Xabaringiz bor, 2019 yil 21 iyun kuni О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi  majlisi bо‘lib о‘tdi. Unda 18 ta masala, shu jumladan, 7 ta qonun muhokama qilindi.

Senatorlar tomonidan dastlab О‘zbekiston Respublikasi "Turizm tо‘g‘risida"gi Qonuni kо‘rib chiqildi. Hujjat mazkur sohadagi davlat siyosatining asosiy yо‘nalishlarini qamrab olgan. Xususan, turizm sohasiga investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish,  tizimda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash, yangi ish о‘rinlari tashkil etish, turistik zonalar va turistik klasterlarning rivojlantirilishini rag‘batlantirish kabi yо‘nalishlar belgilab berilgan. Shuningdek, qonun bilan turizm sohasi subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi, turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sohada tadbirkorlikni davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish, oshkoralik va ochiqlik kabi asosiy prinsiplar о‘rnatilgan.

Qonunda xalqaro va ichki turizm shakllari, shuningdek, madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, ma’rifiy,  ishbilarmonlik, ijtimoiy, sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm kabi sayohat turlari mustahkamlanmoqda. Hujjat turistik faoliyatni davlat tomonidan tartibga solishning huquqiy va institusional bazasini shakllantirish, milliy turistik mahsulotni ichki va jahon bozorlarida tanitishga kо‘maklashish, sayohat industriyasini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. Ushbu qonun mamlakatimizda  turizmni rivojlantirishga, pirovardida aholi turmush darajasi va sifatini oshirishga kо‘maklashishi qayd etildi.

 О‘zbekiston Respublikasining "Shaxsga doir ma’lumotlar tо‘g‘risida"gi Qonuni shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va fuqarolarning shaxsiy hayotga doir huquqini himoya qilish  bilan bog‘liq. U shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish chog‘ida qо‘llaniladigan vositalardan, shu jumladan, axborot texnologiyalaridan qat’i nazar, yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mazkur qonunda fuqaroning konstitusiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari va usullarining qonuniyligi, ma’lumotlarning aniqligi va ishonchliligi, maxfiyligi va himoya qilinganligiga oid asosiy prinsiplar mustahkamlangan.

 Qonun bilan davlat organlarining bu sohadagi vakolatlari ham belgilab berilgan.  Shuningdek, unda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlari mustahkamlanmoqda, u shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bо‘yicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar kо‘rishni nazarda tutadi. Bu subyektning о‘z shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini, shaxsga doir ma’lumotlarning yaxlitligi va butun saqlanishini, maxfiyligiga rioya etilishini, shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini ta’minlaydi.

Hujjat asosida shaxsga oid ma’lumotlarning maxfiyligi, ularning hamma foydalanishi mumkin bо‘lgan manbalarga kiritish uchun subyektning yozma roziligini olish, shuningdek subyektning shaxsga doir ma’lumotlarini hamma foydalanishi mumkin bо‘lgan manbalardan uning murojaatiga kо‘ra chiqarib tashlash belgilanmoqda.

"О‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi tо‘g‘risida"gi  Qonuni bilan Hisob palatasining davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratining oliy organi sifatidagi huquqiy maqomi mustahkamlanmoqda. Hujjat asosida ushbu organning asosiy vazifalari davlat byudjeti loyihasi parametrlarini shakllantirishni tizimli tahlil qilish, qabul qilinayotgan davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligi auditini amalga oshirish, shuningdek byudjet mablag‘lari tushumlarining tо‘liqligini о‘rganish hamda nazorat qilish, amalga oshirilayotgan byudjet xarajatlari samaradorligi hamda qonuniyligini auditdan о‘tkazish, bu xarajatlarni kamaytirish imkoniyatlarini aniqlash ekanligi belgilab berildi.

Shuningdek, Hisob palatasi byudjet mablag‘lari va davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini baholaydi, soliq, bojxona va byudjet tо‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga, byudjetni rejalashtirishning zamonaviy usullarini joriy etishga doir takliflar kiritadi. Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qiladi. Pul-kredit va valyuta siyosatini, mamlakat aktivlari hamda majburiyatlari holatini, oltin-valyuta zaxiralarining boshqarilishini tashqi auditdan о‘tkazadi.

Bulardan tashqari, qonunda Hisob palatasining davlat organlari va  boshqa tashkilotlar bilan hamkorligi mexanizmlari ham belgilandi. Yana, hujjat asosida uning faoliyatini tashkil etish, mansabdor shaxslarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilish masalalari tartibga solinadi.

О‘zbekiston Respublikasining "Qurol tо‘g‘risida"gi Qonuni davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar qonuniy asosda egalik qilayotgan va foydalanayotgan qurol muomalasini tartibga solish maqsadida ishlab chiqildi. Unda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, huquq va erkinliklarini himoya qilish ustuvorligi ta’kidlangan. Qurol turlari  fuqaroviy qurol, xizmat quroli hamda jangovar quroldan iborat ekanligi kо‘rsatildi:

fuqaroviy qurol ov quroli, sport quroli va о‘zini о‘zi himoya qilish quroliga bо‘linadi;

fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mol-mulkni himoya qilishga, tabiatni, qimmatbaho va xavfli yuklarni, maxsus xat-xabarlarni muhofaza qilishga doir vazifalarni bajarish chog‘ida yuridik shaxslarning xodimlari tomonidan, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida foydalanish uchun mо‘ljallangan qurol xizmat quroli jumlasiga kiradi;

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa tuzilmalar tomonidan qо‘llaniladigan, jangovar harakatlarni olib borish hamda xizmat vazifalarini bajarish uchun mо‘ljallangan qurol jangovar qurol hisoblanadi;

Qonunda qurolni va uning о‘q-dorilarini olish huquqiga ega bо‘lgan subyektlar rо‘yxati kо‘rsatilgan.

"О‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga va О‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksiga о‘zgartish hamda qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida"gi  qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksga shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish tо‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi о‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodeksga mehnat qilish huquqini, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi о‘zgartishlar kiritilmoqda. Hususan, mehnat va mehnatni muhofaza qilish tо‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish mumkin emasligi tо‘g‘risidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tо‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtinchalik ishga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bо‘yicha nafaqalar tо‘lash majburiyatidan bо‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. 

Shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash tо‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnat qilishga ma’muriy yо‘llar bilan majburlaganlik va bо‘sh ish о‘rinlarini bekitganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

О‘zbekiston Respublikasining "О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida"gi  Qonuni bilan amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining rо‘yxatiga "Qurol tо‘g‘risida"gi Qonun talablaridan kelib chiqib, "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tо‘g‘risida"gi hamda "Mediatsiya tо‘g‘risida"gi qonunlarga sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya instituti joriy etilishini nazarda tutuvchi о‘zgartishlar kiritilmoqda. Bu о‘zgarishlarga binoan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomillari undiruvchining arizasi bо‘yicha 15 kundan kо‘p bо‘lmagan muddatga ijro ishini yuritishni tо‘xtatib turish uchun asos hisoblanadi. Undiruvchi va qarzdor о‘rtasida ijro predmeti yuzasidan bitimga erishilmaganda, shuningdek tomonlardan biri  mediatsiyani davom ettirishdan voz kechganda yoki uni amalga oshirish muddati tugaganda ijro ishini yuritish davlat ijrochisi tomonidan qaytadan yо‘lga qо‘yiladi.

Yalpi majlisda, shuningdek "Xalqaro mehnat tashkilotining 1930 yildagi Majburiy mehnat tо‘g‘risidagi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnomani (Jeneva, 2014 yil 11 iyun) ratifikatsiya qilish haqida"gi    О‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham kо‘rib chiqildi. 

Ushbu qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi. Ular davlatimiz rahbari tomonidan imzolangach, belgilangan tartibda kuchga kiradi.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

                                                     Qashqadaryogz.uz ma’lumotolari asosida

26-06-2019 |
Фото галерея