Qashqadaryo viloyatidagi hududiy tez tibbiy yordam xizmatlariga “Volkswagen Caddy” tez yordam avtomobillarining 20 donadan iborat navbatdagi partiyasi topshirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Murotjon Azimov, nuroniylar, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi masʼullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, ko‘plab qulayliklarga ega bo‘lgan bunday zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari tizimda ishlayotgan xodimlar ishini yana-da osonlashtirib, ularning chaqiriqlarga tezkor yetib borishi va bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatishiga zamin yaratadi.

Maʼlumot o‘rnida aytib o‘tish joiz, Prezidentimizning 2022-yil 16-iyundagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasi”ga muvofiq, 2022–2025 yillarda respublika bo‘yicha 2240 ta, Qashqadaryo viloyatida esa 225 ta tez tibbiy yordam avtomobillarini yangilash ko‘zda tutilgan edi. Shunga ko‘ra, ayni vaqtga qadar viloyatda zamonaviy tez tibbiy yordam mashinalari soni 135 taga yetdi. Ularning 91 tasi "Volkswagen Caddy" tez tibbiy yordam avtomobillari hisoblanadi.

16-05-2024 |
Фото галерея