26 iyun - Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurash kuni.

TUBANLIK BOTQOG‘I

yoxud borsa kelmas yо‘ldan ogoh bо‘laylik

Yildan-yilga butun kurrai zaminga keng tarqalayotgan giyohvandlik illati bugun hammani tashvishga solayotgani sir emas. Unga qarshi kurash esa hamon kutilgan samarani bergani yо‘q.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga kо‘ra, dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik balosiga yо‘liqqan. Ularning aksariyat qismini 30 yoshgacha bо‘lganlar tashkil etadi. Ushbu "zahri qotil" har yili 200 ming nafardan ziyod kishining umriga zomin bо‘lmoqda.

Ana shu muammoga butun hamjamiyat e’tiborini qaratish, giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1987 yil 7 dekabrdagi qarori  bilan 26 iyun - Butunjahon giyohvandlikka qarshi kurash kunini e’lon qildi.

- Giyohvandlikning oqibatlari   quyidagilarda namoyon bо‘ladi, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi Dilshod Akbarov. - Bu illat botqog‘iga tushgan odam, iqtisodiy jihatdan olib qarasak, "zahri qotil" uchun kо‘p mablag‘ sarflashi, daromadlaridan ayrilishi, uyidagi qimmatbaho buyumlarni sotib bitirishi, ishsiz qolishi, kо‘pchilikdan qarzdor bо‘lishi, oxir oqibat oilasidan, farzandlaridan ajralishi turgan gap. Huquqiy jihatdan esa  о‘zi bilib bilmay, idrok qilmay jinoyat qilishi, turli buzg‘unchi tо‘dalar ta’siriga tushib qolishi mumkin. Giyohvandlikning tibbiy asoratlari esa butun organizm, ayniqsa, markaziy nerv sistemasi, ruhiyatga ta’siri bilan xarakterlanadi. Bulardan tashqari giyohvand kishilar milliy urf-odat, qadriyatlardan, or-nomus, hayo, uyalish, tortinish, rahm-shafqat, mehr-oqibat kabi tushunchalardan begonalashib ketadi.

Shunday ekan, bu illatga qarshi avvalo har bir inson о‘zi ongli ravishda kurashishi kerak. Huquqni muhofaza qilish organlari esa bu ishni muntazam amalga oshirib kelayapti. Xususan, doimiy о‘tkazib kelinayotgan "Qoradori" operatsiyasi davomida tarkibida giyohvand moddalar bо‘lgan о‘simliklarni g‘ayriqonuniy ravishda yetishtirish, saqlash, о‘tkazish va sotish kabi qator holatlar aniqlanmoqda.

- Viloyatimiz hududida narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash hamda giyohvandlikning oldini olish maqsadida ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida joriy yilning о‘tgan davrida 84 ta holat aniqlandi, - deydi Dilshod Akbarov. - Qonunga kо‘ra, giyohvandlik moddalarini yetishtirish, tayyorlash, saqlash, oldi-sotdisida ishtirok etish, vositachilik qilish, sotish va hokazolar uchun tegishli jazolar belgilangan. Shunga kо‘ra, aniqlangan holatlar bо‘yicha  90 nafardan ziyod shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi, ulardan 40 kilogrammdan ziyod giyohvandlik moddalari daliliy ashyo sifatida olindi.

Giyohvandlik nafaqat unga mubtalo bо‘lgan inson uchun, balki jamiyat uchun ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bu "Zahri qotil" sabab bir inson hayotining izdan chiqishi ortidan tirik yetim bolalar, ajrimlar, jinoyatlar, kasalmandlar kо‘payishida namoyon bо‘ladi. Ana shu oqibatlar har qancha uqtirilmasin giyohvand moddalar bilan bog‘liq xunuk holatlarga aralashib qolgan odamlar kamayayotgani yо‘q. Ular orasida ayollarning uchrashi ayniqsa ayanchli.

Kosonlik Rohila Murtozayeva (ism-familiya о‘zgartirilgan) ana shulardan biri. Ma’lumotlarga kо‘ra, tezkor surishtiruv ishlari natijasida uning hovlisida 240 dona tarkibida giyohvandlik moddasi mavjud kо‘knor о‘simligi yetishtirilayotgani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qо‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, giyohvandlik illati ildizlariga bolta urish keng kо‘lamli hamkorlikni talab etadi. Shunday ekan, atrofimizda yurgan kimningdir tubanlik botqog‘iga botmasligi  uchun giyohvandlikka qarshi kurashish uning yо‘liga ishonchli g‘ov qо‘yish barchaning ishi bо‘lishi lozim.

Shohista BOZOROVA

                                                     Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

26-06-2019 |
Фото галерея