Innovatsion rivojlanish vazirligi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va "Buyuk kelajak" xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bо‘yicha "Taraqqiyot" respublika tanlovi g‘oliblari nomlari e’lon qilindi.

Ahamiyatlisi, ular orasida viloyatimiz vakillari ham bor. Viloyat hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga kо‘maklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari bо‘yicha о‘rinbosari kotibiyati mudiri Tо‘ychi Yoqubov "Davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi" nominatsiyasida, viloyat ixtisoslashtirilgan bolalar-о‘smirlar suv sporti turlari sport maktabi direktori Zafarjon Mamadaliyev "Madaniyat, san’at va sport sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi" nominatsiyasi bо‘yicha g‘olib deb e’tirof etildi.

Tanlovning 50 nafar g‘olibiga eng kam ish haqining 50 baravari miqdorida, final bosqichida ishtirok etgan 100 nafar ishtirokchisiga eng kam ish haqining 25 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti tо‘lanadi. Shuningdek, tanlov g‘oliblari tegishli yо‘nalishlar bо‘yicha davlat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi va tanlovning tegishli nominatsiyalari bо‘yicha rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida kamida 3 oy muddat stajirovka о‘taydi, final bosqichining qolgan ishtirokchilari tegishli davlat tashkilotlarining boshqaruv kadrlari zaxirasiga kiritiladi, shuningdek, ish bilan ta’minlanganidan sо‘ng, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning sohaga oid tashkilotlarida kamida bir oy stajirovka о‘taydi.

Qayd etish lozim, "Taraqqiyot" respublika tanlovi davlat rahbarining 2018 yil 30 maydagi "Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari tо‘g‘risida"gi qarori asosida istiqbolli boshqaruv kadrlarining tizimli asosda tanlab olinishini ta’minlash, shuningdek, davlat va xо‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat va boshqa davlat organlari, tashkilotlari tizimida ularning kasbiy malakasini uzluksiz oshirib borishga kо‘maklashish maqsadida an’anaviy tarzda о‘tkaziladi.

Mazkur tanlov salohiyatli kadrlarga bо‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, rivojlangan davlatlar tajribasini о‘rgangan holda, har 3 yilda bir marotaba va 4 bosqichda tashkil etiladi. Tanlovda qatnashish istagida bо‘lgan yoshlardan veb-portalga kelib tushgan anketalar о‘rganiladi. Talabgorlar aqliy salohiyat (IQ-test), psixologik barqarorlik, xorijiy tillarni bilishi, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi islohotlardan xabardorlik darajasi bо‘yicha onlayn testdan о‘tkaziladi.

Tanlovda tayanch oliy ma’lumotga va tegishli sohada rahbarlik lavozimida kamida uch yillik ish tajribasiga ega, 30 yoshdan 45 yoshgacha bо‘lgan (45 yosh ham qо‘shilgan holda) О‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

"Taraqqiyot" respublika tanlovida talabgorlar 16 ta nominatsiya bо‘yicha о‘z sohasidan kelib chiqib qatnashadi.

Ma’lumot uchun, istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bо‘yicha о‘tkazilgan "Taraqqiyot" tanloviga jami 4 ming 64 ta anketa qabul qilingan bо‘lib, ularning 244 tasi viloyatimiz yosh rahbarlariga oiddir.

N.XО‘JAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida 

 

18-07-2019 |
Фото галерея