О‘zbekiston Respublikasi  Prezidentining 2019 yil 8 yanvardagi qarori hamda 17 yanvardagi "Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi farmoni ijrosi yuzasidan viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev tomonidan о‘tkazilgan sayyor qabulda aksariyat muammolar joyida hal etilgan bо‘lsa, qolganlari bо‘yicha "yо‘l xaritalari" belgilanib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish choralari kо‘rildi.

Qayd etish lozim, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri muloqotni kuchaytirish bugunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan. Ushbu jarayon har bir rahbarga alohida mas’uliyat yuklab, xalq dardi bilan yashash, muammolarga yechim izlashga undaydi.

2 mingga yaqin fuqaro va mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etgan qabul davomida har bir murojaat atroflicha kо‘rib chiqilib, e’tirozli holatlar bо‘yicha hokimlik, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi.

Shu asosda nogironligi bо‘lgan 40 kishiga nogironlik aravachasi, qо‘ltiqtayoq, hassa, eshitish moslamasi, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga televizorlar, boshqa uy-rо‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari berildi. 50 kishiga tibbiyot muassasalariga yо‘llanma berilib, Davlat xizmatlari markazi tomonidan pasport, guvohnoma olish, mulkka egalik huquqi kabi masalalar bо‘yicha 60 dan ortiq xizmat kо‘rsatildi. Shu kuni Kitob tumani Beshterak mahallasida yashovchi 115 yoshli Umida aya Xolmurodovaga ham nogironlik aravachasi va sovg‘a-salomlar topshirildi.

Asli namanganlik G‘ofur Umrzoqov Kitobning Beshterak qishlog‘iga kelib, bu yerda quyonchilik bilan shug‘ullanishni maqsad qilgan. Qisqa muddatda quyonlar soni 500 dan oshib ketgan. Biroq ularni boqish uchun yetarli maydon yо‘qligi ancha qiyin holatni yuzaga keltirgan. Va ilojsiz quyonlar sotib yuborilgan, ayni paytda 75 ta quyon qolgan, xolos. G‘ofur Umrzoqov hokim oldiga shu masalada yordam sо‘rab kelgan.

- Viloyat hokimi tomonidan tegishli mas’ullarga yer ajratish bо‘yicha topshiriqlar berildi, - deydi fuqaro. - Muammo ijobiy hal etilsa, faoliyatni kengaytirib yuboraman. Har holda yetarlicha tajribam bor.

E’tiborli jihati, aksariyat aholi vakillari tomonidan  nafaqat о‘zi yoki oilasiga tegishli, balki mahalla, tuman ijtimoiy hayoti bilan bog‘liq 615 ta masala о‘rtaga tashlandi. Xususan, Bog‘bon qishlog‘ida yashovchi S.Muhammadiyev va boshqalar qishloqda kо‘prik, maktabda esa sport zali qurish bо‘yicha murojaat qilishdi. Bu masala shu yilning ikkinchi yarmidagi dastur asosida о‘z yechimini topadigan bо‘ldi.

Matmonlik Rajabali Turdiyevning shikoyati qishloqda zamon talablariga javob beradigan shifoxona yо‘qligi xususida.

- Qishlog‘imizda 500 xо‘jalikda 2200 dan ziyod kishi istiqomat qiladi, - deydi mehnat faxriysi. - Qishloq ahli uchun xizmat kо‘rsatadigan dо‘xtirxona shu vaqtgacha goh magazinda, goh о‘rmon xо‘jaligi binosida faoliyat kо‘rsatdi. Hozir dо‘xtirlar bir kishining "vremyanka"sida turibdi, agar egalari keladigan bо‘lsa, ular yana kо‘chishiga tо‘g‘ri keladi. Holbuki eski maktab о‘rnida zamonaviy shifoxona qursa bо‘ladi. Bugun shu haqda viloyat hokimiga aytgandim, kerakli topshiriqlar berilib, muammo tez orada hal bо‘lishi ma’lum qilindi.

Albatta, xalq bilan muloqot hududlardagi mavjud vaziyatni puxta tahlil qilish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.

N.XО‘JAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Фото галерея