Joriy yilning 16-17-fevral kunlari UNICEF tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi direktori Munir Mammadzade boshchiligidagi delegatsiya viloyatimizga tashrif buyurdi. Tashrif viloyat hokimi Murotjon Azimov bilan rasmiy uchrashuvdan boshlandi.

Uchrashuvda quyidagi masalalar muhokama qilindi:

- maktabgacha ta'lim qamrovini oshirish, mazkur ta'lim muassasalarini jihozlash hisobidan qo'shimcha o'rinlar yaratish;
- maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya jarayonini takomillashtirish;
- bolalar tibbiyot muassasalarini jihozlash, Qarshi shahridagi Ona va bola tibbiyot klasteriga zamonaviy tibbiyot jihozlarini olib kelib, shu yerning o'zida murakkab jarrohlik amaliyotlarini yo'lga qo'yish;
- umumta'lim maktablarida ta'lim sifatini oshirish, ularning biologiya, fizika va kimyo laboratoriyalari jihozlari bilan ta'minlash;
- maktablarning suv ta'minoti va sanitariya-gigiena maskanlarini yaxshilash;
- xorijiy tillar fanlari o'qituvchilarini til sertifikatlari olishga o'qitish;
- maktab bitiruvchilarini kasb-hunarga o'rgatish, jumladan, qizlarni zamonviy kasblardan dasturchilikka o'rgatish.

Shuningdek, UNICEF tashkiloti bilan viloyat hokimligi o'rtasida anglashuv Memorandumi va yillik harakatlar rejasi imzolashga kelishildi.

Delegatsiya joylarda o'rganish va uchrashuvlarda ishtirok etdi. Xususan, viloyat ko'p tarmoqli bolalar shifoxonasida bolalar kardiojarrohligi, ayniqsa, tug'ma yurak porogi bilan og'rigan bolalarga murakkab jarrohlik amaliyotlarini viloyatning o'zida o'tkazish, bolalar gematologiyasi va onkogematologiyasi bo'limlarini jihozlash hisobidan bemor bolalarga tibbiy xizmatlarni ko'rsatish ko'lamini oshirish va tibbiyot majmuasini zamonaviy tibbiyot asbob uskunalari bilan jihozlash bo'yicha o'rganishlar olib bordi.

Bundan tashqari, Qarshi shahri va Koson tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasalarida bo'ldi.

17-02-2023 |
Foto galereya