Bugun Qashqadaryo viloyati hokimi Xitoyning Anxoy provinsiyasi (viloyati) Xefey shahri partiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Lu Szyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Muloqot davomida 2023-yil Qarshi shahrida o‘tkazilgan “O‘zbekiston (Qashqadaryo) – Xitoy (Anxoy) biznes-forumi” doirasida Anxoy provinsiyasi gubernatori Van Sinsyan boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi har ikki tomon tadbirkorlarining katta yutug‘i bo‘lgani bugun o‘z isbotini topayotgani eʼtirof etildi. Jumladan, “Winall” kompaniyasi Qarshi shahrida filial tashkil etib, ular taklif qilgan paxta urug‘ini butun respublikamiz bo‘ylab ekish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, joriy yilning yanvar oyi Xitoyda o‘tkazilgan "O‘zbekiston-Xitoy hududlararo forumi"da Qarshi shahri va Xefey shahri o‘rtasida hamkorlik bitimi imzolangan edi. Kecha ham Qarshi shahri hokimi bilan muloqotlar jarayonida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha shaharlar o‘rtasida memorandum imzolandi.
Bugungi muloqot davomida ham Murotjon Azimov va Lu Szyun boshchiligidagi masʼullar hamda ishbilarmon doira vakillari Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zonada lotlarni ichara asosida sotib olib, Xefey shahri sanoat zonasi filialini tashkil etish, savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati masalalarida muzokaralar olib borildi.
Maʼlumot uchun, Xefey shahri Anxoy provinsiyasi markazi hisoblanib, Xitoyning 20 ta iqtisodiy jihatdan yirik shaharlari ro‘yxatiga kiradi. Qayd etilishicha, shaharda asosan mashinasozlik, maishiy elektrotexnika, metallurgiya, kimyo, tekstil, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari sanoati rivojlangan.