Ma’lumki, xalqimizda ipak qurtiga yetti xazinaning biri deya ta’rif beriladi. Demak, bundan "juda daromadbop" degan ma’noni ilg‘ash mumkin. Aslida-chi? Aslida ham shunday bо‘lgan. Kо‘p eshitganmiz ipak qurti boqib uy solgan, tо‘y qilganlar haqida. Biroq orada bir muddat qurt boqishdan aksar pillakorlarning hafsalasi pir bо‘lgani ham sir emas. Sababi,  bu ish aytarli daromad keltirmay qо‘ydi. Kо‘p hollarda pillakorlar buyurtmachilardan haqqini ololmay sarson  bо‘lgani ham rost. Natijada pilla tayyorlash rejasi muayyan yillar faqat qog‘ozda bajarildi, soha rivoji orqaga qarab ketdi. Gap quruq bо‘lmasin, 2017 yilda pilla tayyorlash rejasi viloyatimizda 36 foizga uddalangan, xolos. Buning uchun kimdir ozuqa yetishmasligini bahona qilsa, yana kimdir qurt kasallanganini pesh  qilardi. Aslida esa belgilangan hosilni tо‘plashga yetarli qurt boqilmagan, bu aniq.

Ana shulardan xulosa qilinib,   О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 martdagi hamda 2018 yil 4 dekabrdagi tegishli qarorlari va boshqa qator huquqiy hujjatlar bilan sohada yangi islohotlar davri boshlandi. Xususan, 2017 yilda "О‘zbekipaksanoat" uyushmasi hamda "Agropilla" mas’uliyati cheklangan jamiyati viloyat va tuman filiallari tashkil etilib, ularning asosiy vazifa va funksiyalari belgilandi. Shuningdek, qarorda sifatli ipak qurti urug‘i va pilla xomashyosi yetishtirish, unga birlamchi ishlov berish, ipak ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish orqali pillani chuqur qayta ishlashni yо‘lga qо‘yish, pillachilik tarmog‘ini rivojlantirishga doir dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Natija nimalarda kо‘rindi? Birinchidan, ipak qurti boquvchilar manfaatdorligi oshirildi. YA’ni  xom pilla xarid narxi keskin kо‘tarildi. Reja mavjud salohiyat, shart-sharoit, ozuqa bazasi salmog‘idan kelib chiqib belgilandi. Masalan, viloyatimiz pillakorlari о‘tgan yili 2017 yildagiga nisbatan 17 ming quti kam, ya’ni 33 ming quti ipak qurti boqishdi. Bu yil esa 35 ming 500 quti ipak qurti urug‘i tarqatilishi rejalashtirilib, qariyb 2000 tonna hosil olish mо‘ljallanayapti.

- Hozirgi kunda sohada asosiy e’tibor mavsum uchun kerakli shart-sharoitlarni hozirlashga qaratilgan, - deydi viloyat "Agropilla" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rajabali Meyliyev. - 2017 yilda 8 ta, 2018 yilda 12 ta yangi qurtxona qurilib, ularning soni 40 taga yetkazildi. Joriy yilda ham 20 ta yangi qurtxona qurish bо‘yicha ishlar boshlangan. Shuningdek, mavjud tut plantatsiyalarining unumdorligini oshirish, yangi ozuqa bazasini barpo etish bо‘yicha ham tizimli ishlar olib borilayapti. Xususan, 2019 yilning о‘tgan davri mobaynida viloyatimizda 250 gektar yangi tutzorlar barpo etildi. Ushbu maydonlar hamda mavjud tutzorlarning xatosiga ekilganlarni qо‘shib hi-soblaganda, 2 million 409 ming dona tut kо‘chatlari ekildi.

Aytish kerakki, ipak qurtini parvarishlash qisqa fursat davom etsa-da, ancha mashaqqatli ish. Mamlakatimizda esa u asosan aholi xonadonlarida (kasanachilik asosida) boqiladi. Qurt urug‘lari to ipak bog‘lab, hosil yig‘ishtirib olinguniga qadar, xonadonning bir necha a’zolari tinmay mehnat qiladi. Ana shu jihatlar hisobga olinib, bugungi kunda uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tо‘lashdan ozod etilgan, bir mavsum ishlagan davri bir yillik mehnat stajiga tenglashtirildi. Shu bilan birgalikda, pillakorlarni qо‘shimcha rag‘batlantirish doimiy e’tibor markazida bо‘-lib kelmoqda.

Viloyatimiz misolida oladigan bо‘lsak, boshlanayotgan yangi mavsum oldidan barcha tumanlarda pillakorlar uchun bayram tadbirlari tashkil etildi. Ularga viloyat hokimligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralarning mukofotlari, kiyim-kechak, esdalik sovg‘alari topshirildi.

- Qariyb yarim asrdan buyon har yili ipak qurti boqaman, - deydi Koson tumani Gulbog‘ mahallasida yashovchi 80 yoshli Sanobar aY. - Hozir bu ish bilan farzandlarim, nevaralarim ham shug‘ullanmoqda. Uzoq yillik mehnatlarim munosib rag‘batlantirilib, tumanimizda о‘tgan bayram tadbirida viloyat hokimi tomonidan sihatgohga bepul yо‘llanma bilan taqdirlandim. Bu e’tibor menga yanada kuch bag‘ishlamoqda. Bu yilgi mavsumda ham bolalarimni ishga solib, uyda ipak qurti boqmoqchiman.

Pillachilik tarmog‘ini rivojlantirishning yana bir bosqichi sifatida xomashyoni о‘zimizda chuqur qayta ishlash ham bugungi ustuvor vazifaga aylangan. Ayni paytda viloyatimizda ham bu borada qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hududdagi pillani qayta ishlovchi yirik korxona - "Radiant silk" QK mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarish texnologiyalarini tubdan yangilash ishlari olib borilayapti.

Jumladan, korxonaga 20 ta zamonaviy mato tо‘qish sexlari о‘rnatilishi rejalashtirilgan edi. Hozirgi kunda ularning 8 tasi olib kelinib, ishga tushirilgan. Tabiiyki, zamonaviy texnologiya sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, eksport kо‘lamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yana bir qator yangi loyihalarga ham qо‘l urilmoqda. Misol uchun, ipak gilamlari tayyorlash ham rejalashtirilgan. Bu faoliyatni yо‘lga qо‘yish uchun Shahrisabz tumaniga 17 ta zamonaviy gilam tо‘qish dastgohi olib kelinadi. Yaqinda ularning 4 tasi keltirilib, ishga tushirildi.

2019-2021 yillar davomida esa viloyatimizda pillani qayta ishlaydigan yana bir yirik korxona faoliyat boshlaydi. Qiymati 5 million AQSH dollarini tashkil etadigan bu loyiha Shahrisabz tumanida yо‘lga qо‘yiladi. Korxonada pillani yetishtirishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bо‘lgan jarayonlar tо‘liq klaster tizimida amalga oshiriladi.

Pirovard natijada viloyatda yetishtiriladigan pilla xomashyosini hududning о‘zida qayta ishlab, tayyor mahsulot holida eksportga chiqarish imkoniyati paydo bо‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, sohada olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, innovatsion yondashuv qisqa davr ichida tayyorlanayotgan pilla hajmini, qayta ishlash quvvatini tubdan oshirish imkonini beradi. Bu esa о‘z  navbatida yangi ish о‘rinlari yaratish hamda eksport salohiyatini kо‘paytirish barobarida ipak qurtining nega yetti xazinaning biri ekanligini yaqqol ifoda etadi.

Jahongir BOYMURODOV

* * *

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

26-03-2019 |
Фото галерея