Barchamizga ma’lumki, yurtimizda har yili "1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni" yurtboshimizning yuksak e’tibor va tashabbuslari bilan respublikamizning barcha hududlarida keng nishonlanadi va bir qator o‘z kasbining fidoyilari davlatimiz rahbari tomonidan mukofotlanadi.  
 
Shu boisdan, Qarshi shahrida "1 oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan bayram dasturi bo‘lib o‘tdi va unda ta’lim-tarbiya sohasining bir guruh jonkuyarlari ishtirok etishdi.
 
Madaniy tadbir avvalida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Prezidentimizning O‘zbekiston o‘qituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini o‘qib eshittirdi va davlat mukofoti olganlarni tabriklab, barcha ustozlarga o‘z tabrigini yo‘lladi:
 
Aziz va muhtaram  o‘qituvchilar, ustoz va murabbiylar, ta’lim sohasining qadrli jonkuyarlari!
 
Avvalo, sizni,  sizning timsolingizda ustoz degan qadrli nomni e’zozlab kelayotgan barcha insonlarni,  umrini pok va sharafli, mas’uliyatli mehnat - xalqimizning umidi nishonasi bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalashdek ezgu ishga bag‘ishlagan  soha xodimlarini – O‘qituvchi va murabbiylar kuni  bilan samimiy tabriklayman.
 
Siz hayotimiz oftobi, charog‘on qiluvchi ziyodirsiz!  O‘zida bor ilm va bilimni ayamasdan qalblarga ulashuvchi moʻtabar zotlar oldida hamisha ta’zimdamiz.
 
Bugungi globallashuv jarayonlari keskin bo‘lgan, o‘zaro raqobat, turli siyosiy, iqtisodiy va g‘oyaviy qarama-qarshiliklar kuchaygan bir davrda bunga nisbatan amaliy chora ko‘rish, xalqning o‘zligini asrash masalasi har qachongidan yuksak ahamiyat kasb etmoqda. Oldimizga qo‘ygan baland marralarning, ulkan vazifalarning amalga oshirishdagi birdan bir kuch – bu albatta, ta’lim, ilm va bilimdir. Fikr tarbiyasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasi barcha ishlarimizning avvali, bosh g‘oyasi bo‘ladi. Zamonaviy bilimlarni egasi bo‘lgan, o‘tkir va dadil g‘oyalar bilan jahon sahniga chiqib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va qobiliyatlarini namoyon bo‘lishi uchun barcha kuch, imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
 
Farzandlarimizga bog‘chadan, maktabgacha, oliy o‘quv yurtlarida ilm-fan sirlarini puxta o‘rgatish, ona tilini mukammal bilishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, boshqaruv sohasida malakali mutaxassis bo‘lishi yo‘lida ishlab chiqilgan dasturlar izchil amalga oshirilmoqda va muhimi bu kabi chora-tadbirlarning natijasini ko‘rib, barchamiz mamnun bo‘lmoqdamiz.
 
Ta’limning ilk bo‘g‘ini maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya ishlarini sifatli tashkil etish bo‘yicha viloyatimizda 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Investisiya dasturi doirasida 134 ta,  2018-2021 yillarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida 51 ta maktabgacha ta’lim muassasasi rekonstruksiya qilindi va kapital, joriy ta’mirlandi. Davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari orasida sog‘lom raqobat muhitini yaratish hisobiga qamrov 2016 yilda 13.3% tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning ayni shu davriga kelib bu ko‘rsatkich  49.2% ga yetdi. Qamrov darajasi uch barobarga, maktabgacha ta’lim muassasalari soni uch yarim barobarga ortdi. Yaqin uch yil ichida mazkur tizimda  7 240 nafar yangi tarbiyalanuvchi ish o‘rni yaratildi. Bugun viloyatda 2272 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Jajji farzandlarimiz o‘zbek tilidan tashqari rus, ingliz va nemis tillarini o‘rganib maktabga qadam qo‘yishyapti.
 
Yangi O‘zbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi. Yurtimizda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarning ko‘lami kengayib, natijadorligi ortgani sari maktab ta’limini rivojlantirish muhim, dolzarb vazifa ekani o‘z ifodasini topmoqda. Sohaga oid islohotlarning o‘zagida, ya’ni islohotlarning muhim poydevori sifatida 11 yillik majburiy ta’limni joriy etilishini aytishimiz kerak.
 
“Yangi O‘zbekiston – ma’rifatparvar davlat”, - muhtaram Prezidentimiz ta’kidlagani kabi, bu yuksalishning asoslarini biz ta’lim-tarbiya rivoji, ilm va bilimning yuksak marrasida ko‘ramiz. Bugun Qashqadaryoda 1217 ta, shundan 49 ta ixtisoslashgan maktablar faoliyat yuritadi. Joriy o‘quv yilida viloyatda Prezident maktabi ish boshladi.
 
Bundan 3 yil oldin maktab o‘qituvchilarining 13 650 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli edi. Bugun ularning soni 11 189 nafarga qisqardi. Yana bir muhim jihat, bugun viloyatning chekka hududlariga borib ishlayotgan o‘qituvchilarning soni 587 nafarni, viloyatdan viloyatga qatnab mehnat qilayotgan o‘qituvchilar esa 21 nafarni tashkil etadi. Ularni moddiy rag‘batlantirish, uy-joy bilan ta’minlash va ustamalar berish ishi doimiy e’tiborga olingan. Yaqin ikki yil ichida viloyatda mavjud bo‘lgan xom g‘isht va paxsadan qurilgan 57 ta maktab binosi zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi va jihozlandi. Buning uchun davlat byudjetidan 73.4 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi.
 
Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi  ijod maktabining joriy yilda 23 nafar bitiruvchi tugallagan bo‘lsa, ularning 22 nafari talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Talabalarning 7 nafari xalqaro oliy o‘quv yurtlariga, 7 nafari grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Nufuzli tanlovlarda munosib ishtirok etib kelayotgan iste’dod sohiblari, qahramon shoir aytgani kabi “ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”da qanday ajdodlarning avlodi ekanliklari namoyon etmoqdalar.
 
O‘qituvchi, murabbiylarni nihol parvarishlab umid bilan kelajakka ko‘z tikib turgan usta bog‘bonga qiyos etamiz. Ular ulkan va obod vatanimiz bog‘ining bog‘bonlaridir! Ularning mehnati shogirdlar kamolida ko‘rinadi.
 
Yildan-yil test sinovlari natijalarini kuzatib, o‘z kasbining jonkuyari bo‘lgan, tinib bilmay ishlaydigan o‘qituvchilarning mehnati o‘quvchilarning yutuqlarida qadr topishini anglab yetmoqdamiz. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 9046 nafar o‘quvchi yuksak iftixor bilan nafaqat respublikamiz, balki xorijiy davlatlarning nufuzli oliygohlarida yangi o‘quv yilini boshladilar.
 
Shahrisabz shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 57 nafar bitiruvchisidan (91,2%) 52 nafari, Gʻuzor tumanidagi 68-Davlat ixtisoslashtirilgan maktabning 71 nafar bitiruvchisidan 63 nafardan (88,7 %) nafari, Yakkabog tumanidagi 14-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 29 nafar bitiruvchisidan 25 nafari (86,2 %), Muborak tumanidagi 28-ixtisoslashtirilgan maktabning 16 nafaridan   13 nafari (81,3), Qarshi shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 20 nafaridan (75 %) nafari 15 nafari OTM talabasi bo‘ldi. 
 
Shuningdek, Yakkabog‘ tumanidan 182 nafar, Gʻuzor tumanidan 127 nafar, Kitob tumanidan 96 nafar, Chiroqchi tumanidan 86 nafar, Shahrisabz shahridan 70 nafar, Qarshi shahridan 73 nafar bitiruvchi yoshlar xorijiy va O‘zbekistondagi xorijiy OTM filiallariga kirishda a’lo natijalarni namoyon etishdi. 30 ga yaqin xorijiy OTM ga grant asosida o‘qishga kirgan Qarshi shahridagi 44-maktab o‘quvchisi Shuhrat Yuldoshev Dubayda tahsil olishni boshladi. Qamashi tumanidagi 61-maktabning bitiruvchisi O‘raqov Asadbek Rashid o‘g‘li Xalqaro darajadagi (IELTS) imtihonidan yuqori ko‘rsatkichni ko‘rsatib,  O‘zbekistondagi 13 ta xalqaro universitetning talabasi bo‘ldi.
 
Qashqadaryo viloyatida 8 ta matematika, 5 ta kimyo-biologiya, 1 ta fizika tayanch maktabi, 7 ta informatika va axborot texnologiyalari fanlari hamda 15 ta xorijiy tillarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari tashkil etildi.
 
Prezidentimizning "Sizlar dunyodagi eng bebaho boylik va boqiy merosni yaratish, uni xalqimizga, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodimizga bezavol yetkazish yo‘lida chinakam fidoyilik ko‘rsatib mehnat qilayotgan ulug‘ insonlarsiz. Bu ulkan boylik – aql-zakovat va ilm, bu o‘lmas meros – yaxshi tarbiyadir", deya ta’kidlaganlari ortida chuqur ma’no bor.
 
Xalqimiz uchun farzandlarining baxti kamolini ko‘rish, ularning hayotda munosib o‘rin egallashi, ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishidan ortiq shodumonlik bo‘lmas.
 
Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbuslari bilan oliy ta’limga qabul kvotalarini oshirilishi, xotin-qizlar uchun alohida kvotalar ajratilib, imtiyozlarning kengaytirilishi, yangi oliy ta’lim muassasalarining tashkil etilishi, test sinovlarini topshirishda o‘z hududidan ishtirok etish va bir vaqtning o‘zida bir nechta oliy o‘quv yurtiga kirish kabi imkoniyatlarning berilgani – oliy ta’lim tizimida joriy etilgan yangiliklarni ko‘rsatib beradi. Bundan to‘rt yil ilgari viloyatda 2 ta oliygoh va 1 ta oliy o‘quv yurti filiali faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugunga kelib 1 ta Universitet, 2 ta instutut va 3 ta oliy o‘quv yurti filiali – jami 6 ta oliy o‘quv yurti mavjud.  Qarshi davlat universiteti tibbiyot fakulteti ilk talabalarni qabul qildi.
 
Ayni shu damda ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur” degan so‘zlarini keltirib o‘tmoqchiman. Yoshlarimizning ilmga undash, yangi tadqiqotlar uchun zamin yaratish burchimizdir. Viloyatning  3 ta oliy ta’lim muasassasi ya’ni, Qarshi muhandislik va iqtisodiyot instituti, QDU Pedagogika instituti, Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti Shahrisabz filialida “IT-Park” MCHJ bilan hamkorlikda Yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab quvvatlash maqsadida, “Inkubasiya va akselerasiya markaz”lari tashkil etildi.   
 
Birlashgan Arab amirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bugungi kunga qadar 22 557  nafar yoshlar www.uzbekcoders.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tib, 10 251 nafari ishtirokchi sertifikatlarini va 7 637 nafari bitiruvchi sertifikatiga ega bo‘ldi.
 
Ilmiy salohiyatni yuksaltirish, professor o‘qituvchilarni mehnatlarini qadrlash, yangidan yangi ilmiy izlanishlar olib borilishi uchun zarur shart-sharoit yaratish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish haqida so‘z ketganda, 2019-2021 yillar davomida jami 110  nafardan ortiq o‘qituvchilar tomonidan dissertasiyalar muvaffaqiyatli himoya qilinganini ta’kidlab o‘tmoqchiman va ularga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Ayni kunda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari bilan Rossiya, AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Koreya,  Belarus, Xitoy, Daniya, Chexiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Portugaliya davlatlari OTMlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan. Bugun bizning o‘qituvchilar, oliygohda mehnat qilayotgan fidoiy soha egalari xorijning nufuzli ta’lim maskanlarida saboq berayotgani nihoyatda quvonarli. Birgina misol, Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutining  “Xorijiy tillar” kafedrasi assistenti Dilfuza Jabborova Ispaniyaning Santyago De Kompostella universitetida xalqaro munosabatlar hamda O‘zbekiston iqtisodiyoti va diplomatik munosabatlar fanlaridan dars bermoqda.
 
Bu kabi yutuq va muvaffaqqiyatlar zamirida otashqalb insonlar – ya’ni siz aziz o‘qituvchi, murabbiylarning o‘z halovatidan kechib qilgan mehnati, sabr bilan bergan sabog‘i, mehri, vatanparvarligi  borligini chin dildan his etamiz va bu betakror fazilatlar uchun sizga ehtirom bildiramiz.
 
Qo‘limiz ko‘ksimizda, takror aytamizki, sizning sabr va matonat, mehribonlik, muhimi jonkuyarlik bilan bergan sabog‘ingiz, o‘rnak, ibratingiz har birimiz uchun yuksak insoniylik darsi bo‘lib qoladi. Jamiki ezgu fazilatlar uchun mudom qarzdormiz!
 
Bayramingiz muborak bo‘lsin! Barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman. Farzandlar, shogirdar qurshovida mehnatdan rohat topib yashash nasib etsin.
 
 
Bayram dasturi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.
01-10-2021 |
Foto galereya