Viloyat hokimligida mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar yuzasidan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Olim Saliyev, viloyat hokimi Murodjon Azimov, viloyat, shahar va tumanlar sektorlari rahbarlari, hokimlar o‘rinbosarlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda mahalla faollari qatnashdilar.
 
 
Kun tartibidagi masala Respublika ishchi guruhi tomonidan 6-11 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatida olib borilgan o‘rganish natijalariga qaratildi. Viloyatdagi kam ta’minlangan oilalar, ularning ko‘payishi sabablari va ularga olib keluvchi omillar, aholi murojaatlari sonining oshishi kabi mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Olim Saliyevning ma’lumotida atroflicha tahlil qilib o‘tildi.
 
 
“Ishchi guruhi faoliyati davomida kam ta’minlangan oilalar bilan ishlash tizimi, ularni kamaytirish bo‘yicha “Qashqadaryo tajribasi”ni yaratishni maqsad qildik”, – dedi Olim Saliyev.
 
Garchi, viloyatda 793 ta mahallada kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashda hamda boshqa yo‘nalishlarda katta ishlar olib borilgan bo‘lsa-da, 10 oylik tahlillarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha kam ta’minlangan oilalarning ko‘payganligi qayd etildi.
 
Mahallalarda kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash borasida mutasaddi tashkilotlarning faoliyatini “mahallabay” tashkil etish, ushbu oilalarning mehnatga layoqatli a’zolarini kasb-hunarlarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanishga ko‘maklashish sohalarida ham olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish lozimligi ta’kidlandi.
 
 
Viloyat hokimi Murodjon Azimov hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish, tashkilotlar tomonidan mahallalarda ishlarni “xonadonbay” yuritishlari lozimligiga alohida e’tibor qaratdi. Mahallalarda va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarning yuzaga kelishida mutasaddilarning mas’uliyati va javobgarligini oshirish lozimligini ma’lum qildi.
 
 
Viloyat rahbari kam ta’minlangan oilalarning ko‘payishi sabablari va ularga olib keluvchi omillardan kelib chiqib, ularni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarga birma-bir to‘xtalib o‘tdi hamda “viloyat tajribasi”ni yaratish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berdi. “Bugungi yig‘ilishdan har bir rahbar o‘ziga tegishli xulosa chiqarib olishi kerak”, – dedi viloyat rahbari.
 
Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar, ularni hal etish chora-tadbirlari belgilab olindi.
11-12-2021 |
Foto galereya