Qashqadaryolik tadbirkor Nurbek Ergashev viloyatning Kasbi tumanidagi eng chekka hududlar - “G‘alaba”, "Mirzo Ulug‘bek", “Talishbe” va "Temur Malik" aholisiga 4 ta tez tibbiy yordam avtomobillarini sovg‘a qildi.

- Saxovatli tadbirkorimiz Nurbek Ergashev prezidentimizning tadbirkorlarga yaratib berayotgan imkoniyatlarini his qilib, davlatimiz rahbarining chaqiriqlariga labbay deb javob berdi va Kasbi tumani aholisi uchun 4 ta zamonaviy jihozlangan maxsus tez tibbiy yordam avtomobillarini sovg‘a qildi. Tadbirkor bu avtomobillarni o‘z hisobidan 1 milliard 200 million so‘mga xarid qilib, xalqqa juda katta saxovatpeshalik qildi. Bugun shu avtomobillar tumanning to‘rtta hududidagi ahvoliga beminnat xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun tadbirkorga Qashqadaryo xalqi, viloyat hokimligi va jamoatchilik nomidan minnatdorchiligimizni bildiramiz, - dedi viloyat hokimi Murotjon Azimov.

Tantanali tadbir yakuni "Hosil bayrami" va Yangi yil tantanalariga ulanib ketdi. Klaster rahbari o‘zi bilan hamkorlikda ishlovchi fermerlarni bir piyola choyga taklif etib, Yangi yil bayrami bilan qutlab, ularga sovg‘a-salomlar ulashdi. Elimiz sevgan sanʼatkorlar chiqishlari yig‘ilganlarda yuqori kayfiyatni aks ettirdi.

19-12-2022 |
Foto galereya