Chiroqchi tumanining ertapishar poliz ekinlari dovrug‘i nafaqat mamlakatimizda chet davlatlarda ham yoyilib ulgurdi. Ana shunday ishbilarmon va mehnatkash xalq bo‘lgan chiroqchiliklar bu yil munosib infratuzilma va ishchi o‘rinlari kengayishi hisobiga yashash sharoitlari yana-da yaxshilanadi.

11 may kuni Chiroqchi tumanining “Sho‘rbozor” mahalla fuqarolar yig‘inida viloyat rahbarlarining tuman jamoatchiligiga o‘tgan chorak va keyingi maqsadlar yuzasidan o‘tkazgan hisobot yig‘ilishida chiroqchiliklarga yaratilgan va yaratiladigan imkoniyatlar taqdimot shaklida hamda masʼul tashkilotlarning hisobotlari orqali tanishtirildi.

Chiroqchi tumani Qashqadaryo viloyatining eng ko‘p aholi istiqomat qiluvchi hududlaridan biridir. Shu bois, tumanda ishsizlik muammosi muhim masalalardan bo‘lib kelmoqda. Tumanda 422,1 ming aholi vakillari istiqomat qilsa, 16,1 ming nafari mehnatga layoqatli band bo‘lmagan fuqarolardir. Shundan  “Yoshlar daftari”ga kiritilganlar 12 372 nafar, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar 1 674 nafar, harbiy xizmatdan qaytadiganlar 182 nafar, jazoni ijro etish maskanlaridan 6 nafar, mehnat bozoriga kirib keladiganlar esa 3 903 nafar hamda 977 nafar ish izlab yurganlar hisobi tashkil etadi. 

Ijtimoiy dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar ajratish, investitsiya loyihalari, yer ajratish, xaq to‘lanadigan jamoat ishlari, maxsus kurslarda o‘qitilib, xorijiy davlatlarga yuborish, subsidiyalardan foydalanish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali shu yili 8,4 ming ishsizlar bandligi taʼminlanishiga erishilishi kutilmoqda. Shu bilan birga fuqarolarning o‘zini-o‘zi band qilishi uchun choralar ko‘riladi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturi doirasida Qarshi shahridan keyingi eng ko‘p ijtimoiy kredit resurslari 58 mlrd 674 mln so‘m chiroqchiliklar tadbirkorligiga yo‘naltirilgan. 7 may holatida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 1 822 ta imtiyozli kredit rasmiylashtirilib, 38 mlrd 961 million mablag‘ sarflangan.

Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshiriladigan 51 ta loyiha orqali 339 nafar ish o‘rinlari yaratiladi. Xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari bo‘yida xizmat ko‘rsatish va turizm sohasida 87 ta obyekt tashkil etiladi.

Bepoyon Chiroqchi adirlarida chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali subsiyadilar ajratilishi va shu orqali ishchi o‘rinlari kengayishi hisobi ham olinmoqda.

Shuningdek, tumanda kommunal xizmatlar ko‘rsatish, ichimlik suvi, avtomobil va ichki yo‘llar yaxshilanadi. Chiroqchining qishloqlarida turar-joylar quriladi.

Mahallabay tizimi doirasida aniqlangan 18 ta MFYlarda 11,7 mlrd so‘m hisobiga 36,6 km ichimlik suv tarmoqlari tortiladi.

16,5 mlrd evaziga 145,3 km elektr uzatish tarmoqlari rekonstruksiya va yangidan qurilish ishlari olib boriladi. 4,4 mlrd sarflanib, 44 ta transformator punktlari quriladi.

Tuman xududidagi avtomobil yo‘llarini taʼmirlash ishlari uchun 26,4 mlrd so‘m ajratilib, ushbu mablag‘lar evaziga 58 km yo‘l taʼmirlanadi. 17,1 mlrd so‘m sarflanib, avtomobil yo‘llarida joylashgan 6 dona ko‘priklar qayta quriladi. Tuman hududida 4 km piyodalar yo‘laklari va 73 dona tungi ko‘cha yoritish ustunlari o‘rnatiladi.

Shu kuni jamoatchilikka berilgan hisobotdan so‘ng viloyat rahbarining sayyor qabuli ham o‘tkazildi. Qabul davomida 21 nafar fuqaro tomonidan 28 ta masala yuzasidan murojaatlar qilindi. Ushbu murojaatlardan 16 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, 5 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi. 7 tasi masalani hal etish uchun o‘rganish jarayonida.

Sayyor qabulda ishtirok etib, murojaati ijobiy yechim topgan beglamishlik Nargiza Qurbonmurotova o‘zida yo‘q xursand. U viloyat hokimiga xonadonida uy kutubxonasi tashkil etish maqsadi borligini bildirdi. Nargizaning murojaati ijobiy hal etilib unga kutubxona tashkil etish uchun 15 million so‘m miqdorida pul ajratiladigan bo‘ldi.

12-05-2021 |
Foto galereya