Viloyat hokimi Murotjon Azimov g‘uzorlik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ennazar bobo Hasanov xonadonida bo‘lib, Prezidentimizning 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan ularga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Davlatimiz rahbarining qimmatbaho sovg‘asi va 20 million so‘mlik bir martalik pul mukofotini tantanali topshirdi.
Bayram munosabati bilan urush faxriysining xonadonida tashkil etilgan tadbirda nuroniylar, tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, harbiylar, mahalla faollari va yoshlar ishtirok etishdi.
100 yoshni qarshilayotgan Ennazar bobo iztirobli urush xotiralari, ocharchilik davrlari, hayot tajribalari haqida so‘zlab, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini takror-takror taʼkidladi. Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik izhor qildi. Qo‘llarini duoga ochib, yurtimiz tinchligi va Yangi O‘zbekiston yoshlari kamolini tilab, ezgu niyatlarini izhor qildi.
Jarayonlarga oid fotojamlanma.
Maʼlumot uchun: Vohamizda 8 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi eʼzozu ehtiromda umrguzaronlik qilib kelmoqda. Ular: Sottarov Ro‘ziboy - 114 yosh, Qamashi tumani, Djabbarov Saydullo - 104 yosh, Shahrisabz tumani, Xasanov Ennazar - 100 yosh, G‘uzor tumani, Shermatov Xayrullo - 100 yosh, Kasbi tumani, Soatov Ro‘zi 99 yosh, Nishon tumani, Yodigorov Jo‘ra - 98 yosh, Chiroqchi tumani, Boboyev Omon - 99 yosh, Shahrisabz shahri, Nasirova Vera Andreyevna - 99 yosh, Qarshi shahri.