Rossiya Federatsiyasidagi Nijnevartovsk davlat universiteti musiqa ta’limi kafedrasi dotsentlari S.G.Farxutdinova va G.V.Agadilova Qarshi davlat universitetida bо‘lib, pedagogika fakultetida tegishli ta’lim yо‘nalishi bо‘yicha tahsil olayotgan talabalarga ma’ruza о‘qib, amaliy mashg‘ulotlar olib borishdi.

Dastlab xorijlik mutaxassislar musiqa ta’limi yо‘nalishi 1-kurs talabalari uchun cholg‘u ijrochiligi va ansambl, 3-kurs talabalariga esa musiqa о‘qitish metodikasi va maktab repertuari fanlaridan darslar о‘tishdi.

- Rossiyalik о‘qituvchilarning darslari biz uchun yangiliklarga boy bо‘ldi, - deydi musiqa о‘qitish metodikasi va maktab repertuari yо‘nalishi 3-bosqich talabasi Muyassar Markayeva. - Bir darsda cholg‘ular bilan ishlab, ovoz sozlash, ovoz ochish, ovoz tushish mashqlarini о‘rgangan bо‘lsak, boshqa darsda kichik-kichik asarlarni turli ovozlarda ijro etdik. Yana bir darsda musiqaning inson psixologiyasiga ta’siri о‘rganildi. Bunda kichik guruhlarga bо‘lindik va bir musiqani tinglab, tinglaganimiz bо‘yicha о‘z fikr-mulohazalarimizni aytdik. Dirijyorlik, vokal, xor yо‘nalishlarida kо‘pgina yangi ma’lumotlarga ega bо‘ldik.  

Kafedraning professor va о‘qituvchilari ishtirokida tashkil etilgan seminar-treninglar bahs-munozaralar asosida о‘tdi. Mehmonlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bо‘lajak musiqachilarda, о‘qituvchilarda katta taassurot qoldirdi.

Eslatib о‘tish joiz, ushbu tashrif Nijnevartovsk davlat universiteti va Qarshi davlat universiteti musiqa ta’limi kafedralari о‘rtasida 2016 yil 15 dekabrda о‘rnatilgan xalqaro hamkorlik doirasida amalga oshirildi. 

Sojida ALLAYOROVA

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Фото галерея