Insonda yurtga, oilaga muhabbat va sadoqat yoshlikdan   shakllanadi. Vatanni sevgan, ardoqlagan kishidan esa aslo yomonlik chiqmaydi. Shu ma’noda mamlakatimizda о‘sib kelayotgan yosh avlod vakillarini vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazish, ular ongiga yurt himoyasi muqaddas burch ekanini singdirishga muhim masala sifatida qaraladi. Vazirlar Mahkamasining "Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash tо‘g‘risida"gi qarorida ham bu borada qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. 

DXX Chegara qо‘shinlariga qarashli, viloyatimizda joylashgan harbiy    qismda bо‘lib о‘tgan ochiq eshiklar kuni ham yoshlar о‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, harbiy xizmat borasidagi bilim va kо‘nikmalarni oshirish maqsadida tashkil etildi.     Tadbirga Abdulla Oripov nomidagi  maktab-internat va Nishon tumanidagi 15-maktabning 10-sinf о‘quvchilari hamda "Yosh chegarachilar" klubi a’zolari taklif etildi.

- Ma’lumki, armiya bilan yaqinlik xalqda, yosh yigit-qizlarda harbiy-vatanparvarlik hissini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, - deydi mayor Aybek Dauletmuratov. - Bu tadbirni о‘tkazishdan ham shu muddaoni kо‘zlaganmiz. Ochiq eshiklar kunida о‘quvchilar harbiy qismdagi barcha sharoitlar, xususan, kundalik ish jarayoni, foydalanishda bо‘lgan zamonaviy qurol-yarog‘lar, meyor bilan tasdiqlangan harbiy kiyimlar, shuningdek, xizmat itlarining xatti-harakatlarini kо‘zdan kechirish imkoniga ega bо‘ldi. "Qahramonlar xotirasi barhayot" xotira maydonida esa yoshlarga turli yillarda davlat chegarasini qо‘riqlash chog‘ida mardlik kо‘rsatib halok bо‘lgan harbiy xizmatchilar jasorati haqida sо‘zlab berildi.  Shuningdek, yoshlar "Mard о‘g‘lonlar nomi barhayot" va "Unutilmas yorqin yulduzlar" kitoblarini mutolaa qilishdi.

Sobir NARZIYEV

 

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

09-04-2019 |
Фото галерея