Davlatimiz rahbari tomonidan 2020-yilning 16-mart kuni “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni imzolandi. Mazkur Qonun, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni har tomonlama tartibga soluvchi ilk bor qabul qilingan huquqiy hujjat sifatida O‘zbekiston tarixidan o‘rin oldi. Chunki shu vaqtgacha bu sohada qonunchiligimizda hech qanday hujjat yo‘q edi.
 
Qonun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5655-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.
 
Qonun beshta bob va o‘ttiz bir moddadan iborat bo‘lib, unda qonunning maqsadi, asosiy tushunchalar, aholini ro‘yxatga olishning vazifalari va prinsiplari yoritib berilgan. Asosiy prinsiplardan biri sifatida davriylik prinsipi, ya’ni aholini ro‘yxatga olish o‘n yilda kamida bir marta o‘tkazilishi hamda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan.
 
Aholini ro‘yxatga olish jarayonida, shaxsga doir ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga olish varaqlari asosida har bir respondent uchun yakka tartibda to‘ldiriladi, ya’ni ro‘yxatga oluvchi shaxslar tomonidan uyma-uy yurib, har bir respondent uchun alohida to‘ldiriladi. 
 
Shuningdek, Qonunda, aholini ro‘yxatga olishni tartibga solish sohasida davlat boshqaruvi, maxsus vakolatli davlat organi, ro‘yxatga olishni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, aholini ro‘yxatga olishda ishtirok etuvchi respondentlar va ro‘yxatga oluvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish tartibi, tadbirlarni moliyaviy ta’minlash asoslari belgilab berilgan.
 
Ma’lumki, BMTning 2015-yil 10-iyundagi “2020-yilda aholi va uy-joy fondini ro‘yxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyusiyasi qabul qilingan va unga asosan, BMTga a’zo davlatlar har o‘n yilda kamida bir marta aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda, MDH davlatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. 2019-yilning oktyabr oyida Ozarbayjon va Belarus davlatlarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazldi.
 
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida hali biror marta aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmagan. Ushbu tadbir so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida 1989-yilda o‘tkazilib, o‘sha paytda yurtimiz aholisi 19,7 million kishini tashkil etgan.
 
Shu munosabat bilan, mamlakatimizda ana shunday muhim tadbirni 2023-yilda ilk bor o‘tkazishga qaror qilindi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasiing  2020-yil 11-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
28-01-2022 |
Foto galereya