Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar! Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari! Soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylar, jurnalist va blogerlar!

Fursatdan foydalanib barchangizni 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni tahliliy yoritish, aholini axborot, informatsiyaga bo‘lgan talabini qondirish, joylardagi voqelik, muammolarni dadillik bilan olib chiqish yo‘lida jonkuyarlik ko‘rsatayotgan soha vakillariga o‘zimni chuqur ehtiromimni bildiraman. Mashaqqatli va sharafli kasbingiz ortidan hamisha eʼzoz topishingizga tilakdoshman.

Bugun dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bir paytda, jamoatchilik fikrini shakllantirish, g‘oyaga qarshi g‘oya bilan kurashish pallasida raqobat keskin tus olmoqda. Jahonda turli sinovlar, pandemiya sharoiti, keskin vaziyatlar kechayotgan murakkab sharoitda hayot yangi-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.

Yurtimizda keyingi to‘rt yil ichida qo‘lga kiritilgan yutuqlar sirasiga so‘z erkinligi, oshkoralik, shaffoflikni taʼminlash borasidagi ishlarni kiritishimiz mumkin. Matbuot va ommaviy axborot vositalari yon atrofimizda ro'y berayotgan yangilanish jarayonlarini tahlil qilish, yoritish bilan bir qatorda joylarda yechimini kutayotgan ijtimoiy muammolar, kamchiliklarga davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini jalb etayotganini alohida aytib o‘tish kerak. Yangilanayotgan O‘zbekistonning taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda axborot xizmatlari faoliyatini joriy etish va takomillashtirishga asosiy masala sifatida qaralayotgani – bu avvalo davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlamoqda. Bugun rahbar xodimlar matbuot bilan ishlashning afzalliklarini sezib hamkorlikda samarali ish olib borishmoqda. Matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etilmoqda, hayotimizdagi muammo va hodisalarga tezkor munosabat bildirilmoqda, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil messenjerlardagi sahifalar orqali odamlarga tezkor maʼlumot berilmoqda. Soha xodimlarining shijoatli, dadil va muhimi xolis bo‘lishi, nafaqat o‘zbek tilini, balki xorijiy tillarni bilishi qanchalar muhim ekani namoyon bo‘lmoqda.

Bugun Qashqadaryoda davlat ro‘yxatidan o‘tgan bosma OAV soni 46 ta bo‘lsa, ularning 16 tasi davlat nashrlari, 25 tasi esa nodavlat bosma nashrlardir. 5 ta jurnal, 2 ta televideniye, 2 ta radio ishlab turibdi. Keyingi yillarda viloyatda bolalar uchun mo‘ljallangan gazeta va jurnallar chop etishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ayni kunda vohada 50 dan ortiq mustaqil blogerlar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ularning 12 tasi kuzatuvchilarining ko‘pligi va faolligi bilan ajralib turadi. O‘zbekistonda ilgari surilgan ochiqlik siyosati, so‘z va matbuot erkinligini taʼminlash yo‘lidagi saʼyi harakatlar bois bugun bu tizim jamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamlab oldi. Xalq ishonchini qozonmoqda. Viloyatda faol blogerlar sinfi shakllanayotgani va ular tomonidan o‘tkir, hayotiy mavzular ko‘tarib chiqilayotgani, muammolar joyida bartaraf etilayotgani quvonarli albatta. Ayni shu o‘rinda viloyat jurnalistikasining tamal toshini qo‘ygan, o‘z mehnati va salohiyati bilan bugungi avlod jurnalistlariga o‘rnak bo‘layotgan ustoz jurnalistlarga va o‘rganganlarini og‘ishmay hayotga tadbiq etib mehr qozonayotgan soha vakillariga, blogerlarga, fidoyi kasb xodimlariga minnatdorchilik bildiraman.

Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbuslari bilan, yangi uyg‘onish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Ayni bu jarayonda xalqimiz sizdan, yaʼni ijodkor, jurnalistlardan azmu qatʼiylik bilan ish tutishni, so‘zni qadrlashni, xolis va haqqoniy bo‘lishni, taʼlim-tarbiya ishiga munosib hissa qo‘shishni, milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari dadil odimlashni kutmoqda. Bu yo‘lda o‘z halovatidan kechib, kunu tun mehnat qilayotgan, so‘z, tasvir, ovoz, mahoratu, fikr orqali kishilar qalbiga maʼrifat ulashayotgan soha xodimlariga ehtiromimni bildiraman.

Davlatimiz rahbari taʼkidlagani kabi: Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu-intilishlari, dardu tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz.

Qadrli, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Sizlarga hamisha kuch-quvvat, salomatlik va oilangizga fayzu baraka tilayman. El olqishini oling, mehnatingiz rohatini ko‘ring.

Bayramingiz muborak bo‘lsin!

26-06-2021 |
Foto galereya