Barchaga ma’lumki, Qashqadaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasi keng rivojlangan bo‘lib, paxta va g‘alla hosilini yetishtirish bo‘yicha respublikada yetakchi o‘rinlarda turadi. Bugungi kunda nafaqat qishloq xo‘jaligini rivojlantirish balki sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va bu orqali aholi bandligini ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan.
 
 
Ayniqsa, bu borada paxta xomashyosini viloyatning o‘zida qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, viloyatda yetishtiriladigan 400 ming tonna paxta xom-ashyosidan 136 ming tonna tola ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. O‘tgan yillar davomida yetishtirilgan xomashyoning 53 foizi yoki 72,6 ming tonnasi qayta ishlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2022 yil yakuniga qadar 100 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
 
 
Shu boisdan, Koson tumanida qiymati 35,0 mlrd. so‘m bo‘lgan yiliga 3,0 million dona tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Koson Baxt Tekstil” korxonasi qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Korxona Rossiya, Ukraina, Chexiya va Qirg‘iziston davlatlariga 7,5 mln. dollarlik tayyor mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatiga ega. Buning natijasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 500 nafar fuqorolarni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
 
 
Ochilish tadbirida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ham ishtirok etib, barcha kosonliklarni tabrikladi. Shuningdek, bir guruh nuroniy, jurnalist va blogerlar ham korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
 
Yana bir xuddi shunday yirik loyiha Qarshi tumanida "IYMAN tekstil" tikuvchilik majmuasi foydalanishga topshirildi. Ushbu tikuvchilik fabrikasi tadbirkor Sanjar Karolovning 12,5 mlrd. so‘m mablag‘lari evaziga bunyod etildi va yiliga 3,0 million dona tayyor trikotaj mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatiga ega hisoblanadi.
 
 
Tikuvchilik fabrikasining ochilish qismida so‘zga chiqqan viloyat rahbari 360 nafar xotin-qizlarni doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlagan tadbirkorga alohida minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatida yanada zafarlar tiladi.
 
 
Mazkur ob’ektning eksport salohiyati 3,0 mln.dollarni tashkil etib, Rossiya federasiyasiga tikuv-trikotaj mahsulotlarni sotish rejalashtirilgan.
 
Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari uchun Qarshi shahrida 10 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Shifo nur” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga tushirilgan yangi binosiga sayohat uyushtirildi.
 
 
Ma’lumot uchun, tibbiy markazda xorijdan eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalarning olib kelinishi natijasida hozirgi kunda nafaqat ko‘z va LOR a’zolari kasalliklari, balki qorin bo‘shlig‘i, bel sohasidagi va boshqa kasalliklarga ham tashxis qo‘yish imkoniyati mavjud. Markaz faoliyatining kengayishi bu yerda qo‘shimcha 70 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga olib keldi.
 
23-10-2021 |
Foto galereya