Dunyoda ko‘pgina taraqqiy etgan mamlakatlar tajribasida davlat rahbarining milliy parlament a’zolari va keng jamoatchilik oldida mamlakatdagi dolzarb siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy masalalar va jamiyatni demokratik rivojlantirish bo‘yicha Murojaatnoma bilan chiqish tajribasi mavjud.
 
Ushbu amaliyot yurtimizda ham joriy etilib, O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Prezidentning parlamentga 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Murojaatnomasi taqdim etildi.
 
Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli, bugun O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot prinsipiga g‘oyat uyg‘un va hamohang bo‘lib, har birimizning ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilib kelmoqda.
 
O‘z navbatida, Davlat rahbarining tashabbusi bilan barcha viloyat, tuman va shahar hokimlari 2020 yildan buyon o‘z zimmasiga olgan majburiyat va rejalari ijrosi haqida mahalliy kengashlar oldida hisobot berish tizimi yaratildi. Mazkur amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning dastlabki natijalari aholining hayoti va kundalik turmushida o‘zining yaqqol ifodasini topmoqda, odamlarning ijtimoiy faolligi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi o‘sib bormoqda.
 
Kuni kecha, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi navbatdagi sessiyasida, viloyat hokimi Murotjon Azimovning “Viloyatning 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda 2022 yilgi rejalari” haqidagi xalqqa murojaati jamoatchilik vakillari tomonidan katta qiziqish bilan kuzatildi.
 
Ta’kidlash joizki, Xalq bilan ochiq muloqot natijalari asosida tayyorlangan ushbu Murojaatnomaning pirovard maqsadi barcha sohalarni rivojlantirish orqali xalqimizning farovonligini oshirish va kundalik hayotidagi muammolarni hal etishni o‘z ichiga olgan desak ayni haqiqatdir.
 
Shu o‘rinda, viloyatda joriy yil davomida 20 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar yaratish, meva-sabzavotni qayta ishlash darajasini 25 foizga yetkazish, tumanlarda 11 ta kichik sanoat zonalarini tashkil etish, shuningdek tijorat banklarining kreditlari asosida xizmat ko‘rsatish sohasida 650 milliard so‘mlik 500 ta yangi loyiha amalga oshirilishi belgilab berilganligi ham aholi manfaatlarini o‘ylab amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
 
Bundan tashqari, kelgusi ikki yilga mo‘ljallangan 1 ming 153 ta investisiya loyihasining iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatini ta’kidlab, buning uchun qariyb 1 milliard dollar xorijiy investisiyalarni o‘zlashtirib, 19 mingta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
 
Pandemiya davri bo‘lishiga qaramasdan viloyat yalpi hududiy mahsuloti 108,4 foizni, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish 114,6 foizni, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 100,1 foizni, xizmat ko‘rsatish 118,5 foizni, chakana savdo 111,8 foizni, qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish 103,1 foizni, pudrat ishlari 119,6 foizni tashkil qilib, barcha yo‘nalishlarda o‘sish ta’minlangan.
 
2021 yilda investisiya dasturlari doirasida viloyatda umumiy qiymati 3 tlrn 900 mlrd so‘mlik 853 ta hududiy hamda 157 mln 200 ming AQSH dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya va kreditlar hisobiga 6 ta yirik loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilgan. Mazkur loyihalarni ishga tushirish hisobiga viloyatda 7 ming 540 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, 75 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha soliq bazasi yaratilganini e’tirof etish zarur albatta.
 
Qolaversa, bugungi kunda viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlari soni 61 ming 512 taga, kichik biznesning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 69 foizga, sanoatda 25 foizga, xizmat ko‘rsatishda 75 foizga, byudjet tushumidagi ulushi esa 58 foizga yetkazilgan.
 
Shuningdek, 2022 yida ham viloyatda aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda investisiya loyihalari amalga oshirish, shu bilan birga oilaviy tadbirkorlik, xizmatlar sohasi, sanoat va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida ustuvor vazifalar belgilab olindi.
 
Albatta, ushbu sohalarni yanada rivojlantirish maqsadida belgilab olingan vazifalar, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni ro‘yobga chiqarish, uni to‘laqonli amalga oshirish, nafaqat jamiyatda, balki barchamiz uchun eng muhim bosh mezon hisoblanadi.
 
Jumladan, keyingi yili 105 ming nafar aholi bandligini ta’minlash, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun 100 mln. dollar qo‘shimcha resurslar hamda tadbirkorlarga kredit foiz to‘lovlarini kompensasiya qilishga qo‘shimcha 100 mlrd. so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, viloyat hududlarini jadal rivojlantirish maqsadida umumiy qiymati 49,3 trln. so‘mlik 748 ta hududiy hamda umumiy qiymati 162 mln.dollar bo‘lgan 98 ta xorijiy investisiya loyihasi amalga oshiriladi.
 
E’tiborlisi, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish maqsadida 73 ta davlat aktivlarini 71 mlrd. so‘m boshlang‘ich qiymatda ommaviy savdolarga chiqarish ko‘zda tutilmoqda.
 
Mamlakatimiz iqtisodiyotining yana bir muhim tarmoqlaridan biri transport va infratuzilmani rivojlantirish maqsadida, 680 km uzunlikdagi ichki yo‘llar va ko‘chalar hamda 10 ta ko‘prik ta’mirlash belgilanganini alohida ta’kidlash joizdir.
 
Viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 26 ta qishloq va 4 ta mahallalarda 538 km ichki yo‘llar, 451 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari, shuningdek 24 ta suv inshootlarini qurish va ta’mirlash, shuningdek 398 km elektr liniyalari tortiladi va 55 ta transformatorlarni yangilash, 3 ming 283 ta tayanch ustunlar o‘rnatish ishlari olib borilishi, shu bilan birga 4 ta bog‘cha, 24 ta maktab va 11 ta tibbiyot muassasasida qurilish ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi uchun davlat va mahalliy byudjet hamda boshqa manbalar hisobidan 463 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilanganliga chin ma’noda soha rivojiga muhim ahamiyat kasb etadi.
 
Belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish juda muhim hisoblanadi. Demokratiyaning tayanch ustunlaridan biri bo‘lmish jamoatchilik nazorati orqali davlat hokimiyati organlarining faoliyati ochiq va oshkoraligi, shaffofligi ta’minlanadi.
 
Shuningdek, viloyatdagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatini boshqa institutlari hamda davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, shaffoflikni ta’minlashga erishiladi.
 
Shunday ekan, Muhtaram Yurtboshimiz bot-bot ta’kidlaganlari kabi “Yangi O‘zbekistonni mard va olijanob xalqimiz bilan birga qo‘ramiz”, degan tamoyili asosida bugungi tub o‘zgarish va islohotlarni yurtimizdagi har bir fuqaro ongiga yetib borishini ta’minlash fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy vazifalaridandir.
 
 
                                                                                                              Shodmonov Davron Do‘stmurodovich
                                                                                                        “Yuksalish” umummilliy harakati Qashqadaryo
                                                                                                                      hududiy bo‘linmasi rahbari
22-12-2021 |
Foto galereya