“Bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li – ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdan iborat. Bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak.
 
Buni o‘ylamagan, atrofdagi vaziyatdan bexabar, siyosatni tushunmaydigan hokimlar yoki tarmoq rahbarlarining ishlashga haqqi yo‘q”, deya ta’kidlab o‘tgan edi davlatimiz rahbari joriy yilning 11-mart kuni o‘tkazilgan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida.
 
Mana shunday qo‘llab-quvvatlash va e’tibor bizni yanada ruhlantiradi. “Sanam” fabrikasida amalga oshirilayotgan ishlar misolida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ishlab chiqarishni mahalliylashtirish borasidagi islohotlar ro‘yobini ko‘rish mumkin.
 
Bir paytlar inqiroz yoqasiga kelib qolgan fabrika bugungi kunga kelib to‘liq rekonstruksiya qilinib, yildan yilga yangi texnologiyalar joriy qilingan holda 400 nafar ish o‘rni yaratilgan va shu 400 nafar tikuvchi chevarlarimiz tomonidan jahon standartlariga javob beradigan, import o‘rnini bosuvchi, ham ichki bozor uchun, ham eksportbob mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
 
Yana shuni aytib o‘tish joizki "Sanam" fabrikasi ohirgi 10 yillikda, ya’ni 2010-2021 yillar mobaynida fabrika tomonidan Davlatimiz Mudofaa Vazirligi, Ichki ishlar Vazirligi va Davlat Chegara qo‘shinlarining Respublika Davlat xaridlari tenderlarida faol qatnashib, tenderlar g‘olibi bo‘lib, markazlashgan holda viloyatimizga jami shu yillarda shartnomalar asosida 108.7 mlrd. so‘mlik kiyim-kechaklarni tikib berish uchun mablag‘lar olib kelindi.
 
Shu bilan birga  26.5 mlrd. so‘mlik ish xaklari va 21.5 mlrd. so‘mlik mablag‘larni Davlatimiz byudjetiga har xil turdagi soliq to‘lovlari uchun to‘lab berildi. Quvonarlisi esa, fabrikada import o‘rnini bosuvchi ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ichki bozor ehtiyojini ta’minlagan holda mahsulotlar eksportga ham yo‘naltirilmoqda.
 
Bugungi kunda “Sanam” fabrikasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar Rossiya federatsiyasidagi savdo do‘konlari orqali ushbu mamlakat bozorlariga  yetkazib berilmoqda hamda kelgusida jahon bozorlariga va qo‘shni Kozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Afg‘oniston va Turkmaniston respublikalari bozorlariga ham mahsulotlarimizni yetkazib berish rejalashtirilgan. Shuningdek, mahsulotlarning raqobatbardoshliligini ta’minlash maqsadida fabrikamizda yirik tajriba sexi mavjud bo'lib, bu sexda mashhur dizayner - konstruktor ustoz Lenora Saidovna Mamutova boshchiligida o‘ta tajribali tikuvchi, qizlarimiz faoliyat yuritadi hamda yirik chet el fabrikalari dizayner - konstruktorlari bilan hamkorlik o‘rnatilgan holda doimiy ravishda yangi modellar yaratilib kelinmoqda.
 
“Sanam” fabrikasi logotipi tushirilgan mahsulotlar jahon bozorlarida. Bu esa milliy g‘urur hissini uyg‘otishi tabiiy deb o'ylayman.
 
                                                                                                                                                 Fahriddin Erkayev.
                                                                                                                            “SANAM” tikuvchilik fabrikasi M.Ch.J.
                                                                                                                                                  boshqaruv raisi.
12-04-2022 |
Foto galereya