vakillariga noqulay yo‘l va hududlarda ham bemalol harakatlanish hususiyatiga ega bo‘lgan 100 dan ortiq KamAZ 43118 6x6 va KamAZ 4326 4x4 rusumli bortli tentli avtofurgonlar topshirildi. “Uz AutoTRAILER” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur avtomobillar harbiy xizmatchilar shaxsiy tarkibi va yuklarni tashish hamda turli texnika va qurol-aslahani shatakka olgan holda ko‘chirish uchun mo‘ljallangan. Yo‘ltanlamas avtofurgonlar harbiy xizmatchilar va yuklarni yomg‘ir, qor, quyosh, shamol va changdan ishonchli himoya qiladi.

Yangi harbiy texnikani topshirish marosimi doirasida Mustaqillik maydoni yaqinida dala chodirlari tiklanib, qurol-yarog‘lar va maxsus aloqa vositalari ko‘rgazmasi uyushtirildi. Tadbir ishtirokchilari harbiylarning dala oshxonasida pishirilgan taomlarni taʼtib ko‘rishdi.

Shuningdek, Milliy gvardiyaning viloyat Qo‘riqlash xizmati boshqarmasiga 10 ta “Neksiya 3” rusumli xizmat avtomobillari topshirildi.

Viloyat Yoshlar agentligi va Yoshlar ittifoqi viloyat bo‘limi faollari hamda ko‘ngillilar milliy bayrog‘imiz ramzi tushirilgan “Sharaf lentasi”ni aholi vakillariga ulashish aksiyalarini butun viloyat bo‘ylab tashkil etmoqda.

Shu kuni Toshkent shahridagi "G‘alaba bog‘i"da o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbirida ishtirok etuvchi 4 nafar faxriylarimiz poytaxtga kuzatildi. Qahramonlarni viloyat hokimi boshchiligidagi rahbarlar va keng jamoatchilik "Qarshi temir yo‘l" vokzalidan Toshkent shahriga kuzatib qo‘ydi.

Maʼlumot uchun, viloyatda 9 may kungi bayram tadbirlarida Qarshi shahridagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilishi nazarda tutilgan.

Ahror Sodiqov,

viloyat hokimligi Axborot xizmati rahbari.

08-05-2021 |
Foto galereya