Takroran bо‘lsa-da, Sizga murojaat qilishga qaror qildim va bugungi kо‘rgan-kechirganlarim meni shunga undadi.

Bilaman, ishingiz, tashvishingiz kо‘p. Buni tо‘g‘ri tushunaman. Ammo bugun vaziyat jiddiylashmoqda. Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov “kasallik qо‘zg‘atuvchisi О‘zbekiston hududi bо‘ylab aylanib yuribdi. 90 mingdan ortiq kishi tibbiy kuzatuvga olingan. Ularning orasida virus yuqtirgan shaxslar chiqib qolishi ehtimoli bor. Ehtiyotingizni qiling, uyda qoling” deya Siz va bizga vaziyat og‘irligini bildirmoqda.

Yodingizdan chiqarmang, har biringizning, tumandagi 150 ming aholining salomatligi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich, hurmatli viloyatimiz rahbari Zoir Toirovich hamda men uchun juda qadrli.

Bugun tong azonlab, tuman hududini yana bir bor kо‘zdan kechirdim. Ming taassufki, kо‘pchilik yurtdoshlarimiz nafaqat о‘zi, hatto murg‘ak farzandi hayotini ham xavf ostiga qо‘yib, kо‘chaga chiqqan. Bamaylixotir, sayr qilmoqda.

Bilaman, Siz musaffo osmon ostida shunday yashashga о‘rgangansiz va shu hayot Sizga ma’qul. Bu xalqimizga xos turmush tarzi, buniyam bilaman. Ammo, farzandlaringiz va Sizni jonidan ortiq kо‘ruvchi yaqinlaringiz salomatligi uchun karantin paytida uyda qoling. Sizdan yagona о‘tinchimiz ham — shu.

Nadomat va qayg‘u bilan Sizga shuni ma’lum qilamizki, yurtimizda koronavirus yuqtirib olganlar 158 nafarga yetdi. Ammo bu raqam о‘sishda davom etmoqda. Tо‘xtab turmayapti. Bilasizmi nega? Boisi, Siz va Sizdek tumandoshlarimiz uydan chiqishda davom etyapti. Bu esa kasallikning kо‘payishiga, bir insondan bir necha insonga yuqishiga sabab bо‘lmoqda.

Keling, Siz ulanib ketayotgan zanjirni uzing. Uyda qolib, yaqinlaringiz va farzandlaringiz sog‘lig‘iga e’tibor qarating.

Hokim sifatida Sizga ishonaman va suyanaman. Bilaman, Siz ham bizni qо‘llab – quvvatlaysiz.

 

Hurmat bilan,

Dehqonobod tuman hokimi Zoir Aliqulov

31-03-2020 |
Foto galereya