Viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligidagi tuman (shahar) hokimlari va tadbirkorlardan iborat delegatsiya kichik sanoat zonalarini tashkil etish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish tizimi bilan tanishish va tajriba almashish maqsadida vodiyning Namangan viloyatida bo‘lishdi.
 
 
Dastlab, viloyatimiz delegatsiyasi vakillari Davlatobod tumanidagi «Orzu» kichik sanoat zonasida bo‘lib, bu yerda Ideal Textile-Orzu korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 450 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilayotgan mazkur korxonada kostyum-shim, maxsus uniforma va qishki kiyimlar ishlab chiqarilib, tayyor mahsulotlar Rossiya, Italiya hamda Gollandiya davlatlariga eksport qilinadi.
 
 
Keyingi manzil «Yangi hayot» kichik sanoat zonasi bo‘ldi. Ushbu kichik sanoat zonasida umumiy qiymati 35,9 milliard so‘mlik 16 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1104 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
 
 
Shuningdek, Davlatobod tumanidagi «Yuksalish», «Yoshlar» va «Kushon» kichik sanoat zonalari bilan ham tanishilib, «Yuksalish» kichik sanoat zonasidagi Glass Expo korxonasi delegatsiyamiz vakillarida katta taassurot qoldirdi.
 
 
Bu yerda oynaga milliy naqshlar va zamonaviy dizayn asosida ishlov beriladi. Viloyatda oyna mahsulotlarini mahalliylashtirish, import o‘rnini to‘ldirishda alohida o‘rni bo‘lgan korxona to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 1,2 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
 
14-03-2022 |
Foto galereya