Bugun yil davomida natijalarga erishgan vohalik murabbiylar, sportchi va homiylarni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda taʼkidlanganidek, yakunlanayotgan yil qashqadaryolik sportchilar uchun sermahsul va yutuqlarga boy yil bo‘ldi. Viloyatimiz sportchilari 2022-yilda viloyat Respublika va nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, Jahon chempionatlarida 32 ta, Osiyo chempionati va kuboklarida 108 ta, Xalqaro turnirlarda 86 ta, O‘zbekiston chempionati va kuboklarida 1693 ta medallarni qo‘lga kiritishdi.

Viloyatda ommaviy sportni rivojlantirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Yil davomida 10 464 ta ommaviy sport tadbirlari tashkil etilib, 792 862 nafar yoshlar qamrab olindi.

Shuningdek, Respublika darajasidagi 15 ta, viloyat darajasidagi 121 ta, tuman va shahar darajasidagi 2217 ta sport musobaqalari tashkil qilindi.

Hurmatli Prezidentimizning tashabbuslari bilan 11 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilgan “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari yoshlarimizni bir maqsad sari birlashtirdi va ushbu musobaqa yoshlar o‘rtasidagi kichik olimpiadaga aylanib ketdi.

Eshik qoqib kelayotgan “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da ham sport taʼlim muassasalarida taʼlim sifatiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Jumladan, viloyat yoshlarini muntazam sport bilan shug‘ullanishiga sharoit yaratish maqsadida Qarshi olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hududida kamondan otish majmuasi quriladi hamda boks sport zali mukammal taʼmirdan chiqariladi. Qarshi shahrida boks, kurash mahorat maktablari hamda chavandozlar maktabi barpo etiladi.

28-12-2022 |
Foto galereya