Amir Temur tavalludining 683 yilligiga

Sharafiddin Ali Yazdiy va Fasix Xavofiyning ma’lumotlariga kо‘ra, Amir Temur hijriy 736 yil 25 sha’boni (1336 yil 9 aprel)da tavallud topgan. Ibn Arabshox uning tug‘ilgan yeri Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xо‘jailg‘or qishlog‘i ekanligini yozgan. Ispaniyalik elchi Rui Gonsales de Klavixo kundaliklarida, Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asarida ham Temurbek Kesh-Shahrisabz atrofidagi qishloqda tavallud topgani aytiladi.

XIX asr oxirlarida Shahrisabzga kelgan rus sayohatchisi va sharqshunos olimi Aleksandr Kun Shahrisabz bekligiga qarashli Tarag‘ay qishlog‘ida Temurning otasi Bahodir Tarag‘ay tug‘ilgan, deb yozgan. Vasiliy Bartold esa "Brokgauza-Efron" ensiklopedik asarida Temur 1336 yil 11 martda Kesh yoki uning atrofida tug‘ilganini qayd etadi.

Sohibqiron tug‘ilgan sana va joy, ota-onasi haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, Yakubovskiy, Mixail Masson, Galina Pugachenkova, Ibrohim Mо‘minov, Edvard Rtveladze, Lyangle kabi olimlar tadqiqotlarida uchraydi va ularning barchasi Amir Temurning tug‘ilgan joyi masalasida ibn Arabshohning ma’lumotlariga asoslanadilar.

Ma’lumki, Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ay barlos urug‘ining harbiy boshliqlari - beklaridan bо‘lgan. Uning ajdodlari Chig‘atoy va Chingiziylar saroyi amaldorlari edi. Barloslar Kesh atrofida о‘z mulklariga ega bо‘lganlar va unga hokimlik qilganlar.

Amir Temur otasi Muhammad   Tarag‘aybek hamda bobosi Amir Barg‘ul taqvoli musulmonlardan bо‘lib, kо‘p vaqtini о‘z davrining kо‘zga kо‘ringan piru ulamolari bilan о‘tkazgan. Sharafiddin Ali Yazdiy bu haqda shunday yozadi: "Tarag‘aybek ulamo va sulaho va muttakilarga mushfiq va mehribon erdi. Bularning majlisida borur erdi, lojurma bu jihatdinkim, hazrat haqning sevur bandalarini sevur erdi".

Tarag‘aybek piri, tasavvuf shayxi Shamsiddin Kulolga ayniqsa chuqur ehtirom kо‘rsatgan. Keyinchalik shayx Amir Temurning ham piri bо‘ladi.

Sohibqironning onasi Takina xotun Buxoroning kо‘zga kо‘ringan ziyolilari xonadoniga mansub bо‘lgan. Temurbek yetti yoshga tо‘lganida uni madrasaga о‘qishga berishgan. Kо‘kaldosh opasi Qutlug‘ Turkon oqa undan besh yosh ulug‘ edi. Onasi vafotidan keyin u Temurbekka ham opalik, ham onalik mehrini beradi.

Yozma manbalarda Amir Temur Samarqandda, opasi Qutlug‘ Turkon oqa uyida 48 kun yashagani va hayotining qiyin va tahlikali damlarida suyanchiq, zukko maslahatchi sifatida kо‘rgani e’tirof etiladi. Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"sida Qutlug‘ Turkon oqa: "Agar mundoq beparvolik qilsang, olam bir-bir bо‘lub buzulgay. Xudoyning xatosiga hech chora yо‘q turur. G‘am yemak foyda qilmas. Agar mundoq bо‘lsang, ra’iyat va mamolik parishon bо‘lub, xudoyning bandalari bexonumon bо‘lgay" deydi. Opasining xayrixohlik bilan aytgan bu sо‘zlari Amir Temurni hushyor torttirib, mamlakat ishlarini adolat mezoni birla boshqarishga undaydi. Shuningdek, bu zoti oliya "Zafarnoma"da bunyodkor, tadbirkor ayol sifatida ham tilga olinadi.

Shirinbeka Sohibqironning yakkayu yagona singlisi edi. Shohi Zinda me’moriy majmuasida Amir Temur avlodlari, xususan, uning opasi Qutlug‘ Turkon oqa hamda singlisi Shirinbeka oqa maqbaralari mavjud.

Temurbek kamonbozlik, chavandozlik, qilichbozlik va kurash san’atlarini mohirlik bilan egallaydi. U ovga shu qadar ishqiboz bо‘ladiki, kechayu kunduzlarni shikorda о‘tkazishi mumkin edi.

Shubhasiz, Amir Temur о‘spirinlik va yoshlik yillaridagi mashg‘ulotlarni otasiga xizmat qilgan maxsus murabbiylar yordamida о‘rgangan. Biroq ularning nomi manbalarda qayd qilinmagan.

Bilamizki, о‘rta asrlarda musulmon mamlakatlarida podsho va amirlar saroyida otabek mansabi bо‘lib, uning vazifasi hukmdorlar о‘g‘lini ba’zi ilmlarga о‘rgatish bilan bir qatorda, harbiy va jismoniy tarbiyasi bilan yaxshi shug‘ullanib, badani va ruhini chiniqtirishdan iborat bо‘lgan.

Amir Temurning ruhiy-ma’naviy murabbiylari, pirlarining nomlari tarixda ma’lum. Sohibqiron din peshvolari va musulmon ruhoniylari bilan yaqin bо‘lib, ularga har tomonlama hurmat-ehtirom kо‘rsatgan, о‘z saroyida piri murshidlar, ulug‘ zotlarni saqlagan va  shariat qonun-qoidalariga qat’iy rioya etgan.

Shayx Shamsiddin Kulol Shahrisabzda eng hurmatli avliyo sanalgan. Ibn Arabshoh shunday hikoya qiladi: "Temur shayx (Shamsiddin Kulol al-Foxuriy)ning huzuriga kirganida, u о‘zining muridu muxlislari bilan chuqur о‘yga tolgan holda Allohning zikri bilan band edi. Ular zikr-samolaridan tо‘xtab, о‘zlariga kelgunlaricha, Amir Temur tik turaverdi. Shayxning nazari unga tushishi bilan Temur shayxning qо‘llarini о‘pishga shoshildi. Shunda shayx о‘z jamoasiga: "Ey, jamoat! Siz uning haqqiga duo kilib, istagan murodiga yetishi uchun unga madad beringiz", dedi. Shayxning ushbu duosini Amir Temur о‘z muvaffaqiyatlarining eng birinchi sababi deb hisobladi".

Amir Temur pirlaridan yana biri Sayyid Baraka edi. Sayyid Baraka asli Makka ahlidan bо‘lib, 1370 yilda Balx qal’asi egallanishidan oldin Amir Temur huzuriga kelib, unga davlat ramzlari - nog‘ora va bayroq bergan hamda uning kelajagi porloq bо‘lishini bashorat qilgan.

Avliyo darvesh Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy Amir Temurning uchinchi piri sanaladi.

Tarixiy manbalarda aytilishicha, Keshda Payg‘ambar hadislarini tо‘plab, sharhlovchi muhaddislar kо‘p bо‘lgan. Hazrati Imom sifati bilan tanilgan Ibn Nasr al-Keshiy (vafoti 865 yil) Keshning janubi-sharqiy sarhadida dafn etilgan. Amir Temur tomonidan bunyod ettirilgan ulug‘vor imorat ayni paytda Hazrati Imom nomi bilan ataladi. Xonaqoh, ikkita maqbara va hovli atrofidagi bir necha hujra me’moriy majmua tarkibiga kiradi. Imoratning old tomoni baland va keng peshtoqdan iborat bо‘lib, peshtoqning faqat shimoliy qismi kulohiy gumbazi va burchakdagi minorasi bilan saqlanib qolgan.

Amir Temur Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilingandan sо‘ng Shayx Shamsiddin Kulol ruhiga katta izzat-ikrom bilan Shahrisabzning janubiy sarhadidagi manzilda, ya’ni avliyo qabri ustida gumbazli maqbara tiklanadi va u yer muborak ziyoratgohga aylanadi.

Amir Temur 1374 yilda pirining qabri yoniga otasi Amir Tarag‘ayning qabrini kо‘chirtiradi. Masjidi jome bilan bog‘lanib tashkil topgan me’moriy majmua Dorut-tilovat, ya’ni marhumlar ruhiga tilovat qilinadigan maskan nomi bilan mashhur bо‘ldi.

Mazkur muqaddas manzil sharqida, shaharning kо‘hna Simxona darvozasi yonida boshqa bir ulkan me’moriy majmua - Dorus-siyodat, ya’ni Payg‘ambar avlodlari - sayyidlar uyi qad kо‘taradi.

Manbalarga kо‘ra, Amir Temurning fe’l-atvori bosiq bо‘lgan, jizzakilik unga xos bо‘lmagan. Bu maslakdoshlarini о‘ziga jalb qilgan. Ichkilikka mayli yо‘qligi bois fikr-mulohazalari teran va idrokli bо‘lgan, og‘ir vaziyatlarda tо‘g‘ri yechimni osonlik bilan topgan. Shuning uchun bolalikdagi dо‘stlari uning atrofida jam bо‘lishib, birgalikda mashq va musobaqalarda ishtirok etishardi. Keyinchalik ular harbiy guruh sifatida shakllana boradi. Sohibqironning bolalikdagi dо‘stlari orasida Abbos Bahodir, Jahonshohbek, Kimori Inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh Qarqara va  boshqalar bor edi. Keyinchalik ular Amir Temurning lashkarboshilari va safdoshlariga aylanadi.

Temurning xislat va fazilatlari haqida Yazdiy bunday tavsifni keltiradi: "Aning davlatmand zotikim, mazxari lutfi ilohiy erdi, shafqat va xayrdin о‘zga ish muborak kо‘ngliga kechmas erdi... Va dalili bu sо‘zdakim, takallufdin yiroq va riyodin begona, hargiz nomashru’ ishg‘akim, gunoh turur, mayl qilmadi... Va podshohi komkor og‘zini jogir (ichkilik) sori eltmadi va toatu ibodat fikridin о‘zga ish fikrida kechmadi. Va muttasil ishi Qur’on о‘qumoq va faqiru miskinning g‘amini yemak erdi".

Amir Temurning yoshlik paytidagi og‘ir sinovlar XIV asrning 50-yillari oxirgi choragida Movarounnahr bosh amiri va xotinining bobosi Amir Qazag‘an о‘limidan  keyin boshlandi. Bu paytga kelib Movarounnahrda tarqoqlik, amirlarning о‘zaro kurashi yanada kuchaygan edi. Bu kurashlar yuksak xislatlar sohibi bо‘lgan sarkardani pirovardida Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylantiradi...

Nabi XUSHVAQTOV,

Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi

muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi

qashqadaryogz.uz  ma’lumotlari asosida

13-04-2019 |
Фото галерея