Viloyat hokimligida Islom taraqqiyot banki ishtirokidagi “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasining 2-Faza muhokamasi yuzasidan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari A.Qodirov, viloyat hokimi o‘rinbosari A.Eshonqulov hamda mas’ullar mazkur xalqaro bank delegatsiyasi a’zolarini qabul qildi.

O‘tkazilgan mazkur ushrashuvga ko‘ra “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, “M-39 Xalqaro trassa”si bo‘ylab Samarqand viloyati bilan chegaradosh Kitob tumanidan boshlab, Surhondaryo viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Dehqonobod tumanigacha bo‘lgan hududdan, ya’ni Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Gʻuzor va Dehqonobod tumanlaridan ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan 18 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari tanlab olingan bo‘lib, ularni muhandislik – kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga yordam berish maqsadida pul mablag‘larini jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Shunga asosan, Islom taraqqiyot banki konsultantlari tomonidan mutaxassislarimiz ishtirokida va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda mazkur aholi punktlaridagi haqiqiy holat o‘rganilib, loyiha bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.

Bunda, loyihaning birinchi komponenti muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish (ichki yo‘l, ichimlik suvi, elektr va muqobil energiya hamda boshqalar)ga qaratilgan bo‘lib, ushbu mahallalarda:

- 179,1 km yo‘l yangi qurilishi, 179,1 km uzunlikdagi mavjud ichki yo‘llarning ta’mirlanishi;
- 35,75 km hajmdagi piyodalar yo‘laklarini qurish;
- tungi ko‘cha yoritish tizimini yaxshilash maqsadida 1788 ta ustun o‘rnatilishi va 53,63 km elektr kabeli tortilishi;
- aholini ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasini (amalda 41 foiz) yaxshilash maqsadida 185 km yangi tarmoq tortilishi, 50 km mavjud tarmoq ta’mirlanishi va 13 ta suv inshooti yangidan qurilishi hamda 10 ta suv inshootini ta’mirlash;
- 5492 ta tayanch ustunlari (simyog‘och) o‘rnatilib, 332 km elektr tarmoqlari tortilishi va 33 dona transformatorlarni o‘rnatish ishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, loyihaning ikkinchi komponenti ijtimoiy soha ob’yektlari (maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim, tibbiyot muassasalari va boshqalar)ni o‘z ichiga olib, unga ko‘ra:

- 25 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari holati yaxshilanadi, ya’ni 2 ta yangi qurilishi, 14 tasi rekonstruksiya va 5 tasi mukammal ta’mirlanishi hamda 4 tasini joriy ta’mirlash;
- 9 ta maktabgacha ta’lim muassasasini yangidan qurish, 4 tasini rekonstruksiya qilish va 1 tasini joriy ta’mirlash;
- 8 ta sog‘liqni saqlash muassasasini yangidan qurish, 6 ta sog‘liqni saqlash muassasasini rekonstruksiya qilish va 1 ta sog‘liqni saqlash muassasasini mukammal ta’mirlash hamda 1 tasini joriy ta’mirlash;
- ushbu 18 ta qishloq aholi punktlarida 5 ta mahalla guzarlarini yangidan qurish, mavjud 10 tasini rekonstruksiya qilish va 3 tasini joriy ta’mirlash;
- 47 ta chiqindi yig‘ish punktlarini yangidan qurish kabi keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

O‘z navbatida, “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi doirasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Islom taraqqiyot bankining 566,9 mlrd. so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Natijada esa 70 ming nafar qishloq aholisining turmush darajasi yaxshilanib, muhandislik infratuzilmasi rivojlantiriladi. Eng asosiysi loyihaning ikkinchi komponenti orqali 1683 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladigan bo‘lsa, shundan 782 tasini doimiy ish o‘rinlari tashkil etadi.

Shu boisdan, o‘tkazilgan muzokara jarayonlarida loyiha doirasida yuqoridagi amalga oshirilishi belgilangan ishlar bo‘yicha delegatsiya a’zolari bilan fikr almashildi.

Jumladan, tanlangan qishloqlarda ishlarni olib borish bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni jalb etish, grant mablag‘lari hisobidan loyiha boshlanishi oldidan texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqish masalalarini ko‘rib chiqish va loyihani samarali yakunlash yuzasidan o‘zaro kelishib olindi.

07-07-2022 |
Фото галерея