Assalomu alaykum, aziz vohadoshlar!
 
Bugun mamlakatimiz miqyosida muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bizni Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Inson qadrini ulug‘lash g‘oyalari atrofida birlashtirdi.
 
Ona tabiatni asrash va tabiiy resurslardan samarali foydalanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
 
Azal-azaldan ko‘chat ekkan, bog‘ yaratgan insonlarga xalqimiz alohida ehtirom bilan qarab, ulug‘lab keladi.
 
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil “Yashil yillik” umummilliy tadbir yili deb e’lon qilindi.
 
O‘z navbatida, bahor eshik qoqayotgan shu kunlarda viloyatimizning har bir fuqarosini yon-atrofni xushmanzara bo‘lishiga hissa qo‘shishini xohlaymiz.
 
Ko‘chat ekish, gulu nihollarni ko‘paytirish bu musaffolik, ekologik muhit sofligi hamda ona tabiatga g‘amxo‘rlik va insoniylikning yuksak namunasidir!
 
Eng muhimi, shu toza havodan o‘zingiz, oila a’zolaringiz, boringki kelajakda nevara-evaralaringiz nafas oladi. Yoniga farzandi, nevaralarini olib ko‘chat ekkan hamyurtimiz ularga ibrat bo‘ladi, bu qadriyatning davomli bo‘lishini ta’minlaydi.
 
Agar “ekologik muhit ifloslandi” yoki “buzildi” deb qo‘l qovushtirib turaversak, keyingi 5-10 yillikda ahvol qanday bo‘ladi? Bir o‘ylab ko‘ring.
 
Hurmatli vohadoshlar, aziz yoshlar!
 
Hadisi sharifda bizga ato etgan ne’matlarni, ona tabiatni asrab-avaylash, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, iymonning yarmi ekani, ekilgan har bir daraxtning mevasidan yoki soyasidan boshqalar bahramand bo‘lsa, uni ekkan kishiga savob yozilishi haqida aytiladi.
 
Shunday ekan, daraxtni kesish, borni yo‘q qilish bilan emas, yaratish, ekish va ko‘klamzorlashtirish ishlari bilan shug‘ullanish ulkan savob, kelajak avlod uchun yuksak xazinadir!
 
Viloyatimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish belgilab olingan.
 
Mavjud 796 ta mahalla va 13 800 dan ortiq ko‘chalarni obod qilish, mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish, bog‘ barpo etish, ona tabiatni asrashga o‘z hissamizni qo‘shish bo‘yicha Dastur ishlab chiqildi.
 
Viloyatimizning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, o‘tgan yil kuz mavsumi va joriy yilning bahor mavsumida 16 mln. 356 ming dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekishni reja qilib olganmiz.
 
Shu o‘rinda, olimlarimiz va mutaxassislarimiz bilan maslahatlashgan holda, viloyatning:
 
cho‘l hududlarda issiq garmsel va qurg‘oqchilikka chidamliligi uchun qayrag‘och (gujum), chinor, bodom daraxtlari;
 
sho‘rlanishga qarshi tut, suvsizlikka chidamli saksovul, yasen (shumtol), yapon saforasi daraxtlari;
 
tog‘li hududlarda dub, igna bargli daraxtlar (archadoshlar) barcha turlari, lola daraxti, yapon saporasi daraxtlari ekilmoqda.
 
Hozirgacha viloyat bo‘yicha 7 mln 285 ming tup manzarali, mevali daraxt, butalar ko‘chatlari hamda qalamchalari ekildi.
 
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda viloyat markazidan tortib chekka tumanlargacha bo‘lgan hududlarda hasharlar tashkil etilmoqda. Bizni mamnun etayotgani, mazkur ezgu va xayrli ishda yetti yoshdan, yetmish yoshgacha bo‘lgan aholi vakillari ham faol ishtirok etishmoqda. Jumladan,
 
Qarshi - Samarqand yo‘lida joylashgan 37 gektarlik Qo‘ng‘irtog‘ maishiy chiqindi poligonida obodonlashtirish ishlar olib borildi. 24 gektar yer maydoniga 17 ming dona daraxt va buta ko‘chati ekildi.
 
Ushbu daraxtlarni ekish rejasida dastlab sug‘orish masalasini hal qilish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar ishlab chiqilgan. Suv manbaidan poligongacha bo‘lgan 4 km uzunlikdagi masofaga Amu-Qashqadaryo havza boshqarmasi tomonidan 1,6 mlrd so‘mlik quvurlar tortish ishlari olib borilmoqda.
 
Tashkil etiladigan bog‘ning o‘zida tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish maqsadida mahalliy byudjetdan zarur mablag‘lar ajratilmoqda.
 
Azizlar, Viloyatimizda ko‘chatchilik tarmog‘ini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Joriy yilning bahorida 9 mln. donadan ortiq ko‘chatlar ekiladi.
 
Kelgusida, Talab etiladigan ko‘chatni to‘liq o‘zimizda yetishtirish maqsadida 2022-yilda o‘rmon xo‘jaliklarini 65 gektar maydonida yangidan niholxona va ko‘chatxonalar tashkil qilib, 18 mln. dona nihol hamda ko‘chatlar yetishtirish rejalarimiz ham bor.
 
Shuningdek, joriy yilda 152 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘lari, 37,8 gektar “yashil bog‘lar” 22,5 gektar “yashil jamoat parklari” hamda bir turdagi daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali "kashtan ko‘chasi", "chinor ko‘chasi” kabi daraxt nomlari bilan ataluvchi 58 ta  namunaviy ko‘chalar tashkil etiladi.
 
Daraxt ekkanimiz bilan u o‘z-o‘zidan ko‘karib qolmaydi. Aslida ekishdan ham ko‘ra uni ko‘kartirish bizdan alohida g‘amxo‘rlikni talab qiladi. Ko‘chatlarning to‘liq ko‘karishini ta’minlash uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadi.
 
Buning uchun 693 km (shundan, 360 km avtomobil yo‘llari yoqasi, 221 km fermerlar dala chetiga, 110 km mahallalar hududi va aholi xonadonlari) sug‘orish tizimi barpo qilinadi.
 
Sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun 41 dona sug‘orish qudug‘i, 39 dona nasos agregati va 360 km qo‘shimcha sug‘orish tarmog‘ini qurish hamda 76 km uzunlikdagi ko‘chatlarga tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadi.
 
Oldimizda turgan yuksak marra va maqsadlarni amalga oshirish uchun ayni kunlardan harakatni boshlamoq, bahor oylarida sidqidildan mehnat qilish, daraxt ko‘chatlarini ekish bilan birga undirib olish chorasini ko‘rish – chin insoniy vazifamiz va Konstitutsion burchimizdir.
 
Obodlik ko‘ngildan boshlanadi! Har bir hamyurtimizni o‘z tomorqasi, hovlisi, ko‘cha va mahallasidan boshlab nihol ekishga, xonadonlari atrofini gulu gulzorga aylantirishga chorlaymiz. Bog‘dorchilikda tajribasi bo‘lgan bog‘bonlarni, dehqonu fermerlarni namuna ko‘rsatishga, bog‘ yaratib, go‘shalarni fayzli maskanga aylantirishga da’vat etamiz. 
 
Keyingi yillarda iqlim o‘zgarishi kuzatilib, hayotimizda tez-tez qum va chang bo‘ronlari uchramoqda, shu muhitda yashashga majbur bo‘lyapmiz. Bu kabi holatlardan barchamiz tashvishga tushmoqdamiz.
 
Lekin, bu ekologik holatni chetdan kelib birov bizga yaxshilab bermaydi. Yoki kimdir biz uchun daraxt ekib bog‘ yaratib bermaydi. Buning hammasi bizning o‘z qo‘limizda.
 
Barchangizni, nafaqat ekologiya, balki inson salomatligi, yoshlar tarbiyasida beqiyos ahamiyati bo‘lgan bu umummilliy loyihani sog‘liqni saqlash muassasalari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida alohida taraddud bilan olib borish, har bir uyda, har bir mahallada hasharlar tashkil etib, bu ommaviy tadbirga munosib hissa qo‘shishga chaqiraman.
 
Biz yoshlarimizga muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan tashabbusning mazmun mohiyatini, azaliy milliy qadriyatlarimizni tushuntirishimiz, Vatanimizni bog‘-u bo‘stonga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shishga chorlashimiz, har birimiz shu jarayonning ichida yashashimiz lozim.
 
Ulkan Vatan bog‘ini obod va fayzli bo‘lishiga munosib hissa qo‘shing! Birlashib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik!
 
Keling, aziz yurtdoshlar, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etaylik.
 
E’tiboringiz uchun rahmat!
21-02-2022 |
Foto galereya