Assalomu alaykum, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Hurmatli talabalar.

Talabalik kezlarimizda yozuvchi G‘aybulla as Salomning “Tolibnoma” nomli asari juda mashhur bo‘lgan edi. Ilmi tolib - talaba bo‘lishning gashti, masʼuliyati hamda shartlari haqida gap ketar ekan, men viloyat rahbari sifatida sizga daʼvat etib aytamanki, ilmi tolib bo‘lish bu talabalik davrining mazmunini tashkil qiladi.

Talaba so‘zining o‘zagi ham talabdan tashkil topgan.

Yaʼni ilmga talab, kelajak manzillarning aniq va mustahkam bo‘lishi uchun talab, izlanish, harakatdan iborat.

Zahiriddin Muhammad Bobur ham “Kim yor anga ilm tolibi, ilm kerak” deya yozadilar.

Aziz yoshlar, hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Mamlakatimizda bugungi taʼlim sohasida joriy etilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida soatlab so‘zlash mumkin.

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev prezidentlikka kirishgan kunlaridanoq mamlakatimiz taʼlim tizimini isloh qilish, yoshlarning dunyoqarashini ilg‘or zamonaviy bilimlar bilan boyitish ishiga eʼtibor qaratdilar. Xususan, maktab taʼlim tizimida 11 yillik umumiy o‘rta taʼlim qayta joriy etildi.

Viloyatlarda yangi oliy taʼlim muassasalari, ilmiy va ijodiy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotalari keskin oshirildi. Sirtqi va kechki, masofaviy taʼlim shakllari tashkil etildi.

Eng asosiysi, ijtimoiy soha xodimlari, talabalar har qanday mavsumiy qishloq xo‘jalik ishlari tadbirlaridan ozod etildi.

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonda yoshlarning oliy taʼlim qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizgacha o‘sdi. O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlari soni 77 tadan 199 taga yetdi, qabul kvotalari 3,5 baravarga ortdi.

2021-yildan OTMlarga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yosh uchun Prezident granti joriy etildi.

Xalqaro til bilish darajasi sertifikatlarini qo‘lga kiritish imtihonlarda maksimal ballning kamida 75 foizini to‘plagan yoshlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplab berilmoqda.

Universitet va institut, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga taʼlim kontraktlarini to‘lash uchun, ilk marotaba, 7 yil muddatga foizsiz kredit berish amaliyoti joriy qilindi. Oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qaytarish shartisiz to‘lab berilmoqda.

Bugungi uchrashuv muloqotlarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadimiz ham yaratilayotgan imkoniyat, imtiyoz va shart-sharoitlar haqida maʼlumot berish bilan birga, viloyatimiz oliy taʼlim maskanlarida respublikamizning barcha hududlaridan kelib tahsil olayotgan talaba yoshlar bilan suhbatlashib, ularning kelajak orzulari, maqsad va intilishlarini yaqindan bilish, zarur bo‘lganda yordam berish, yo‘l ko‘rsatishdan iborat.

Aziz yoshlar!  

Bugun viloyatning otaxon oliy taʼlim maskanlaridan biri Qarshi davlat universitetida siz bilan uchrashib turibmiz. Bundan qariyb 78 yil muqaddam mazkur taʼlim dargohi tashkil etilgan.

Bu ilm dargohining, bu yerdagi o‘qituvchi, ziyolilarning bosib o‘tgan yo‘li - juda salmoqli. Qanchadan qancha buyuk insonlarning qadami yetgan, faoliyat olib borgan maskan.

Biz ularning boshlab bergan ishlarini davom ettirish bilan birga, oliy taʼlim dargohining nufuzini, ilmiy salohiyatini yuksaltirish yo‘lida masʼul ekanimizni taʼkidlamoqchiman.

Professor o‘qituvchilar, talabalar bu yuksak vazifani har daqiqa his etgani holda universitet maqomini oshirish, uni nafaqat respublika, O‘rta Osiyoda, hatto jahonda sanoqli bo‘lgan taʼlim dargohlarining safida bo‘lishi uchun har qachongidanda ko‘p mehnat qilishimiz, izlanishimiz kerakligi davr taqozo etmoqda. 

O‘zgarish va yangiliklar xususida so‘z yuritar ekanmiz, universiteti tuzilmasida so‘nggi 3 yil ichida fakultet va kafedralar soni qariyib 2 baravarga, talabalar kontingenti qariyb 4 martaga oshdi.

Muhtaram Prezidentimiz tashabbusiga ko‘ra, universitet tarkibida tibbiyot fakultetining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ayni kunda sig‘imi 1500 o‘rin bo‘lgan o‘quv binosida 21,8 mlrd so‘mlik mukammal taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazildi.

Natijada tibbiyot, kimyo-biologiya, geografiya va agronomiya, tarix va iqtisodiyot fakultetlari barcha qulayliklarga ega zamonaviy laboratoriyalar bilan jihozlangan o‘quv binosiga ko‘chirildi.

Loyiha qiymati 39 mlrd so‘mlik 1000 o‘rinli o‘quv binosining qurilish ishlari davom ettirilmoqda.

2020-yilda universitetdagi mavjud talabalar turar joyining quvvati umumiy ehtiyojning atigi 33 % qoplagan bo‘lsa, bugunga kelib, Respublika oliy o‘quv yurtlari ichida birinchilardan bo‘lib, talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyoj 100 foizga qoplandi.

Masalan, bugun ham loyiha qiymati 18 mlrd so‘mlik barcha zamonaviy shart-sharoitlarga ega 600 o‘rinli yotoqxona foydalanishga topshirildi. 

O‘tgan oyda viloyatning mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 150 nafar talaba xotin-qizlarga 1 mlrd. so‘mlik shartnoma pullari to‘lab berish haqidagi qaror qabul qildik.

Jumladan, Qarshi davlat universitetida taʼlim olayotgan 59 nafar xotin-qizlarning shartnoma pullari to‘lab berildi.

Joriy yilda viloyat bo‘yicha “Yoshlar daftari” ga kiritilgan 5 247 nafar oliy taʼlim muassasalari talabalarining 11,5 mlrd.so‘mlik, universitetda tahsil olayotgan 595 nafar talabalarga 1,6 mlrd so‘m miqdoridagi to‘lov-shartnoma mablag‘lari to‘landi.

Shuningdek, universitetning 1491 nafar talabalariga har bir oy uchun 150 000 so‘mdan jami 224 mln so‘mlik ijara to‘lovlari qoplandi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlar uchun bu kabi imkoniyatlar yaratib berilmaganida, men bugun Sizlarga bu raqamlarni chiqib ayta olmas edim.

Qadrli yoshlar!

Hurmatli yurtboshimiz har bir chiqishlarida, zamonaviy taʼlim tizimini joriy etish, malakali, jahon bozorida raqabatbardosh kadrlar tayyorlash masalasiga eʼtibor qaratib, bizning davlat sifatidagi nufuzimizni belgilovchi kuch ekanini qayta-qayta taʼkidlaydilar.

Oliy taʼlimda yaqin ikki yildirki, yangicha tizim tashkil etildi. Talabalarning bandligini taʼminlash masalasi kun tartibiga chiqdi.

Nazariyani amaliyot birga olib borish, qanchalik kutilgan samarasini berishini Prezidentimiz ko‘p bora taʼkidlab aytadilar va talabalarning ishlashi bo‘yicha ham alohida ko‘rsatmalar berib keladilar.

Qarshi davlat universitetida ham 124 nafar talaba universitetdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. Universitet qoshidagi “Chevar qizlar” tikuvchilik sexida 20 nafar talaba ish bilan taʼminlandi.

41 nafar talaba universitet hududida joylashgan savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalariga ishga jalb qilish orqali bandligi taʼminlangan.

Yuqorida qator maʼlumotlarni keltirib o‘tdim, universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, talaba yoshlarning salohiyatini oshirish masalasi - doimiy eʼtiborda ekani ko‘rinib turibdi.

Shu o‘rinda, hurmatli Prezidentimizning daʼvatlaridan birini keltirib o‘tsam: Hech shubhasiz, o‘z kuchimiz va imkoniyatlarimizga bo‘lgan ishonch bizni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashtirib, yana-da kuchli va mustahkam qilmoqda.

Bu intilishlar ulkan amaliy ishlarga aylanib, buyuk xalq harakati tobora kengayib bormoqda. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi katta baxt, katta sharafdir.

Aziz yoshlar, hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Fursatdan foydalanib, viloyatda yoshlar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha oldimizda turgan bir qator vazifalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi yo‘nalish - yoshlar, xususan, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini bandligini taʼminlash asosiy ustuvor masalamiz bo‘lib qoladi.

Jumladan, Qarshi davlat universitetini kelgusi yilda tamomlayotgan 4300 nafardan ortiq bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash masalasini bugundan boshlashimiz shart.

Bu borada universitet va xalq taʼlimi tizimi, maktabgacha taʼlim tizimining doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish vaqti keldi.

Qaysi maktab yoki bog‘chada, korxonada qancha bo‘sh o‘rni bor, uni qaysi bitiruvchi band qiladi, buni aniq bilishimiz kerak.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan, bugun jamiyatda eng hurmatli inson o‘qituvchi bo‘ladi, degan g‘oya izchil joriy qilinmoqda.

Hududdan hududga qatnab ishlovchi o‘qituvchilar uchun alohida imtiyozlar joriy qilingan. Bugun oramizda 8-10 mln so‘m maosh olayotgan o‘qituvchilarning soni tobora ortib bormoqda.

Biz bu haqida talaba yoshlarga kengroq tushuntirishimiz va maʼlumot berishimiz kerak.

Bu borada Qashqadaryoning o‘ziga xos tajribasini yaratamiz. Hududlarga borib ishlovchi, ehtiyoj bor bo‘lgan o‘rinni to‘ldirgan  o‘qituvchilar uchun viloyat mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan alohida rag‘bat tizimi, viloyat hokimi sovrinini eʼlon qilamiz.

Ikkinchi yo‘nalish – yoshlar, xususan, talabalarning ilm-fan, madaniyat, sanʼat, sport sohalaridagi tashabbuskorlari qo‘llab-quvvatlanadi. Bu borada, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutidagi yoshlar tashabbusidan kelib chiqib, iqtidorli talabalar uchun “Viloyat hokimi” stipendiyasi joriy etiladi.

Uchinchi yo‘nalish – yoshlarimizni zamonaviy kasblarga o‘qitish, ularni o‘z-o‘zini band qilish faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha shart-sharoitlar yaratish zarur.

Bu borada viloyatda bir qator ishlarni allaqachon boshlaganmiz.

Xususan, mahalliy byudjet hisobidan mablag‘ ajratgan holda, Qarshi shahri va Kitob tumanida zamonaviy IT Markazlari qurilish ishlari olib borilmoqda.

Kelgusi yilda ushbu markazlar kamida 1000 nafar yoshlarimizni dasturlash, axborot texnologiyalari sohalari bo‘yicha qayta o‘qitib beradi.

To‘rtinchi yo‘nalish - xorijiy tillarni mukammal o‘rgatish va bir nechta tillarni bilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.

Qanchalar til bilib, yetuk va zamonaviy kadr bo‘lib hayotga, mehnat jarayoniga kirib borgan yoshlarimizni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz, ularni munosib lavozimlarda, munosib o‘rinlarda ishlashini kafolatlaymiz.

Maʼlumotimizga ko‘ra, bugungi kunda universitetning xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha taʼlim olayotgan talabalarning atigi 10 foizi B2 va S1 sertifikatiga ega.

Nemis va fransuz tili taʼlim yo‘nalishining birorta ham talabasida S1 sertifikati mavjud emas.

Universitet rahbariyati bu borada ishlarni jonlantirishi, xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchi va talabalar ulushini oshirish bo‘yicha jiddiy ish olib borishi lozim.

Beshinchidan – kelgusi yilda viloyatda barcha sohalarda innovatsiyalarni keng joriy etish yili bo‘ladi. Bu borada, yetakchi taʼlim muassasasi sifatida, universitet -viloyatning ilm-fan, bilim, innovatsiya, yangi g‘oyalar fabrikasi bo‘lishi kerak.

Aziz talaba yoshlar!

Maʼlumki, bugungi hayot har birimizning oldimizga yangidan-yangi talablarni qo‘ymoqda. Nafaqat o‘z ona tilini, balki chet tillarini, kamida ikki yoki uchta tilni bilish, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash qobiliyati, o‘tkir fikr va keng mushohada sohibi bo‘lish talabi ustunlik qilmoqda.

Shunday ekan, Sizda hozir vaqt va imkon hamda qulay shart-sharoit bor. Undan unumli foydalanish esa, sizga faqat yutuq va muvaffaqiyat olib keladi.

Ulug‘ alloma Ibn Sino o‘z hikmatlarida  Inson uzoq va mazmunli hayot kechirishini erta yoshlikdan boshlamog‘i kerak, deb yozadi.

Izlanish, o‘qish, doimo yuksak marralarni ko‘zlab intilishdan aslo to‘xtamang! Yaratilgan imkoniyatlarni chuqur his qilib, yurt ertasi uchun daxldorlik hissi bilan yonib yashayotgan navqiron avlod vakillariga albatta, mamnuniyat bilan ezgu niyatlarimni bildiraman.

Aziz yoshlar! Turli viloyatlardan kelib tahsil olayotgan qadrli talabalar!

Siz buyuk allomalar, ulamolar, nasafiylar, keshiylarga beshik bo‘lgan, sohibqiron Amir Temurni ulg‘aytirgan, qahramon shoir Abdulla Oripovga ilhom bergan qutlug‘ go‘shada tahsil olmoqdasiz, ular yurgan yo‘llardan yurayapsiz.

Ana shunday buyuk zotlarga munosib avlod bo‘lish, marrani baland olish ahdingiz va maqsadingiz bo‘lsin.

Ilmga chanqoqlik, tinimsiz izlanish va iqtidorni biz hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizni do‘st va qadrdon bilib, bu yo‘lda hamkor va hamfikr bo‘lishga chaqiraman.

O‘zbekistonga munosib farzand bo‘lish nasib qilsin.

13-12-2022 |
Foto galereya