Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qо‘llab-quvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka  jalb qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning "Yoshlar - kelajagimiz" Davlat dasturi tо‘g‘risida"gi farmoni esa bu boradagi ishlarni yangi bosqichga kо‘tardi.

Farmon bilan tasdiqlangan Davlat dasturi doirasida О‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzurida "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etildi. Ayni paytda jamg‘arma tomonidan kо‘plab yoshlarning  biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalari moliyaviy qо‘llab-quvvatlanmoqda.

Kosonlik О‘ktam Sayfullayev ham jamg‘arma kо‘magi bilan о‘z tashabbusini amalga oshirgan ana shunday yoshlardan biri.

- Sutni qayta ishlash bо‘yicha tadbirkorlik faoliyatini yо‘lga qо‘yish niyatida edim, - deydi navqiron ishbilarmon. - "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi tomonidan imtiyozli kredit ajratilayotganini eshitib, men ham о‘z biznes-rejamni taqdim etdim. Loyiham qо‘llab-quvvatlanib, 550 million sо‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Bu pulga yuqori texnologik jihozlar jamlanmasini xarid qilib, yangi sexni ishga tushirdik. Ayni paytda korxonamizda 4 xil sut mahsulotlari tayyorlanmoqda. 4 kishi doimiy ish о‘rniga ega bо‘ldi.

Tadbirkorning ta’kidlashicha, hozir sut asosan aholidan qabul qilinmoqda. Xom ashyo yetkazib beruvchilar esa kо‘p emas. Ishlab chiqarish quvvatidan ham xom ashyoning miqdoridan kelib chiqqan holda foydalanilayapti. Mahsulotga bozorda talab yuqoriligi bois yosh tadbirkorning endigi maqsadi xom ashyo yetkazib beruvchi hamkorlarni kо‘paytirib, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turini ham, miqdorini ham bir necha barobar oshirishga qaratilgan.

Jahongir BOYMURODOV

Suratlarda: yosh tadbirkor О‘ktam Sayfullayev tomonidan ta’sis etilgan "Qashqadaryo sanoat montaj" mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarish sexi faoliyatidan lavhalar.

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Фото галерея