Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev Koson tumanidagi “Koson” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘alla va g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.
 
Fermer xo‘jaligi 82 gektar maydonga ega bo'lib, asosan g‘alla va paxta ekinlariga ixtisoslashgan.
 
– Bozor iqtisodiyotida ishni harakatlantiruvchi kuch nima? Manfaat. Fermer xo‘jaliklari ham daromadni ko‘paytirishni o‘ylashi kerak. Daromad bor joyda rivojlanish bo‘ladi. Unumdorlikni oshirish uchun foydaning bir qismini ilmga, yangi texnologiyalarga sarflash kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Bu yerda paxta va g‘alla dalalari atrofiga tok, tut hamda oshqovoq ekilgan bo'lib, Prezidentimiz bu tajribani kengaytirib, barcha klaster va fermer xo‘jaliklari dalasidagi atrofidagi bo‘sh joylarda meva-sabzavotlar yetishtirish zarurligini ta’kidladi.
 
Viloyat qishloq xo‘jaligi sohasida eng katta muammolardan biri – suv kamligi hisoblanib, bu borada yomg‘irlatib va tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlovlar amalga oshirilmoqda.
 
Xuddi shunday “Koson” fermer xo‘jaligida ham yomg‘irlatib sug‘orish tashkil etilgan 23 gektar maydonda g‘alla o‘smoqda. Bu yil yana 23 gektar g‘alla maydonida yomg‘irlatib hamda 30 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilinadi va natijada 46 ming metr kub suv, 11 tonna mineral o‘g‘it iqtisod qilinadi.
 
Davlat rahbari tumandagi “Bunyodkor” paxta-to‘qimachilik klasteri ishlab chiqarish korxonasiga ham tashrif buyurdi.
 
Bu yerda prezidentning klaster g‘oyasi asosida paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashning to‘liq sanoat «zanjiri» yaratilgan va birinchi loyiha doirasida qariyb 21 milliard so‘mlik investitsiya o‘zlashtirilgan hamda zamonaviy tikuvchilik fabrikasi tashkil etilgan.
 
Turkiya va Italiyadan keltirilgan uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona yiliga 6 million dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Daromad jihatidan aytganda, qariyb 100 milliard so‘mlik yuqori sifatli kiyim-kechaklar tikilib,  2 million dollarlikdan ziyod tayyor mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.
 
Hozirgi kunda fabrikada 320 nafar xotin-qizlar ishlamoqda. Tashrif chog'ida prezident ular bilan suhbatlashib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
 
Davlatimiz rahbari shu yerda soha mutaxassislari, paxta-to‘qimachilik klasterlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.
 
- Biz hozirgi klaster tizimi bilan yengil bosqichni qivoldik. Endi sifat, narx, bozor nuqtai nazaridan yo‘l ochiq. Shuning uchun klasterlarimizning chet ellarga xizmat safarlari, ko‘rgazmalarini tashkil etish kerak, - dedi Prezident.
 
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Koson tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazida ham bo'ldi.
 
Bu yerda texnika va xizmat ko‘rsatish sohalarida 20 ga yaqin kasb-hunarga o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan bo'lib, o'quv va mashg‘ulot xonalari tegishli barcha jihozlar bilan ta’minlangan.

Ularga jahon standartlari darajasida ko‘nikma berish  maqsadida Germaniya, Turkiya va Yaponiya davlatlaridan mutaxassislar jalb qilingan hamda markaz qoshida xorijiy tillarni o‘qitish ham yo‘lga qo‘yilgan.

Qo‘shni tumanlardagi ishsiz fuqarolarga ham amaliy va nazariy ta'lim beradigan ushbu maskanda 2 oydan 6 oygacha bo‘lgan kurslar mavjud. 

Prezidentimiz markazda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan kasb o‘rganayotgan yigit-qizlar bilan suhbatlashdi. 

– Sizlarning ertangi kuningizga befarq bo‘lmay, kasbga intilishingiz meni xursand qildi. Bunday markazlarni nima uchun qilayapmiz? Ilgari yoshlar kasb egallashi uchun Toshkentga yoki boshqa shaharlarga borardi. Endi o‘sha sharoitlarning o‘zi yoshlarning oldiga kelayapti. Maqsadimiz - aholini kasb-hunarli qilish.

Yaxshi hunari bor odam ishsiz qolmaydi, kerak bo‘lsa uyidan olib ketishadi. Shuning uchun bu imkoniyatlardan foydalanib, yo‘lingizni topib olishingiz kerak, - deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shundan so‘ng, yurtboshimiz tashrif davomida tumandagi so‘ngi manzili sifatida “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.

Bu yerda 2022-2026 yillarda 120 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablar, mahalla idorasi, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport majmuasi kabi turli ijtimoiy ob’yektlar barpo etiladi. Ushbu hududda istirohat bog‘i va stadion borligi aholiga qulaylik yaratadi.

Shu yerning o‘zida viloyatda ichimlik suvi ta’minoti va oqova tarmog‘ini yaxshilash borasidagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

23-04-2022 |
Фото галерея