Iqtisodiy tadqiqotlar Markazi viloyat filiali tomonidan 2021-yilda viloyatning xizmat ko‘rsatish sohasidagi ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
 
Unga ko‘ra, ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 132624,4 mlrd. so‘mni tashkil qilgan holda, 2020-yilga nisbatan 118,4%ga oshgan. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2021-yilda bu soha bo‘yicha erishilgan o‘sish ko‘rsatkichi 2014-yildan keyingi davr uchun eng maksimum qiymatini qayd etgan holda xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,7%ni tashkil qilib, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan.
 
Shuningdek, jami yaratilgan yalpi hududiy mahsulot (YHM) tarkibida mazkur sohaning ulushi 34,4%ni (2020-yilga nisbatan 0,1 punkt past) tashkil qilgan.
 
O‘tgan yilda jami xizmatlar tarkibida savdo (31,9%), transport (22,1%) va moliya xizmatlari (16,2%)ning ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, me’morchilik, muhandislik va texnik (1,1%), sog‘liqni saqlash (1,3%), ko‘chmas mulk (2,5%), ijara va lizing (2,6%), yashash va ovqatlanish xizmatlari (2,7%) ning ulushi past bo‘lgan. Shu bilan birga, 2021-yil viloyatda barcha xizmat turlari bo‘yicha o‘sishga erishilgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish sur’ati ta’lim (143,9%), sog‘liqni saqlash (127,7%), moliya (127,1%) hamda transport (122,8%) sohalariga to‘g‘ri keladi.
 
Voha bo‘ylab ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida Qarshi shahri (35,4%) ning ulushi eng yuqori bo‘lgan. Shuningdek, Shahrisabz (6,4%), Kitob, Koson, Chiroqchi (5,8%dan) tumanlari va Shahrisabz shahri (4,9%)ning ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Nishon (3,7%), Kasbi (3,4%), Dehqonobod (3,2%, Mirishkor (3,2%) tumanlarining viloyat jami xizmatlardagi ulushi past ko‘rsatkichni tashkil etgan.
 
Barcha tuman (shahar)larda xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘sishga erishilgan bo‘lib, eng yuqori o‘sish sur’atlari Shahrisabz shahri (129,0%), Kasbi (127,4%), Shahrisabz (125,8%), Gʻuzor (122,3%), Qarshi va Yakkabog‘ (122,1%dan) tumanlariga to‘g‘ri keladi.
 
Yana bir jihat, 2021-yil xizmatlar sohasi bo‘yicha barcha tuman (shahar)larda o‘sish sur’atlari ta’minlanganiga qaramasdan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Respublika hududlarida orasida viloyat ko‘rsatkichi past holatni tashkil etadi. Xususan, jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 3933,2 ming so‘m (2020-yilga nisbatan 116,2% o‘sish)ni tashkil etgan holda Respublika hududlari orasida 13-o‘rinni egallagan. Viloyatda jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi Respublika ko‘rsatkichidan 2,1 barobarga past bo‘lgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha viloyat hududdari orasida faqatgina Qarshi shahrining ko‘rsatkichi Respublika ko‘rsatkichidan yuqori yani (2,1 barobar)ga.
 
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi bo‘yicha Qarshi shahri (16,7 mln so‘m), Muborak tumani (6,1 mln so‘m) va Shahrisabz shahri (4,6 mln so‘m)ning ko‘rsatkichlari viloyat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan. Yakkabog‘ (viloyat ko‘rsatkichidan 39,0%ga past), Kasbi (44,0%ga past), Qamashi (viloyat ko‘rsatkichidan qariyib 2 barobar, respublika ko‘rsatkichidan 4,1 barobarga past), Chiroqchi (viloyat ko‘rsatkichidan 2,2 barobar, respublika ko‘rsatkichidan 4,5 barobarga past) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi nisbatan ancha past holatni tashkil etgan.
 
Shu boisdan, viloyatning demografik o‘sishi yuqoriligi (har yili o‘rtacha qariyib 100,0 ming nafar tug‘ilish) ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalarni amalga oshirishni talab etadi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104 sonli Qarori bu sohani rivojlantirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu qarorga muvofiq:
 
- Kitob, Shahrisabz, Qamashi tumanlarida mehmonxona (joylashtirish), savdo, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’yektlari uchun maxsus soliq rejimi joriy etiladi;
 
- viloyat tuman (shahar)laridagi 18 ta markaziy ko‘chalar maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladi;
 
- Koson tumanidagi “Do‘stlik MFY” va Yakkabog‘ tumanidagi “Ayg‘irko‘l MFY” dagi "Yangi O‘zbekiston" massivlarida 101 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi;
 
- Qarshi shahridagi “Qarliqxona MFY” (1,1 ga yer maydoni) va Qarshi tumani “Ravot MFY” hududida yirik savdo komplekslari va hududiy savdo-logistika markazlari tashkil etiladi;
 
- Gʻuzor, Kitob va Muborak tumanlaridan o‘tgan xalqaro yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi;
 
- Qarshi va Shahrisabz shaharlarida nodavlat umumta’lim muassasalarini qurish uchun jami 4 ga, Koson, Chiroqchi, Qarshi, Gʻuzor tumanlari va Qarshi shahrida jami 5 ga yer maydoni nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish uchun e-auksionga chiqariladi;
 
- 2022-yilda xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida viloyat uchun 40,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
 
Ushbu vazifalarni bajarish orqali 2022-yilda viloyatda xizmat ko‘rsatish hajmi 20268,9 mlrd so‘mga va sohada 150% o‘sish ko‘rsatkichiga erishish kutilmoqda. Shuningdek, yangidan tashkil etilishi ko‘zda tutilayotgan 10032 ta xizmat ko‘rsatish ob’yektlari orqali 56 ming nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanadi.
05-02-2022 |
Foto galereya