Qadrli vohadoshlar, aziz hamyurtlar!

Avvalo barchangizni, viloyatimizda istiqomat qilayotgan ko‘p millatli xalqimizni, yoshi ulug‘ nuroniylaru shijoatli yoshlarimizni Yangi – 2023-yil bilan samimiy tabriklayman.

Jonajon yurtimizdan tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizdan fayzu baraka arimasin, har biringiz hamisha sog‘u salomat bo‘ling!

Albatta, yil yakuni bilan sarhisob qilinadi, ko‘zlangan reja, yutuq va marralarning ko‘lami o‘rganiladi.

2022-yil viloyatimiz tarixida o‘ziga xos voqealar, muvaffaqiyatlar bilan muhrlandi. Belgilangan vazifalar oshig‘i bilan bajarildi. Yuqori iqtisodiy o‘sish taʼminlandi, bir qator korxonalar, zamonaviy infratuzilma obyektlari, “Yangi O‘zbekiston” massivlari, uy-joylar, bog‘cha va maktablar, tibbiyot maskanlari, madaniyat va sport inshootlari foydalanishga topshirilmoqda.

Yangi loyihalari joriy etilishi evaziga yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Viloyatining eksport salohiyati yuksalib, hamkorlarimizning soni ortmoqda.

Qashqadaryolik dehqonlar pillachilik, g‘allachilik, paxtachilikda shartnoma rejalarini bajarib, mo‘l hosil olishdi. 

Bir so‘z bilan aytganda, har bir ishimizda, har bir o‘zgarishlar miqyosida Yangi O‘zbekistonning betakror qiyofasi aks etayapti.

Safimizga g‘ayratli yoshlarimiz dadil kirib kelishmoqda, ularning dunyoqarashi Yangi O‘zbekistonga mos va xos. Marralar aniq, maqsadlar yuksak.

Barcha yangilanishlar, o‘zgarishlarning tub zamirida inson qadrini ulug‘lash, uning uchun munosib shart-sharoit yaratish, inson moʻtabar va aziz ekanini har qadamda his qilishdek olijanob fazilatlar turibdi.

2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berilishida ham ana shu ezgulik mujassam.

Hurmatli Prezidentimiz Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomada taʼkidlaganlari kabi: Albatta, erishayotgan barcha yutuqlarimiz, inson qadri ulug‘ bo‘lgan diyor – Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi dastlabki natijalardir. Biz bunyodkor xalqimiz bilan birga bunday ezgu ishlarni davom ettiramiz va oldimizga qo‘ygan katta-katta marralarga albatta erishamiz.

Aziz qashqadaryoliklar!

Hammamiz shohidi bo‘layotganimiz kabi, yurtimizda demokratik islohotlar barqaror tus oldi, rivojlanish yo‘lining yangi bosqichiga ko‘tarildi.

Davr oldimizga yuksak talab va vazifalarni qo‘ymoqda. Kelgusi yilda ham belgilangan reja va marralarni hamjihat holda amalga oshiramiz. Jumladan, xalqimiz bilan birgalikda yangi loyihalar, dasturlar ustida ishlab,  “Qashqadaryo tajribasi”ni joriy etamiz.

Mahallalarda tashkil etilgan samarali mexanizm asosida ish yuritib, aholi daromadlarini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish ishlari izchil davom ettiraladi.

Iqtisodiyot tarmoqlari rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali hududlar infratuzilmasini shakllantirishga eʼtibor qaratamiz.

Yangilanish, o‘zgarishlarning mohiyati inson dunyoqarashining yuksakligi bilan bog‘liq, bu borada sifatli taʼlim, maʼnaviyat, maʼrifat masalasi ustivor ahamiyat kasb etadi.

Ijtimoiy sohalar, ayniqsa, taʼlim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etiladi.

Yoshlarimizni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularni o‘z-o‘zini band qilish faoliyatini rag‘batlantirish hamda oilalarimiz fayzi bo‘lgan nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, aziz ayollarimiz qulay sharoitlarni yaratish, shuningdek eʼtiborga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ishlari tizimli davom ettiriladi.

Obodonlashtirish, hududlar infratuzilmasini zamonaviy qiyofaga keltirish, qurilish, bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettirish va hamyurtlarimizning hayoti farovon va mazmunli bo‘lishi uchun zarur manbalar jalb etiladi.

Belgilangan vazifalarni og‘ishmay amalga oshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlar, zarur resurs va texnologiyalarni safarbar etamiz.

Hurmatli vohadoshlarim!

Ostonada turgan 2023-yil barakali kelsin!

Yoshi ulug‘larimizning umrini, o‘g‘il-qizlarimizning baxti kamolini bersin, har biringizga yangi yil omadlar, zafarlar olib kelsin.

Jonajon vatanimiz tinch, ona xalqimiz omon bo‘lsin.

Yangi yil bayrami muborak bo‘lsin!

31-12-2022 |
Foto galereya