Assalomu alaykum, aziz onaxonlar, munis opa singillar, qadrli mehmonlar!
 
Avvalo, barchangizni go‘zallik, ezgulik, mehr bayrami 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklayman.
 
Eng samimiy tilaklarimni bildiraman. Hamisha bahor kabi ochilib, qalblarga yaratish, yangilanish ishqini berib, hayotdan rozi bo‘lib yashash nasib etsin.
 
Dunyoda turli tahlika va ziddiyatlar kuzatilayotgan bir paytda, barcha onajonlarning dilida va tilida turgan ezgu duoga biz ham qo‘shilamiz: Jahonda tinchlik bo‘lsin!
 
Azaldan mamlakatimizda aziz va moʻtabar ayol zotini ulug‘lash, opa-singillarimizning davlat va jamiyat hayotida tutgan o‘rni va nufuzini oshirishga e’tibor qaratib kelinadi. Oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni mustahkamlash, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda kamarbasta bo‘lgan xotin-qizlarimizni munosib qadrlash ishi barcha tadbirlarning avvali bo‘lib kelgan.
 
Keyingi yillarda vatanimiz taraqqiyoti, ertangi rejalar haqida so‘z ketsa, “Yangi O‘zbekiston”, “Inson qadri uchun” iborasi baralla tilga olinyapti. Bu bejizga emas, albatta. Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, millat taqdiri, yurt istiqbolini belgilovchi eng ustuvor yo‘nalishlar, yirik loyihalar haqida fikrlashilayotgan bir paytda, biz nuroniy otaxon. onaxonlarning tajribasi, saboqlari, zukko xotin-qizlarimizning faoliyati, bilimi va ishtirokiga tayanamiz.
 
Ularning hamfikr, hamkor ekanidan bitmas tuganmas kuch, rag‘bat olamiz.
 
“Ayolni e’zozlash - ezgulik va adolat mezoni” degan ulug‘vor g‘oyani joriy etishda yurtimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, iste’dodi va iqtidorini qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoya qilish davlat siyosatining asosi sanaladi.
 
Barchamiz his qiladigan hayotiy haqiqat bor: Ayol dono bo‘lsa – oilada ham, jamiyatda ham hamjihatlik, o‘sish, yuksalish bo‘ladi. Mehr-muhabbat mustahkamlanadi. El yurtimiz uchun fidoyi o‘g‘il-qizlar kamolga yetadi.  
 
Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya beruvchining o‘zi, avvalo, tarbiyalangan bo‘lishi kerak”, deydilar.
 
Tarix sahifalaridan bizga ma’lumki, hukmdorlar, bo‘lgusi shahzodalarning tarbiyasi iymonli, fozila ayollarga topshirilgan. Farzandlar ularning o‘git, saboqlaridan kuch olib aqli yetuk bo‘lib ulg‘aygan. Davlatga, millat ma’naviyatiga bosh bo‘lgan. To‘marisdan matonatni, Saroymulkxonim, Nodirabegim va Zulfiyaxonimdan aqlu zako, oilaparvarlik meros qilib olgan  o‘zbek ayollari  salohiyati bilan qanday millatning vakilasi ekanini har qadamda namoyon etmoqda.
 
Yangi O‘zbekiston – ma’rifatparvar davlat.
 
Joriy yilning 1 martida davlatimiz rahbari raisligida bo‘lib o‘tgan  videoselektorda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi.
 
Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasi tashkil etildi. Yurtimiz ayollariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator vazifalar ilgari surildi.
 
Yangi O‘zbekistonning ayollari uchun yangicha yondashuv va dunyoqarash bilan yangi imkoniyatlar, yangi imtiyozlar joriy etildi.
 
Jumladan, xususiy sektorda rasmiy ishlayotgan ayollarga homiladorlik nafaqasi davlat tomonidan kafolatli to‘lab beriladi, ehtiyojmand yolg‘iz ayollarning farzandlari uchun davlat bog‘chalari to‘lovi byujdetdan qoplab beriladi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilinadi. Poytaxtda asosan xotin-qizlarni o‘qitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘qimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.
 
Ayollarimiz ulushi past bo‘lgan aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishidagi OTMlarda xotin-qiz talabalar ulushi hozirgi 24 foizdan 40 foizgacha yetkaziladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.
 
Bu kabi imtiyoz, g‘amxo‘rlik, xotin-qizlarni e’zozlash va mavqeini oshirish ishlari Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarashga mos va xos, albatta.
 
Davlatimiz rahbari  tomonidan ilgari surilayotgan mazkur g‘oyalarni tadbiq etish va amalga oshirishda xalqimiz ayollarning tafakkuri, ilm ziyosiga, ularning shijoatu matonatiga tayanadi. Obro‘-e’tiborli, katta hayotiy tajribaga ega “Oqila ayollar” harakatini tashkil qilishni taklif etib, muhtaram yurtboshimiz:
 
"Bu harakat tom ma’noda “mahallaning vijdoni”ga aylanishi kerak. Chunki, ma’rifatli jamiyatni ma’rifatli onalarsiz qurib bo‘lmaydi”, deb aytdilar.
 
Bugun viloyatimiz ayollarining 4 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida, 151 nafari xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarida faoliyat yuritmoqda.
 
Viloyatdagi mavjud korxona, tashkilotlarda ayni kunda 7 mingdan ortiq xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda.
 
An’anaga ko‘ra, joriy yilda ham Qashqadaryolik 17 nafar ayol jamiyatdagi va davlat hayotidagi faolligi uchun “Moʻtabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Iqtidori bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lgan 2 nafar zukko qizimiz esa Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘ldi.
 
Yana bir yuksak e’tirof! Buni g‘urur va iftixor bilan aytish kerak, ya’ni kuni kecha 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmonlariga ko‘ra mehnatda namuna ko‘rsatgan 8 nafar viloyatimiz vakilasi yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
 
Yildan-yil vohamiz ayollari o‘z muvaffaqiyatlari ko‘lamini kengaytirib borishayotgani bizni mamnun etadi. Qashqadaryoda 9 nafar fan doktori, 130 nafardan ortiq fan nomzodi, falsafa doktori bo‘lgan ayollarimiz faoliyat yuritmoqda. Quvonarlisi ular o‘z ilmiy salohiyatini namoyon etish bilan birga mamlakatimiz ilm-fan rivojiga munosib ulush qo‘shib kelishyapti.
 
Tokioda bo‘lib o‘tgan yozgi olimpiya va paralimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sha’ni shavkatini dunyoga yoygan sportchi qizlarimiz Rayhona Qodirova, Asila Mirzayorova bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.
 
Fursatdan foydalanib, shunday oqila farzandni ulg‘aytirgan ota-onalariga, ayniqsa onajonlariga samimiy minnatdorchilik bildiramiz.
 
Oilalar farovonligi haqida so‘z ketsa, albatta, mamlakatimiz rahbari tomonidan xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular uchun alohida imtiyozlar yaratilayotgani alohida ta’kidlanadi. Bugun viloyatda 9 850 nafar tadbirkor, 515 nafar fermer, 7 362 nafar hunarmand xotin-qizlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular viloyatning sanoat ulushini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratishda hissa qo‘shishyapti.
 
Bu kabi yutuq va marralar zamirida dilbar, zukko onajonlarimizning, mehnatdan qochmaydigan, qilaman degan ishini maromiga yetkazib bajaradigan va ahdini ustidan chiqadigan qashqadaryolik ayollarning fazilatlari, maqsad uchun astoydil mehnat qilishdek  ishtiyoqlari bor.
 
O‘zbekiston inson qadri tobora yuksalib borayotgan davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Joriy yilning 28 yanvarida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmon bilan xotin-qizlarning manfaatlarini, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator imtiyozlar belgilandi.
 
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integrasiya qilinadi.
 
Ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish kabi bir qator vazifalar belgilandi. Joriy etilgan bu kabi imkoniyatlar, imtiyozlar - e’tibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yangi, yuksak bosqichini namoyon etadi.
 
Viloyatda "Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga 24 mlrd 236 mln so‘m mablag‘ sarflanib amaliy yordam ko‘rsatildi.
 
840 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning uy-joylari ta’mirlandi, Noturar joylarda istiqomat qilayotgan 1 589 nafar xotin-qizlarning ijara to‘lovlari to‘landi.
 
Bu kabi ishlar davlatimiz rahbarining tashabbus va ko‘rsatmalari asosida tizimli davom ettirilmoqda.
 
Ayniqsa, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning kichik biznes yo‘nalishidagi loyihalariga imtiyozli kreditlar ajratish, yangi uy-joylarga ega bo‘lishi uchun byudjet hisobidan boshlang‘ich badal to‘lab berilishi, oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabul qilishda qizlar uchun alohida grantlar ajratilishi bu elimizning dilidagi gap bo‘lmoqda, bu kabi imkoniyat va imtiyozlarni xotin-qizlarimiz katta quvonch bilan kutib olishmoqda.
 
Yangi O‘zbekistonda bugun qo‘lga kiritilayotgan yutuq va zafarlarda Sizning ham munosib ulushingiz borligini ta’kidlab, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, vatanpar-varlik fazilatlari uchun rahmat aytamiz.
 
Muhtaram onajonlar, aziz opa-singillar!
 
Biz Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi ma’naviy makon yaratish haqida gapirar ekanmiz, bu ishlarni oila, onalar ma’naviyati bilan uzviy amalga oshirishimiz zarur. Har bir ona farzandining kelgusida hammadanda baxtli bo‘lishini istaydi. Bugun biz Vatanning shon-shuhratini yuksaltiradigan tarixiy davrga qadam qo‘ydik.
 
Shunday ekan, aziz onajonlar, muhtaram va munis ayollar, farzandingizning qalbiga ulug‘ maqsadlarni, ezgu g‘oyalarni singdiring, buyuk orzularni joylashga intiling.
 
Aziz bayram ishtirokchilari! Vatan ichra moʻjaz vatan bo‘lgan oilani ayol siymosi, uning mehri, yaratuvchan qo‘llari, aql zakosi yanada nurli qiladi. Oila farovonligini oshirish, ahillik, o‘zaro hurmat, ertangi kunga bo‘lgan ishonch tuyg‘ulari sizning fazilatlari bilan yanada qadr topadi.
 
Biz siz bilan hamisha faxrlanamiz! Sizga quvonch, mehr tortig‘ etishdan ruhlanamiz. Bu kabi e’zoz, ehtiromga munosib ekanligingizni baralla aytamiz!
 
Siz uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish yo‘lida davlatimiz rahbari boshchiliklarida biz o‘zimizni hamisha burchli sezamiz.
 
Oilangiz, farzandlaringiz va elu yurtimiz baxtiga sog‘u salomat bo‘ling. Xonadoningizni tinchlik, xotirjamlik, fayzu baraka tark etmasin.
 
Siz borsiz, umrimiz mazmunli, hayotimiz charog‘on!
 
Bayramingiz muborak, aziz opa singillar, muhtarama onaxonlar!
 
E’tiboringiz uchun, rahmat!
07-03-2022 |
Foto galereya