So‘ngi yillarda Prezident islohotlariga muvofiq, viloyatda ham tadbirkorlik sohasiga keng e’tibor qaratilib, bu esa barcha sohalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun keng imkoniyatlar yaratib, o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
 
 
Shu boisdan, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash va ularning muammolariga yechim topish maqsadida viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash viloyat Shtabi” tadbirkorlarni qabul qildi. Murojaatlarda asosan qurilish, yerga yoki ko‘chmas mulkka egalik huquqi, bank-kredit, soliq tizimi, yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash, kommunal soha va tibbiyot hamda qator masalalar bo‘yicha muammolar tinglandi.
 
 
Qarshi shahridagi “Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi”da o‘tkazilgan mazkur qabulda 30 dan ortiq murojaatlar eshitilib, tegishli tartibda o‘z yechimini topadiganlari ham ko‘pchilikni tashkil etgan bo‘lsa ayrimlari yuzasidan sohalar bo‘yicha huquqiy tushunchalar berildi. Birgina, tadbirkor Suyarov Jasurning chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha chet eldan zotdor qoramol olib kelish yuzasidan yo‘llagan masalasiga ko‘ra, garov ta’minotidan so‘ng 1,0 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilishi bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berilib, ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
 
 
Ma’lumot uchun, haftaning dushanba va juma kunlari soat 09.00 dan - 18.00 gacha tadbirkor hamda ishbilarmonlar viloyat hokimligi va Savdo-sanoat palatasi hududiy boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash viloyat Shtabi”ga (75) 221-15-07, (75) 221-08-01, (75) 221-10-10 telefon raqamlari yoki telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali (manzil - @qvh_murojaat_bot) bevosita murojaat qoldirishlari mumkin.
14-02-2022 |
Foto galereya