Farzandlar quchog‘ida, oila davrasida yana bir kun boshlandi. Muborak bо‘lsin! Dasturxon tuzab, bir pasdan sо‘ng о‘g‘il-qizlarni yoningizga olib nonushta qilish istagidasiz. Chaqqon unnashingizdan bilyapmanki, ulgurish kerak.

Soat 8.30 da uyimizdagi maktab ishini boshlaydi. Qaysi sinfning darslari qachon ekanini ota-onalar yod bilib oldi. Tо‘g‘risi, bog‘cha, maktab ishidan-da mas’uliyatli va muhimi maroqli yumushning о‘zi yо‘q. Zalvorini-ku aytib о‘tirmayman. Mashhur latviyalik shoir Raynis aytganidek: avvaliga biz bolalarimizga о‘rgatamiz, sо‘ngra о‘zimiz ulardan о‘rganamiz. Kimki buni xohlamas ekan, о‘z davridan orqada qoladi. Ha, deyarli bir necha haftadirki, buni yanayam anglamoqdamiz. Shu paytga qadar, “Ona, mana bu savolni javobiga yordam bering?”, degan murojaatga “Ana ustozingga telefon qil, aytadi”, derdik sovuqqonlik bilan. “Dada, matematikadan misol ishlashim kerak?”, ilinj bilan boqqan qizimizga: “Matematika? Ana telefonda kalkulyator bor-ku, shuniyam bilmaysanmi?”, deya javob berganmiz. Mukkasidan ketganlar uchun vaqt о‘g‘risi, munosabatlar kushandasi bо‘lgan telefonga bog‘lanishning oqibatlari emasmidi, bu?

Bugun esa... Uyimiz balki о‘zi tordir, ammo darslarning ovozi, о‘qituvchilar bilan onlayn qilinayotgan muloqotlar xonadonlarni katta, keng qilayotgani rost. Oila, ta’lim maskani hamkorligi naqadar natijador ekani tobora ayon bо‘lmoqda. Uyda о‘tirib ota-onasi bilan birgalikda ijod qilayotgan о‘g‘il-qizlarning ishini, mehnati namunalarini kuzatib shunday xulosaga kelmoqdamiz. Ular orasida onlayn-tanlovlarda ishtirok etib, sovrindor bо‘lganlari ham bor. Farzand telefonning imkoniyatlarini bilmoqda. Onlayn-olimpiada, onlayn-tanlovda ishtirok etish uchun qulay vosita ekanini kо‘ryapti.

Qizim, bu tashvish sinamoqda har birimizni. Muhimi, ishlar tо‘xtab qolgani yо‘q, davom etmoqda. Onlayn-tо‘lovlar, xaridlar, onlayn-muloqot, onlayn-saboqlar, endi rahbarlar ham aholini onlayn qabul qilmoqda. Prezidentimiz Oliy Majlisga murojaatnomasida raqamli iqtisodiyotga о‘tamiz, bu – davr talabi degan edilar. Zamin bor ekan-da. Bugun qancha mablag‘, qancha sarf-xarajat evaziga bu ishlar mana shu tashvishli kunlarda tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda. Osonmas, ammo qilib berilyapti, bu – nimadan, davlatning qudrati, salohiyatidan – deydilar dadam, mehnat faxriysi Arslon Aminov telefon orqali suhbatda. – Men televizordagi darslarni kuzatyapman. О‘qituvchilarning madaniyatiga, ularning vaqtdan unumli foydalanib saboq berayotganiga, buning uchun yaratilgan shart-sharoitga qoyil qolib о‘tiraman-da. 30 martdan 3 aprelga qadar 400 ta dars efirga uzatilibdi, yana uch tilda. Kuniga 100 ta dars degani, bu. Davlat bо‘lib, millat bо‘lib shakllanganimiz shu paytlarda kо‘rinadi. Axir shu televizorda tinmay konsertmi, kinomi qо‘yib qо‘ysa ham, bо‘laverardiku, tо‘ldirish uchun. Qaragin-da, hukumat bor imkoniyatni ishga solmoqda. Maktab, bog‘cha darslari berilyapti. Endi g‘amxо‘rlik, erta uchun qayg‘urish bu... Tashvishli damlarda doim bir-biriga yelkadosh bо‘lgan, yengib kelgan xalqmiz. Bunga tarix guvoh. Xavotirlanma, hammasi ortda qoladi, nasib...

Karantin bois bir necha haftadirki, suhbat telefonda kechadi. Gapimiz tugar tugamas, kо‘ngil bir muhtojlik sezadi. Diydorga yetmaydi-da, shuning uchun yana dilni yoritadigan hikmat qidirasan, mana u...

“Dars va tarbiya orasida biroz farq bor bо‘lsa ham, ikkisi bir-biridan ayrilmaydigan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidir”. Tarbiyaning hikmatxonasi bо‘lgan Abdulla Avloniy ijodidan bu kabi purma’no sо‘zlarni kо‘plab keltirish mumkin.

“О‘quvchilarimni sog‘indim, judayam sog‘indim. Ularning egri-bugri yozgan harflarini tо‘g‘rilayotganimda beg‘uborlik bilan qarab turganlarini, о‘rganishga bо‘lgan ishtiyoqini kо‘z oldimga keltirsam bormi? Muqaddas degan sо‘z doimo maktab bilan birga aytiladi, boisini tushungandek bо‘lyapman. Buni vujudi, butun borlig‘i bilan о‘qituvchi bо‘lgan kasb xodimlari biladi, opa”, – deydi Qarshi shahridagi 11-umumiy о‘rta ta’lim maktabi о‘qituvchisi Mohidil Meyliyeva. – Bо‘r bilan doskaga yozish, jajji qо‘lchalardan ushlab о‘rgatish... buni hech narsa bilan tenglab bо‘lmaydi-da. Tezroq о‘tsin, bu kunlar. Yana maktablarimiz о‘quvchilar ovoziga tо‘lsin.

Oziq-ovqat dо‘koni yonidagi “Kitoblar” bо‘limi ishlab turibdi. Kuzatdim, о‘rta yoshdagi uch kishi navbati bilan kitoblar xarid qilishdi. Qorin tashvishidan ortib kitobga murojaat etishning ortida yaxshilik bor. Xonadonga ziyo olib borish niyati mujassam. Karantindagi zerikishga mutolaa gо‘zal yechim ekanini anglaganlarning soni ortmoqda. Aytishadi-ku, boshga tashvish tushganda dо‘st yoningda turadi, deb. Tо‘g‘ri yо‘lni kо‘rsatib, sodiq dо‘st bо‘lib kitob tursa, zulmat yorishadi, tashvishlar ariydi. Muhimi tafakkur boyiydi, bu esa saboq bо‘lib, farzandga, nevaraga о‘tadi.

Mamlakatda sinovli kunlar kechayotgan bir damda kundalik yumushi, chora-tadbir-u, xayr saxovat amali bilan hissa qо‘shayotgan, tashabbuskor bо‘layotgan о‘tyuraklilar oldida bir hisni tuyasan. Birodarlik! U tanishmi, notanishmi, dо‘stmi, dushmanmi – tani-joni sog‘ bо‘lishi, virus yuqtirmasligi uchun dildan kuyinadi. Bu baloni yengish va ishda ham, mehnatda ham, tajriba-yu fazilatda ham о‘rnak bо‘lish xohishi bо‘y-basti bilan о‘zini kо‘rsatadi. Karantin hududidan qochib ketib, о‘zi emas bolasiniyam salomatligini xavfga qо‘ygan er-u xotin yoki olib kelingan oziq ovqatni “men buni bolalarimga yedirmayman”, deb nopisand bо‘layotgan ayolgina haqida о‘qib millatga baho bermang. Bо‘ladi, unaqalar ham uchrab turadi, besh barmoq barobar emas-ku. Xayr saxovat ishlariga baholi qudrat hissa qо‘shib, ismini oshkor etmayotgan, kimnidir mushkulini oson, yukini yengil qilayotgan savobtalablar uchun hamisha qо‘lim kо‘ksimda.

Tahlikali kunlarni bahamjihat yengish uchun bir oila egasi bо‘lgan ota-onadan qanchalik mas’uliyat talab etilayotganini his etyapmiz. Endi katta oila – О‘zbekiston uchun tinmay jon kuydirayotgan, fuqarolarning sog‘ligi, xavfsizligi, tinchligini saqlash, о‘zga yurtda darbadar bо‘lmasligi yо‘lida qayg‘urayotganlarga qanchalik mushkul ekanini bilyapsizmi? Axir bu kabi sinovli kunlardan xalqimizni eson-omon, betalofat olib chiqishni о‘ylash, shuni orasida iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hamda ijtimoiy masalalarni ortda qoldirmay barobar olib borishning yuki oson emas. Mana shu ishga hissa qо‘shish uchun– tibbiyot xodimlarining kо‘rsatmalariga amal qilish, huda-behuda kо‘chaga chiqmaslik, uyda farzandlar ta’lim-tarbiyasiga yanada e’tiborli bо‘lish vazifasi ilgari surilmoqda, xolos. Bu aslo qiyin emas. Qay tomonga boqsangiz bugun shu yozuvga, da’vatga kо‘zingiz tushmoqda: “#Uyda qoling!”

Albatta, uyda qoling! Siz О‘zbekistonga sog‘lom kerak ekanligingizni unutmang.

Ziyoda AMINOVA,

jurnalist

 

09-04-2020 |
Foto galereya