Aslida qanday bo‘lgan?
 
Qarshi "Muruvvat" nogironligi bo‘lgan bolalar internat uyida aqli zaifligi o‘ta og‘ir va chuqur darajadagi nogironligi bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi. O‘zbekiston Pespublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yildagi 575-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan ishlar olib boriladi. Muassasada malakali psixoterapevt vrachlar faoliyat olib boradi. Bolalarga psixotrop dori vositalari bolalar psixiatri tomonidan tavsiya qilingan davo muolajalari yordamida tibbiy davolash usullari qo‘llaniladi.
 
Video bo‘yicha ba’zi holatlarga raddiya:
 
Birinchidan, qo‘li bog‘lanish holati.
 
Bemor bola ruhiy affekt holatida o‘ziga va atrofdagilarga nisbatan ehtimoliy havfli harakatlar qilishi mumkin. Oqibatda o‘ziga va atrofdagilarga tan jarohati yetkazishi mumkin. Shu sababli mutaxassis vrach tavsiyasiga ko‘ra qattiq nazorat o‘rnatiladi, dori vositalari ta’sir qilgunga qadar ijtimoiy havfli harakatlarni oldini olish maqsadida mavjud tinchlantiruvchi ko‘ylak kiydirib qo‘yiladi, uzog‘i bilan 2 soat. Ushbu holat psixatriya qonunchiligiga ko‘ra vaqtinchalik fiksasiya deb ataladi.
 
Ikkinchidan, bola qo‘lidan ovqat olinishi holati.
 
Ma’lumot yuzasidan aytish mumkinki, ruhiy xasta bola to‘qlik hissini bilmaydi va shuningdek, u boshqa bolaning ovqatini olib yeyishni boshlaydi. Videoda aks etilgan holat yuzasidan aytish mumkinki, to‘qlik hissini bilmagan bola qo‘lidan ovqat olinib qo‘yilgan. 
 
Lavhadagi tarbiyalanuvchi bolaning qo‘lidan olib qo'yilgan kosa, aslida shu bola tomonidan boshqa boladan olib qo‘yilganligi sababli o‘z egasiga qaytarilgan.
 
Uchinchidan, bola xonada yolg‘iz uxlab qolish holati.
 
Ma’lumki, har qanday bola o‘z uyida ham aniq bir joyda emas, boshqa joylarda uxlab qoladi va ona o‘z bolasini joyiga yotqizib qo‘yadi, ushbu videodagi holatda esa bola ruhiy holatda shu yerda uxlab qolgan va bu holat vaqtinchalik, keyinchalik tarbiyachilar tomonidan o‘z joyiga o‘tqaziladi.
 
To‘rtinchidan, yotog‘iga bog‘langan bola.
 
Bola ko‘ziga va burniga qo‘lini tiqishi, tirnog‘ini tishlashi, burnini qonatish holatlari mumkin bo‘lgan holatlarda psixatriya qonunchiligiga ko‘ra vaqtinchalik fiksasiya holatida bolani 2 soatgacha bunday saqlanish qonunchilikka ko‘ra tasdiqlangan.
 
Beshinchidan, bolalar erkin harakatlanish huquqiga ega. 
 
Muruvvat uyida bolalar siquv holatida tarbiyalanmaydi, ular videoda qarovsizdek ko‘rinishi mumkin ammo xonada tarbiyachi bor va ular bolalarning erkin harakatlanishiga imkon yaratilgan.
 
Har bir ruhiyatida nuqsoni bo'lgan bolani nazorat qilish juda og‘ir, bir necha daqiqa qarovsiz qoldirsangiz o‘ziga va boshqalarga nisbatan tojovuz ehtimoldan holi emas. Shunday ekan bu bolalar umuman qarovsiz koldirilmaydi.
 
O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-maydagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi 690-sonli Qonunining 13-moddasida Ruhiy holati buzilgan shaxsga tashxis qo‘yish, uni davolash va reabilitatsiya qilish uchun qonunchilik bilan ruhsat etilgan usullar, shuningdek belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar qo‘llaniladi.
 
Nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari og‘ir psixologik holatda bo‘lgan bolalariga o‘zlari qarash imkoniyati mavjud emas. Ba’zi ota-onalar davlatimiz tomonidan nogironligi bor oilalarga imtiyozli uy-joy, nafaqa tayinlanishiga qaramay ularga g‘amxo‘rlik qilishdan voz kechishgan. Chunki bu bolalar doimiy psixiatr vrach nazoratida bo‘lishi kerak. Ba’zi ruhiy nosog‘lom bolalar o‘zini o‘zi urish, sochini, yuzni yumdalash, o‘z axlatini yeb qo‘yish kabi holatlar uchraydi. Bunday bolalar bilan ishlash juda qiyin va uzoq muddatli muolaja talab etiladi.
 
Lavhalar haqida o‘z fikrini bildirgan vrach psixiatr emas balki pediatr bo‘lib ruhiy xastalikka chalingan bolalar bilan ishlash qanchalik og‘ir ekanligini shu kabi muassasalarda ishlayotgan tibbiyot xodimlaridek bilmasligi sababli xodimlarni harakatlarini noto‘g‘ri baholagan. Bolalarni xo‘rlash, urish, ustidan kulish holatlari kuzatilmasada bo‘rttirib salbiy izohlangan. Bu kabi fikrlarni bildirishdan oldin ushbu bo‘limlarda kamida bir soat bo‘lib, shundan so‘ng fikr bildirsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
 
Har bir xonada kuzatuv kameralari borligini bilgan xodimlar bolalarga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lishdan ancha yiroqda va xodimlar o‘z ishlariga nisbatan mas'uliyatsiz bo‘lsalar kameraga tushishlarini hamda bu uchun ularga nisbatan amaldagi mehnat qonunchiligida belgilangan intizomiy choralar ko‘rilishi hattoki mehnat shartnomalari bekor bo‘lib ishdan xaydalishlari mumkinligini bilishadilar. Shunga ko‘ra xodimlar tomonidan ularga nisbatan qo‘pollik ishlatilmagan.
 
Shunday bo‘lishiga qaramasdan Qarshi Muruvvat uyida tarbiyalanayotgan va davolanayotgan bolalar uchun sport, san’at kabi to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ko‘pgina ijobiy natijalar qo‘lga kiritilgan. Bundan tashqari rassomchilik, to‘quvchilik, tikuvchilik, zardo‘zlik kabi to‘garaklar ham tashkil etilgan bo‘lib, bolalarga hunar o‘rgatib kelinmoqda.
 
Qolaversa, Chet davlatdagi (Moskva) Endokrinolog-pediatr vrach bu holatlarga izoh berishi tushunarsiz. Bolalar vrach psixiatri bu holatga izoh bersa tushunish mumkin edi.
 
O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 7-yanvardagi “Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risida”gi 139-sonli Qonunining 10-moddasiga ko‘ra har bir bola erkinlik, shaxsiy daxlsizlik, turar joyi daxlsizligi va xat-xabarlarini sir tutish huquqiga ega.
 
Har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega.
 
"Ozodlik radiosi" internet nashri vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan Davlatimiz siyosatiga zid bunday holatlarni olib chiqishi jurnalistik prinsipiga zid deb baholaymiz.
 
 
 
                                                                                                                                 Qashqadaryo viloyati Tibbiy
                                                                                                                                 ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish
                                                                                                                                 boshqarmasi boshlig‘i
                                                                                                                                 Sh.Q.Haydarova
10-02-2022 |
Foto galereya