Davlat rahbari tomonidan shu yilning 28 iyunida о‘smirlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda О‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risidagi qaror imzolandi.

Unga asosan Mudofaa vazirligining "Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseyi Farg‘ona viloyatida, Davlat xavfsizlik xizmatiniki Toshkent viloyati Qibray tumanida, Ichki ishlar vazirliginiki Nukus shahrida, Milliy gvardiyaniki Toshkent shahrida va Favqulodda vaziyatlar vazirliginiki Shaxrisabz shahrida tashkil etildi. Shahrisabz "Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseyi hozirgi Shahrisabz iqtisodiyot kolleji binosida joylashadi.

"Temurbeklar maktabi"ga qabul va о‘qitish 2020/2021 о‘quv yilidan boshlanib, ularning har biriga yuz kishi qabul qilinadi va о‘qish muddati ikki yil. Unga umumta’lim maktablari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining 9-sinfini tamomlaganlik tо‘g‘risidagi shahodatnomaga ega, sog‘ligi holatiga kо‘ra yaroqli deb topilgan hamda saralash tanlovidan muvaffaqiyatli о‘tgan, erkak jinsli О‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi. Saralash tanlovi dastlabki tanlash, harbiy-kasbiy tanlov va test sinovlaridan iborat.

Dastlabki tanlov nomzodlarning arizalari asosida yashash joyi bо‘yicha mudofaa ishlari bо‘yicha bо‘limlarda о‘tkaziladi. Nomzodning qanday hujjatlar taqdim qilishi kerakligi "Temurbeklar maktabi" Ustavi bilan belgilanadi. Dastlabki tanlov natijalari bо‘yicha nomzodlarning hujjatlari tuman (shahar) mudofaa bо‘limlari tomonidan viloyat mudofaa ishlari boshqarmalariga topshiriladi.

Harbiy-kasbiy tanlov nomzodning yashash joyi bо‘yicha mudofaa ishlari boshqarmasida о‘tkaziladi. Bu jarayonda nomzodning jismoniy tayyorgarlik holati tekshiriladi, savodxonlik darajasini baholash yozma diktant yozdirish yо‘li bilan aniqlanadi. Sog‘ligi bо‘yicha о‘qishga yaroqliligi yuzasidan qaror chiqariladi, yakka tartibda suhbat о‘tkaziladi. Sо‘ngra Davlat test markazi tomonidan о‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qо‘yish haqida qaror qabul qilinadi. Yakuniy suhbatdan о‘ta olmagan nomzodlarning shaxsiy yig‘majildlari dalolatnoma asosida Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmasi vakiliga topshiriladi. О‘tganlarning hujjatlari mudofaa ishlari boshqarmasi orqali tegishli "Temurbeklar maktabi" qabul komissiyasiga yuboriladi.

Test sinovlariga ruxsat etilgan nomzodlar mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida о‘qigan maktabidan shahodatnomasini oladi. Test sinovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan о‘rnatilgan tartibda о‘tkaziladi. Test topshiriqlari umumiy о‘rta ta’lim fanlari (5-9 sinflari kesimida)ning Davlat ta’lim standartlariga muvofiq tuziladi.

Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovdan muvoffaqiyatli о‘tgan quyidagi nomzodlar test sinovlarisiz о‘qishga qabul qilinadi: xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g‘oliblari belgilangan kvota doirasida; о‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bо‘lgan hamda nogiron bо‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv bо‘linmalari xizmatchilarining farzandlari - kvotadan tashqari; yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosog‘lom oilada yashayotgan, davlat va jamiyat kо‘magiga muhtoj bо‘lgan, о‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9-sinfini tamomlagan, voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bо‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining qarorlari asosida - kvotadan tashqari, belgilangan kvotaning besh foizidan kо‘p bо‘lmagan miqdorda.

Test natijalariga qarab qabul komissiyasi nomzodlar rо‘yxatini tuzadi hamda bayonnomani rasmiylashtiradi. Shu asosda "Temurbeklar maktabi" direktorining buyrug‘i chiqarilib, nomzod о‘qishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga belgilangan namunadagi diplom va kо‘krak nishoni beriladi.

"Temurbeklar maktabi" bitiruvchilariga О‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga о‘qishga kirishda test sinovlarida о‘zlari tо‘plagan ballarning о‘ttiz foizi, boshqa oliy davlat о‘quv yurtlariga о‘qishga kirishda esa о‘n besh foizi miqdoridagi qо‘shimcha ballar kо‘rinishida imtiyoz beriladi. Imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida "Temurbeklar maktabi" bо‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bо‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli о‘tish natijalari bо‘yicha kirish huquqi beriladi.

"Temurbeklar maktablari"ning asosiy vazifasi о‘quvchilarda xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vatanparvarlik, sadoqat singari sifatlarni, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish, Amir Temurning bebaho merosi, xalqimizning boy tarixi asosida faol fuqarolik pozitsiyasiga ega о‘quvchilarni tarbiyalashdan iborat. Bu maskanda tahsil olgan yoshlar keng dunyoqarash hamda yetakchilik qobiliyatlariga ega bо‘lgan mard va jasur Vatan himoyachilari bо‘lib yetishishi maqsad qilingan.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

09-07-2019 |
Фото галерея