Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Qarshi shahrida viloyatdagi davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan ilk tibbiyot muassasasi - "Durbek Med Servis” ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi.
Ushbu muassasa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlsh maqsadida tashkil etildi.

-Markazimiz uchun ajratilgan bino Qarshi shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli sobiq 4-son oilaviy poliklinikaning bo‘sh turgan ta’mirtalab binosi edi, - deydi mazkur tibbiyot markazi bosh shifokori Sardor Pirnazarov.
- Bu yerda davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil etish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va "Durbek Med Servis" xususiy korxonasi o‘rtasida 10 yil muddatga bitim imzolandi. Mazkur bitimga asosan tadbirkor tomonidan 1,1 milliard so‘m investitsiya kiritilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtga qadar 2,5 milliard so‘mlik ishlar bajarildi. Muassasa zamonaviy tibbiy jihozlar bilan to‘liq jihozlandi. 28 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tibbiyot markazida ambulator xizmatlardan tashqari 21 ta stasionar o‘rin ham mavjud bo‘lib, yiliga 7140 nafar bemor qabul qilishga mo‘ljallangan.
Markaz ginekologiya, xirurgiya, urologiya yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritadi. Kelgusida jami 4 milliard so‘mlik MSKT, laparaskop va endourologiya uskunalarini keltirish, mikroinvaziv jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish, shuningdek, bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlar malakasini xorijdagi nufuzli klinikalarda oshirish rejalashtirilgan.

-Boshqarmamiz tizimida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari nomzodi Ravshan To‘lakov.
- Ayni paytda viloyat aholisiga tibbiy xizmat sifatini yaxshilash maqsadida tadbirkorlar bilan hamkorlikda 8 ta davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha ish olib borilmoqda. Bu loyihalarda jami 35 milliard so‘mlik investitsiya kiritish hamda 198 ta qo‘shimcha ishchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Shundan 2 ta loyiha bo‘yicha hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan xususiy tadbirkorlar o‘rtasida bitim imzolangan.
Eng muhimi, foydalanishga topshirilgan ushbu shifo maskani O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi arafasida vohamiz ahli uchun munosib tuhfa bo‘ldi.

21-08-2021 |
Foto galereya