Yoxud ichki va tashqi bozorni mahalliy mahsulot bilan ta’minlash mumkin(mi?)...

О‘zbekiston qimmatbaho metall - oltin ishlab chiqarish bо‘yicha dunyo mamlakatlari orasida yetakchilardan biri sanalishi hech kimga sir emas. Strategik muhim ushbu xomashyoni asosan eksportga yо‘llayotganimiz ham rost. Nihoyatda kam ulushigina о‘zimizda qayta ishlanayapti. Shu metalldan tayyorlangan zargarlik buyumlari esa kо‘pincha yurtimizga chetdan import qilinayotganini ham rad etib bо‘lmaydi. Albatta, hayron qolasan kishi. Xomashyo holida о‘zimiz qazib olamiz, ammo tayyor mahsulot kо‘rinishida xorijnikini sotib olishga majburmiz. Boz ustiga, bir necha barobar qimmat narxda.

Agar sanoatning mazkur tarmog‘ini mahalliy sharoitda ravnaq toptirsak, kо‘p narsa yutishimiz turgan gap. Birinchidan, yuqori qо‘shilgan qiymatli mahsulotga ega bо‘lamiz. Qolaversa, hunarmandchilikning bu turini rivojlantirish orqali kо‘plab kishilarni foydali mehnat bilan band eta olish mumkindir.

Prezidentning joriy yil 18 maydagi "О‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmonidan ham aynan shu maqsad kо‘zlangan. Ushbu hujjat talablari hayotga tо‘la tatbiq etilishi bilan yurtimizda zargarlik sohasida muhim о‘zgarishlar rо‘y berib, tarmoqning  sifatli va raqobatbardosh zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati kengaytiriladi. Buning uchun esa tarmoqqa nafaqat mahalliy, balki chet el investitsiyalari ham faol jalb etiladi. Mazkur hunar bilan shug‘ullanuvchi ishlab chiqaruvchilar - mahalliy zargarlar faoliyati davlat darajasida qо‘llab-quvvatlanib, о‘zini shu kasbga bag‘ishlangan insonlar uchun barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Tajriba kerakmi?! Yetarlicha...

Shu о‘rinda savol tug‘iladi: nega aynan ushbu tarmoq rivojiga bu qadar e’tibor qaratilayapti? Buni esa quyidagicha izohlash mumkin. Ma’lumki, zargarlik mahsulotlari jahonda talab yuqori bо‘lgan tovarlar sirasiga kiradi. YA’ni iste’mol bozori juda katta. Dunyoda faqat bir ayol qolsa ham, zargarga doim ish topiladi, deb bekorga aytmaydi xalqimiz. Jahon zargarlik sanoatida ishlab chiqarish hajmi yiliga 5-6 foizga о‘sayotgani ham shunga ishoradir. Sо‘nggi vaqtda jahon miqyosida bu turdagi tovar aylanmasi yiliga 250 milliard AQSH dollaridan ham oshib ketdi. Demak, zargarlik mahsulotlarini zarur talab va andaza asosida ishlab chiqara olsak, tashqi bozordan о‘rin egallash unchalik muammo bо‘lmaydi.

Asosiysi, zargarlik xalqimizga begona emas, aksincha, diyorimizda bu hunar qadimdan rivojlanib kelmoqda. Mamlakatimizdagi va xorijdagi kо‘plab muzeylarda saqlanayotgan bebaho topilmalar Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Qо‘qon, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarimizda zargarlik san’at darajasiga yetganidan dalolat beradi. Bu buyumlar haligacha dunyo ahlini lol qoldirib keladi.

Ma’lumotlarga kо‘ra, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida mazkur soha yangi rivojlanish bosqichiga kо‘tarilgan. Aynan shu paytda Qashqadaryoda zargarlik maktabiga ham asos solingan. Qarshi, Shahrisabz va Kitobda kо‘plab usta zargarlar faoliyat olib borgan, kichik-kichik mahallalar ahli shu hunarga ixtisoslashgani haqida tarix guvohlik beradi. Hozirda ham bu an’ana oz bо‘lsa-da davom etayapti.

Qoloq soha qanday о‘nglanadi?

Birgina viloyatimiz misolida olsak ham ayon bо‘ladiki, hududda yaxshigina tajriba tо‘plangan, о‘ziga xos maktab yaratilgan. Biroq oxirgi vaqtda zargarlik buyumlari ishlab chiqarish jabhasida о‘sish kо‘zga tashlanmayapti. Yangilik yо‘q hisobi. Mahsulot tor doiradagi xaridorlarga mо‘ljallangan, xolos.

Davlat rahbari may oyi boshida о‘tkazilgan selektorda ham tarmoqning bugungi ahvoliga munosib baho bergandi. О‘shanda Prezident mamlakatimizda ushbu sanoat e’tibordan chetda qolganini afsus bilan qayd etgandi. Natija esa ayon. Zargarlik korxonalari asbob-uskunalarining 80 foizi eskirgan, ayrimlarida ishlab chiqarish tо‘xtagandi.

Yurtboshi ta’biri bilan aytganda, О‘zbekistonda zargarlik asosan taqinchoqlar ishlab chiqarishga ixtisoslashib qolgani ham ayni haqiqat. Aslida esa bu sohaning yо‘nalishlari kо‘p. Tilladan yasalgan soat, ruchka va turli esdalik sovg‘alari, kumushdan tayyorlangan oshxona tо‘plamlari jahon bozorida juda xaridorgir.

Masalan, 4 kilogramm kumush ishlatiladigan bitta oshxona tо‘plami о‘rtacha 4 ming dollar turadi.  О‘zbekistonda yiliga yuz tonnadan ziyod kumush ishlab chiqarilishini inobatga olsak, bunday mahsulotlar eksportini bir necha million dollarga yetkazish mumkinligi oydinlashadi.

Tarmoqda yana bir muammo mavjud ediki, yakka tartibdagi zargar-tadbirkorlar о‘z mahsulotlarini tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri sotish huquqiga ega emasligi sababli vositachi dо‘konlarga topshirishga majbur bо‘layotgandi. Qimmatbaho metallarni zargarlarga sotishda ham kо‘plab cheklovlar bor edi. Joriy yil 1 martdan boshlab qimmatbaho metallarni ishlab chiqaruvchilarga birja orqali tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri sotishga ruxsat berildi.

Yuqorida qayd etilgan farmon  bilan ham bu boradagi kо‘plab tо‘siqlar olib tashlandi, soha vakillariga bisyor yengilliklar taqdim etildi. Xususan, qimmatbaho metallar va mahalliy zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va realizatsiya qilish bilan  mashg‘ul subyektlar 2022 yilning 1 iyuliga qadar oborotdan qо‘shilgan qiymat va aksiz solig‘i tо‘lamaydigan bо‘ldi. Shuningdek, tegishli rо‘yxat bо‘yicha О‘zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar 3 yilga bojxona tо‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilindi.

Ilgari zargarlar о‘z mahsulotiga davlat asillik darajasi belgisini qо‘yishga majbur edi. 2019 yil 1 iyuldan boshlab esa tegishli litsenziyaga ega subyektlarga о‘zi ishlab chiqargan, zargarlik hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarning asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga belgilangan namunadagi asillik darajasi belgisi izlarini qо‘yish huquqi berildi. Bunda ishlab chiqaruvchining rо‘yxatdan о‘tkazilgan shaxsiy tamg‘asini buyumga bosishi shart qilib qо‘yildi.

Bu bilan soha ravnaqiga g‘ov bо‘layotgan kо‘pgina muammolar barham topdi. Zargarlarning bemalol, hech bir qiyinchiliksiz faoliyat yuritishiga keng zamin hozirlandi. Albatta, bu yurtimizda ayni yо‘nalishda ishlab chiqarish hajmi kо‘payishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Qashqadaryoda ham tarmoq rivojlantiriladi

Prezident farmoni talablaridan kelib chiqib, viloyatimizda ham zargarlik sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bо‘yicha qator ishlarni amalga oshirish zarur. Buning uchun imkoniyat ham keng.

Birinchi galda, hududning yuqori turistik salohiyati tarmoq rivojini ta’minlab beradi, deya olamiz. Chunki oxirgi yillarda vohamizga xorijlik va mahalliy sayyohlar oqimi sezilarli darajada ortdi. О‘ziga xos, mahalliy an’analar bо‘yicha tayyorlangan, bejirim zargarlik buyumlari hech bir kishini befarq qoldirmaydi. Qolaversa, jismoniy shaxslarga qiymati 5 ming AQSH dollaridan ortiq bо‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yо‘lovchi bojxona deklaratsiyasini tо‘ldirgan holda О‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilgani bunga keng yо‘l ochadi.

Farmonda ham qator istiqbolli loyihalarni rо‘yobga chiqarishda shu jihat alohida e’tiborga olingan. Shu maqsadda respublikaning turistik markazlarida zargarlik ishlab chiqarishlarini tashkil etish va kengaytirish chorasi kо‘riladi. Viloyatimizdan esa Shahrisabz tanlab olingan. Kо‘hna Kesh markazida zargar hunarmandlarning ustaxonalari va dо‘konlarini joylashtirish bо‘yicha ish olib boriladi. Ushbu tashabbus bir yildan sо‘ng hayotga tо‘liq tatbiq etilishi kerak.

Shuningdek, mazkur hujjatda tadbirkorlik subyektlari ishtirokida har bir hududda kamida ikkita zamonaviy zargarlik savdo-ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish kо‘zda tutilmoqda. Ularda tayyor zargarlik buyumlarini ishlab chiqarishdan sotishgacha bо‘lgan barcha jarayonlar qamrab olinishi darkor.

Ahamiyatlisi, viloyatda bu jabhada allaqachon zarur chora-tadbirlarni bajarishga kirishilgan. Bugungi kunda Qarshi va Shahrisabz shaharlaridagi tarixiy obidalar qoshida shunday markazlarni yо‘lga qо‘yish bо‘yicha takliflar о‘rganilmoqda. Bundan tashqari, vohamizda zargarlik komplekslari barpo etish bо‘yicha ham bir qancha loyihalar ishlab chiqilmoqda. "Dunar Gold" oilaviy korxonasi vakillari hamda yakka tartibdagi tadbirkor Yangiboy Xushvaqtov shunday tashabbusni ilgari surib chiqishdi. Ular barpo etmoqchi bо‘layotgan quvvatlarning har biri qimmatbaho metallardan yiliga qariyb 600 million sо‘mlik zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniga ega bо‘ladi.

Yuqoridagilardan xulosa qilsak, mamlakatimizda zargarlik sanoati yuqori istiqbolga ega. Bu jabhada hali tо‘la ishga solinmagan imkoniyatlar kо‘p. Hammasi bundan qanday foydalanishga bog‘liq. Samara albatta yaxshi bо‘ladi. Xaridorgir va raqobatbardosh zargarlik buyumlari ishlab chiqarish salmog‘i о‘sishi ham importni kamaytirishga, ham tashqi bozorlarga chiqishga imkoniyat yaratadi.

B.MAXMADALIYEV, 

viloyat iqtisodiyot va sanoat

bosh boshqarmasi boshlig‘i

M.SHUHRATOV

 

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

07-06-2019 |
Фото галерея