Joriy yil 28 yanvarda Vazirlar Mahkamasining "Yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi  qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq uy-joy qurish maqsadida yer uchastkasiga egalik huquqini auksion orqali sotib olish jarayoni elektronlashtirildi. Ayni holat kо‘pchilikda qiziqish uyg‘otishi bilan birga, turli savollarni ham yuzaga keltirmoqda.

Xо‘sh, yangi tartib joriy qilinishi bilan amalda nima о‘zgaradi?

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i о‘rinbosari О‘ktam NUSUROV bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:

Qog‘ozbozlik butkul kamayadi

- Ushbu mexanizmga о‘tishdan asosiy maqsad aholiga uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish tartibini soddalashtirishdan iborat. Albatta, bunga zamonaviy uslublardan foydalanish evaziga erishish kо‘zlangan. Shuningdek, ushbu jarayon shaffof, xolis о‘tishini ta’minlash, adolatsizlikka yо‘l qо‘ymaslik, bunda keng jamoatchilik nazoratini о‘rnatishga ustuvor ahamiyat qaratilgan.

Qarorga kо‘ra, aholiga yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish zamonaviy mexanizmlarni joriy etgan holda amalga oshiriladi va yer uchastkalari "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasida joylashtiriladi.

YA’ni, uy-joy qurish uchun yer uchastkasiga ehtiyoji bor kishi endi avvalgidek hokimlik va turli idoralarga ovora bо‘lib borib yurmaydi. Qog‘oz-qalam qilishi shart emas. Fuqaro internet orqali tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasiga kirib, о‘ziga ma’qul bо‘lgan savdodagi yer uchastkasi bо‘yicha onlayn-auksionlarda qatnashib, unga egalik huquqini olishi mumkin.

Kimlar imtiyozga ega?

- Hukumat qarorida ayni masalaga ham alohida tо‘xtalib о‘tilgan. Ushbu hujjat bilan tasdiqlangan "Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish tartibi tо‘g‘risida nizom"ning 2-bobida yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini auksionsiz berish tartibi" belgilangan.

Unga kо‘ra, yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalari halok bо‘lgan harbiy xizmatchilar oilalariga, davlat va xususiy uy-joy fondidagi о‘zlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga о‘tkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga auksionsiz beriladi

Yer uchastkasini berish bо‘yicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) taqdim qilinadi va oilaning   boshqa a’zolariga tatbiq etilmaydi.

Savdoda qatnashish shartlari qanday?

- Auksion savdosi о‘tkazilishi haqidagi xabarnoma va lot ma’lumotlari auksionni о‘tkazish boshlanishi sanasidan kamida 30 kalendar kun oldin operatorning veb-portalida joylashtiriladi.

Albatta, jismoniy shaxslar - О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari auksionda ishtirok etish huquqiga ega. Ahamiyatli jihati, О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bо‘lmagan shaxslar bunday huquqdan mahrum (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno).

Bо‘sh yer uchastkasiga egalik qilish huquqi auksionga tuman (shahar) hokimining qarorida (buyurtmasida) kо‘rsatilgan yer uchastkasining eng past narxi bо‘yicha qо‘yiladi.

Elektron auksionda ishtirok etishga buyurtmanomalarni qabul qilish tegishli xabarnoma joylashtirilgan kundan operatorning veb-portalida avtomatik tarzda boshlanadi va auksionni о‘tkazish kunidan ikki ish kuni oldin (soat 13:00 da) yakunlanadi.

Buyurtmanoma qay tarzda yuboriladi?

- Dastavval buyurtmachi operatorning veb-portalida rо‘yxatdan о‘tadi hamda avtomatik tarzda ishtirokchining shaxsiy kabineti va shaxsiy hisob raqami ochiladi.

Buyurtmanoma beruvchi о‘zi tanlagan lotning zakalat pulidan kam bо‘lmagan miqdorda shaxsiy hisob raqamini tо‘ldiradi va buyurtma beradi. Shunda zakalat puli ishtirokchining shaxsiy hisob raqamidan avtomatik tarzda yechib olinadi. Auksionda ishtirok etish uchun zakalat yer uchastkasi (lot) minimal qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi va operatorning bank hisob raqamiga о‘tkaziladi.

Buyurtmanomalarni rо‘yxatga olishda majburiy tartibda talabgorni aniqlash imkonini beradigan ma’lumotlar - jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash manzili, pasport raqami va berilgan joyi, soliq tо‘lovchining identifikatsiya raqami kо‘rsatiladi. Ushbu ma’lumotlarning maxfiyligi operator tomonidan ta’minlanadi.

Savdo maydonchasi avtomatik rejimda rо‘yxatga olingan jismoniy shaxs tomonidan zakalat tо‘langanini aniqlaydi hamda zakalat kiritilgan paytdan e’tiboran bir ish kuni mobaynida unga auksionda ishtirok etish uchun ruxsatnoma ochadi.

Buyurtmanomaning qо‘yilgan talablarga muvofiqligi sharti bilan operator buyurtmachiga auksionda ishtirok etish uchun ruxsat beradi, shuningdek, qо‘shimcha tarzda elektron pochta orqali uni auksion ishtirokchisi maqomini olganligi tо‘g‘risida xabardor qiladi.

Auksion ishtirokchilariga yakka tartibli raqamlar beriladi, shu raqamlar bilan ular auksionda ishtirok etadilar.

Auksion tartibi qanday?

- Auksion operatorning veb-portalidagi xabarnomada kо‘rsatilgan kunda va vaqtda boshlanadi. Savdo ikki va undan ortiq ishtirokchi mavjud bо‘lganda, operator tomonidan e’lon qilingan aniq bir ish kuni mobaynida soat 9:00 dan  18:00 gacha о‘tkaziladi. Elektron auksion о‘tkazish vaqti 3 soatdan ortiq bо‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va soat 21:00 ga qadar yakunlanishi lozim.

Auksionning har qadami auksion obyekti minimal qiymatining besh foizini tashkil etadi. Auksion uning ishtirokchilaridan lotni boshlang‘ich narxdan bitta qadamga oshirilgan narxda sotib olish bо‘yicha taklifni tasdiqlashni sо‘rashdan boshlanadi.

Agar taklif berilgandan keyin о‘n daqiqa davomida auksion ishtirokchilaridan biri belgilangan qadamga oshirilgan lot narxini tasdiqlasa, keyingi taklifni tasdiqlash uchun vaqt yana о‘n daqiqaga uzaytiriladi. Agar shundan sо‘ng о‘n daqiqa davomida keyingi oshirilgan lot narxi bо‘yicha taklif auksion ishtirokchilarining birontasi tomonidan tasdiqlanmasa, auksion natijalari haqidagi bayonnomani avtomatik tarzda  shakllantirgan holda yakunlanadi. Lot narxi bо‘yicha taklifni oxirgi tasdiqlagan ishtirokchi auksion g‘olibi deb hisoblanadi.

Auksion ishtirokchilariga navbatdagi stavkani dastlabki belgilangan qadamning 5, 10 yoki 20 baravari miqdorida mustaqil belgilash imkoniyati beriladi.

Auksionni о‘tkazish tugagan paytdan boshlab savdo maydonchasi auksion g‘olibini aniqlaydi va uning shaxsiy kabinetiga yer uchastkasi (lot) qiymatini tо‘liq miqdorda tо‘lash haqida talabnoma yuboradi.

Navbat - egalik huquqini rо‘yxatdan о‘tkazishga

- G‘olib auksion yakunlangan kundan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay, operatorning hisob raqamiga pul mablag‘larini о‘tkazish yо‘li bilan lotning qiymatini tо‘liq tо‘lashi lozim. Bunda ushbu lot bо‘yicha avval tо‘langan zakalat puli lot qiymatiga qо‘shib hisoblanadi.

Operator g‘olib auksion obyektining qiymatini tо‘liq tо‘lagandan sо‘ng keyingi ish kunidan kechiktirmay maxsus blankada auksion natijalari haqida bayonnomani rasmiylashtiradi, unga muhr qо‘yib, bir nusxasini auksion g‘olibiga beradi (yoki auksion g‘olibining roziligi bilan  pochta jо‘natmasi orqali yuboradi). Bayonnoma nusxasi operatorda qoladi.

Tumanlar (shaharlar) hokimlari bayonnomani olgandan keyin besh ish kuni mobaynida auksion g‘olibiga yer uchastkasini ajratish haqida qaror qabul qiladi, uni yer tuzish davlat korxonasi filialiga yer uchastkasiga bо‘lgan huquqni davlat rо‘yxatidan о‘tkazish uchun yuboradi. Shuningdek, hokimlik о‘z veb-saytida tegishli qarorni e’lon qiladi.

Yer tuzish davlat korxonasining filiali qarorni olgandan sо‘ng ikki ish kuni davomida, shu asosda yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini tо‘lov undirmasdan davlat rо‘yxatidan о‘tkazadi.

Qiymat tо‘liq tо‘lanmasa...

- Auksion ishtirokchisi besh ish kuni ichida yer uchastkasining qiymatini tо‘liq tо‘lamasa, operator keyingi kalendar kundan kechiktirmay g‘olibga - u g‘olib deb topilgan auksion natijasining bekor qilinganligi haqida elektron xat yuboradi.

Operator g‘olibdan keyin yer uchastkasining narxi bо‘yicha eng yuqori stavkani qо‘ygan auksion ishtirokchisiga - auksion о‘tkazilayotganda taklif etilgan yer uchastkasi narxini besh ish kuni mobaynida tо‘lash haqidagi taklifni jо‘natadi. Agar u besh ish kuni ichida yer uchastkasining qiymatini tо‘liq tо‘lasa, auksion g‘olibi deb hisoblanadi va unga belgilangan tartibda auksion natijalari haqidagi bayonnoma rasmiylashtiriladi.

Agar auksion о‘tkazilmagan bо‘lsa, zakalat ikki ish kuni davomida tegishli hisob raqamga qaytarilishi kerak. Zakalat shuningdek, auksionda ishtirok etgan, ammo unda g‘olib bо‘lmagan shaxslarga ham ikki ish kuni davomida qaytariladi.

Agar auksion ishtirokchisi besh ish kuni davomida operatorni auksion obyektini sotib olish istagi yо‘qligi haqida xabardor qilsa yoki mulkning tо‘liq qiymatini belgilangan muddatda tо‘lamasa, u auksion obyektini sotib olishdan bosh tortgan deb tan olinadi.

Auksion obyekti narxini belgilangan tartibda tо‘liq tо‘lamagan auksion ishtirokchilariga zakalat puli qaytarilmaydi va tegishli mahalliy byudjetlarning maxsus g‘aznachilik hisob raqamlariga о‘tkaziladi.

G‘olibga qо‘yiladigan keyingi talablar

- Auksion ishtirokchisi elektron onlayn-auksion orqali yakka tartibda uy-joy qurilishi uchun bitta yer uchastkasini bir yilda bir marta sotib olish huquqiga ega.

Yer maydonini auksion savdosidan sotib olib, tо‘liq rasmiylashtirgan fuqarolar ushbu yer maydonidan О‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi talabi bо‘yicha maqsadli va samarali foydalanishi kerak.

Shuningdek, qonunchilikda belgilangan muddatlarda (О‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi bо‘yicha 3 yil ichida) loyiha asosida qurilishni amalga oshirishi va inshootni foydalanishga topshirishi hamda tegishli davlat organlarida rо‘yxatdan о‘tkazilishini ta’minlashi kerak bо‘ladi.

MIRJAHON suhbatlashdi.

qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

13-04-2019 |
Фото галерея