So‘lim va betakror tabiatga ega bo‘lgan Shahrisabz tumanining "Lochin" bolalar dam olish oromgohi tuman yoshlarini birdamlikka chorlovchi, vatanni sevishga va ularni ma’naviy jihatdan yetuk hamda komil inson etib tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan "Mahalla yetakchisi - Yangi O‘zbekiston islohotchisi" shiori ostidagi yoshlar bayramiga mezbonlik qildi.
 
 
Viloyat sektor rahbarlari ham ishtirok etgan festival avvalida tumandagi 57 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish boshlagan yoshlar yetakchilarining ish samaradorligini oshirish maqsadida ularga zamonaviy kompyuter jamlanmalari taqdim etilgan bo‘lsa, yana 37 nafar turli ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlarining o‘quv-shartnoma pullari to‘lab berilgani to‘g‘risidagi sertifikatlar ham topshirildi.
 
 
Shuningdek, o‘tkazilgan sport musobaqalari, yoshlar ijodiga oid namumalar, milliy raqs va navolar, yosh chempionlarning chiqishlari, harbiy-vatanparvarlik va turli ko‘rgazma hamda "Rahbar va yoshlar" uchrashuvlari barchaga birdek xush kayfiyat ulashib, sumalak sayli, milliy va bahoriy taomlar namoyishi festivalga yanada o‘zgacha mazmun bag‘ishladi.
 
 
 
 
Kechgi dasturlarda barchani gulxan atrofida birlashtirgan festival yurtimizning yorqin va taniqli estrada yulduzlari Mahmud Nomozov va Alijon Isoqovlar ishtirokida konsert chiqishlari bilan davom etdi.
 
28-02-2022 |
Foto galereya