1-3 avgust kunlari viloyatimizda о‘tkazilgan I Xalqaro geoturistik forumi yakuniga kо‘ra, YUNESKO О‘zbekistonning mamlakat va butun MDH hududidagi birinchi geoparkni yaratishga oid tashabbusini qо‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi va 2020 yilda shu mavzuda hamkorlikda konferensiya о‘tkazishni taklif qildi. 

Ilgari xabar berganimizdek, yurtimizda ilk bor uyushtirilgan xalqaro geoturistik forumi О‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish hamda Geologiya va mineral resurslar davlat qо‘mitalari hamkorligida tashkil etildi.

Asosiy qismi vohamizdagi noyob tabiiy hudud - Kitob davlat geologiya qо‘riqxonasida bо‘lib о‘tgan forum Shahrisabz madaniyat saroyida tantanali ravishda ochildi. Marosimda о‘zbekistonlik va chet ellik olimlar, geologiya va mineral resurslar sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar ishtirok etdi.

- Birinchi geoturistik forumning Kitob davlat geologiya qо‘riqxonasi hududida о‘tkazilishi ramziy ahamiyatga egadir, zero jahon okeanidan quruqlikka chiqqan hayotning boshlanish joyi mamlakatimizda geoturizmni rivojlantirish uchun ayni muddaodir, - dedi ochilish marosimida Turizmni rivojlantirish davlat qо‘mitasi raisining birinchi о‘rinbosari vazifasini  bajaruvchi Ulug‘bek Kasimxodjayev. - Forumning maqsadi О‘zbekistonda geo- va paleo-turizmni rivojlantirish uchun yangi istiqbol va imkoniyatlarni ochish, jahonning geologiya va paleontologiya ilm markazlari bilan о‘zaro manfaatli hamkorlikni о‘rnatish, ilmiy va amaliy tajriba almashish, yangi turistik mahsulotlarni yaratish, mavjud turistik dasturlarni boyitishdan iboratdir.

Shundan sо‘ng tadbirda mahalliy va xorijiy olimlarning chiqishlari tashkil etilib, ular "О‘zbekistonni 2030-yilgacha bо‘lgan davrda barqaror rivojlantirishda milliy maqsad va vazifalar hamda zamonaviy geoturizm", "Geoparklar faoliyatini yо‘lga qо‘yish orqali geoturizmni rivojlantirish va bunda YUNESKOning geofanlar va geoparklarga oid xalqaro amaliy tajribasidan foydalanish" kabi mavzularni qamrab oldi.

Forumning bevosita Kitob geologik qо‘riqxonasi hududida о‘tkazilgan qismida ishtirokchilar Zinzilbon kesimida joylashgan devon tizimining xalqaro stratigrafik etalonlaridan biri - 1996 yilda geologiya fanlari xalqaro uyushmasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ems yarusining quyi chegarasi stratotipini borib kо‘rishdi. Tadbirda aytilganidek, Yerning geologik tarixiga oid bu noyob tabiiy-ilmiy yodgorlik shu paytgacha faqat olimlar uchun ochiq bо‘lgan. Forum doirasida esa uning tashkilotchilari bu paleontologik-stratigrafik obyektni barcha sayyohlar ham kelib kо‘rishlariga ruxsat berish rejalashtirilayotgani va bu borada yangi geoturistik yо‘nalish ochilishi mumkinligini bildirishdi.

Forumda ishtirok etgan olimlar esa qо‘riqxonaning butun hududini о‘rganish bо‘yicha zarur ilmiy va marketing tadqiqotlarini о‘tkazish, О‘zbekistonda xalqaro tajriba asosida birinchi geoparkni yaratish bо‘yicha "yо‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va unda, albatta, geologik yodgorlik va atrofidagi tabiatni asl holida saqlashni nazarda tutish zarurligini ta’kidlashdi.

- Mazkur forum geoturizmni rivojlantirish hamda shu mavzudagi muhokamalarni davom ettirishga turtki bermoqda, - dedi tadbirning yakuniy qismida  YUNESKOning Markaziy Osiyodagi ofisi tabiiy fanlar bо‘limi boshlig‘i Kristina Tovmasyan. - Bu yerda geoparkni rivojlantirishga bо‘lgan katta qiziqishni kо‘rar ekanmiz, YUNESKO О‘zbekistonning geopark yaratishga doir tashabbusini qо‘llab-quvvatlashga tayyor. Afsuski, MDH mamlakatlari hududida YUNESKO global geoparklar tarmog‘i, shuningdek, bu tarmoqni rivojlantirishga oid tajriba yо‘q. Shu bois biz kelgusi yilda О‘zbekiston bilan hamkorlikda geoparklar bо‘yicha konferensiya о‘tkazishni taklif qilamiz.

I Xalqaro geoturistik forum doirasida uning ishtirokchilari tomonidan ekologik va geologik turizmni rivojlantirishda о‘zaro manfaatli hamkorlik о‘rnatish, tajriba almashish, yangi turistik mahsulotlar yaratish va mavjud dasturlarni boyitishga doir protokol imzolandi. 

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

06-08-2019 |
Foto galereya