Kasbi tumanidagi "О‘daliyev Mehriddin Polvon" mas’uliyati cheklangan jamiyati shu yildan  faoliyat kо‘rsata boshlagan. Yangi korxonada gо‘sht yetishtirishga asosiy e’tibor qaratilgan. Tadbirkorlik subyekti xaridorlarga - tuyaqush, quyon va о‘rdak gо‘shtini taklif qilmoqchi. Asosiysi, ayni paytda bunga puxta zamin hozirlangan. Zarur quvvatlar tashkil etilgan.

- Yaqinda chetdan 40 ta tuyaqush jо‘jasini sotib olib keltirdik, - deydi korxona rahbari О‘dali Nurberdiyev. - Yana 70 ta xarid qilishga shartnoma tuzganmiz. Tо‘g‘ri, yurtimizda bu yangi soha, biroq kelajagi bor. Chunki о‘zining foydali xususiyati bois tuyaqush gо‘shtiga talab yuqori. Nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham sotish imkoniyati mavjud bu tansiq mahsulotni. Maqsadimiz ham о‘zi shu - tuyaqush sonini oshirib, kо‘proq gо‘sht ishlab chiqarishga erishmoqchimiz. Kerak bо‘lsa, eksportga ham chiqaramiz. Ma’lum bо‘lishicha, bu jonzot 100 kilogrammgacha vazn qilarkan. Hozir parvarishda muammo yо‘q, ular iqlim sharoitimizga mos. Bozorga tezroq gо‘sht chiqarish harakatidamiz.

Ishbilarmon quyonchilikni ham istiqbolli tarmoq deb biladi. Yо‘lga qо‘yilganiga hech qancha vaqt о‘tmagan bо‘lsa-da, u allaqachon samarasini berayapti. Quyonlar asosan naslli bо‘lib, tez kо‘payishi va semirishi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda subyektda ular soni 600 ga yetkazilgan. Hozircha tadbirkor aholiga tovar gо‘sht emas, balki tirik quyon taklif eta olayapti, xolos. Negaki, odamlar shalpang quloqlarni о‘zlari sotib olib, uy sharoitida boqib kо‘paytirishga qiziqish bildirishgan.

- Parrandachilikda ham tajribamiz yaxshi, shunga sanoat usulida о‘rdak boqishga kirishib ketdik, - deydi tadbirkor. - Hozirgi vaqtda 300 о‘rdakni ham gо‘shti uchun parvarishlayapmiz. Hali salmoqni oshiramiz, shu bilan cheklanmaymiz. Qо‘shimcha bino qurayapmiz. Sinov tariqasida korxonamizda baliqchilikka ham qо‘l urdik. Kichikroq havzaga chavoq tashlab luqmai halol yetishtirayapmiz. Keyingi yilda natijasini kо‘rsak kerak. О‘zini oqlasa, ushbu tarmoqni ham rivojlantirish niyatidamiz.

О‘dali Nurberdiyev gо‘sht berishda echkichilik imkoniyatini ham yuqori baholamoqda. Ayniqsa, bu yо‘nalishda nasldor echkilar parvarishini tashkil etish maqsad qilingan. Ularni xorijdan olib kelish kо‘zda tutilgan. Kelishuv mavjud. Ayni say-harakatlarga mutanosib ravishda tarmoqning ozuqa bazasini mustahkamlash haqida ham bosh qotirayotir. Busiz faoliyat olg‘a siljimaydi, albatta. Yer olib, tо‘yimli, ozuqabop ekinlar yetishtirishni kengaytirish mо‘ljal qilingan. Har holda maqsad ezgu - aholi gо‘sht va gо‘sht mahsulotlari bilan muntazam ta’minlanadi.

Mirzohid JО‘RAYEV

Sobir NARZIYEV olgan surat.

                                                                     Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

 

 

26-06-2019 |
Фото галерея