O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar Markazi viloyat filiali tomonidan 2021-yilda iste’mol mollarini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.
Unga ko‘ra, viloyatda 4615,4 mlrd so‘mlik (2020-yilga nisbatan 98,0%) iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, respublikadagi ulushi 3,0% (2020-yilda 3,8%)ni tashkil qilgan holda hududlar orasida 9-o‘rin (2020-yilda 9-o‘rin)ni egallagan hamda ishlab chiqarilgan iste’mol mollari tarkibida oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi - 59,7%, nooziq-ovqat mahsulotlari - 38,0%, alkogolli mahsulotlar - 2,3%ni tashkil qilgan. Shuni ta’kidlash lozimki, viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2020-yilga nisbatan - 1,9%, nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish -1,3%, alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish -13,5% ga kamaygan.
Shuningdek, tuman (shahar)lar kesimida 2021-yil ishlab chiqarilgan iste’mol mollari xajmi 2020-yilga nisbatan Shahrisabz (107,3%), Dehqonobod (106,0%), Chiroqchi (103,3%), Gʻuzor (103,0%), Mirishkor (102,5%), Kasbi (102,4%), Qamashi (102,1%), Kitob (101,8%), Nishon (101,1%), Qarshi (100,7%), Yakkabog‘ (100,3%) tumanlari va Qarshi (102,4%) hamda Shahrisabz shahrida (102,1%) oshgan bo‘lsa, Koson (97,9%) va Muborak (97,5%) tumanlarida pasayish tendensiyasi kuzatilgan.
Qarshi shahri (viloyatdagi ulushi 23,3%), Chiroqchi (12,9%), Shahrisabz (10,3%) tumanlarining viloyat iste’mol mollari ishlab chiqarishdagi ulushi yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Mirishkor (3,0%), Dehqonobod (2,3%), Kasbi (2,2%) va Muborak (1,7%) tumanlarining ulushi past bo‘lgan.
 
 
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari ishlab chiqarish xajmi viloyat bo‘yicha 1368,8 ming so‘mni (Respublika ko‘rsatkichidan 3,1 barobar past, hududlar orasida 13-o‘rin) tashkil qilgan holda 2020-yilga nisbatan 3,9 foizga kamaygan. Shuni ta’kidlash lozimki, viloyatning birorta hududi ko‘rsatkichi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lmagan.
Qarshi (2,8 barobar) va Shahrisabz (1,6 barobar) shaharlari, Shahrisabz (1,5 barobar), Chiroqchi (102,0%) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keluvchi iste’mol mollari xajmi viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Yakkabog‘ (97,7%), Nishon (89,6%), Koson (88,6%), Mirishkor (83,0%), Kitob (73,8%), Muborak (65,6%), Gʻuzor (34,1%), Qarshi (54,4%), Dehqonobod (2 barobar), Qamashi (2,1 barobar) va Kasbi (2,8 barobar) tumanlarining ko‘rsatkichi viloyat ko‘rsatkichiga nisbatan past bo‘lgan.
Tuman (shahar)larda jon boshiga to‘g‘ri keluvchi iste’mol mollari ishlab chiqarish xajmi bo‘yicha yuqori o‘sish sur’atlarining ta’minlanmagani, ayrim tumanlarda 2020-yilga nisbatan pasayish holati kuzatilganligi umumiy holatda viloyat ko‘rsatkichining past bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, Yakkabog‘ (99,2%), Nishon (98,8%), Qarshi (98,3%), Koson (95,7%) va Muborak (95,4%) tumanlarida jon boshiga to‘g‘ri keladigan iste’mol mollari ishlab chiqarish xajmi kamaygan.
Umumiy holatda, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining real ehtiyoji qondirilishi nuqtai nazaridan viloyatda iste’mol mollari ishlab chiqarish bo‘yicha yangi loyihalar sonini ko‘paytirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqilishi talab etiladi.
03-02-2022 |
Foto galereya