Viloyatimizda barpo etilayotgan "Uzbekistan GTL" korxonasining 25 nafar mutaxassisi shu yilning iyun-iyul oylarida Qatardagi "Oryx GTL" zavodida ishlab chiqarish amaliyotini о‘tab, tabiiy gazdan sintetik yonilg‘i olishga ixtisoslashgan bu turdosh majmuada malaka oshirmoqda va chet ellik hamkasblari bilan tajriba almashmoqda.

"О‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyatining Telegram-kanali orqali tarqatilgan ma’lumotlarga qaraganda, GTL zavodi uchun kadrlar tayyorlash о‘quv dasturi doirasida 2019-2020 yillarda о‘zbekistonlik 100 nafar mutaxassis ishlab chiqarish quvvati va texnologiyasi О‘zbekistonda qurilayotgan zavodnikiga о‘xshash korxonani ishga tushirish, unga xizmat kо‘rsatish hamda ekspluatatsiya ishlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bо‘ladi.

Ayni paytda ulardan 25 nafari Qatardagi zavod xodimlari bilan hamkorlikda yurtimizda qurilayotgan korxonani ishga tushirish jarayonida nosozliklarga yо‘l qо‘ymaslik hamda uning barqaror faoliyat kо‘rsatib, uzluksiz mahsulot ishlab chiqarishini ta’minlash maqsadida "Oryx GTL" zavodi foydalanishga topshirilgan vaqtda kuzatilgan nuqsonlar misolida texnologik jarayonda yuzaga kelishi mumkin bо‘lgan muammolarni hal etishga doir masalalarni ham kо‘rib chiqishmoqda.

Shu о‘rinda ta’kidlash joizki, Qatarning Ras-Laffan shahrida joylashgan "Oryx GTL" zavodi "Qatar Petroleum" va "Sasol" neft va gaz kompaniyalariga tegishlidir. 2007 yilda "Oryx GTL"ning suyultirilgan neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi sutkasiga 34 ming barrelni tashkil etgan. Mamlakatimizda qurilayotgan GTL zavodining sutkalik ishlab chiqarish quvvati 38 ming barrelga teng bо‘ladi, bir yilda esa bu ulkan korxonada 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik yonilg‘i ishlab chiqariladi.  

- Qatarlik mutaxassislar    О‘zbekistonda qurilayotgan GTL zavodiga katta qiziqish bildirishmoqda, - deydi "Uzbekistan GTL" kompaniyasining mutaxassislaridan biri Nosir Zokirjonov. - E’tiborlisi, delegatsiyamiz a’zolarining juda yoshligi hamkasblarimizni hayratda qoldirdi. Faoliyatim davomida bunday yirik zavodning ishga tushirilishida ikkinchi marotaba ishtirok etish imkoniga egaman, ilk bor Qoraqalpog‘istondagi Ustyurt gaz-kimyo majmuasi foydalanishga topshirilishida qatnashganman. Bu men va hamkasblarim uchun sharaf va katta mas’uliyatdir. Shuning uchun zavodni ishga tushirish va uni boshqarish jarayonida uchrashi mumkin bо‘lgan barcha nuqsonlarni iloji boricha kо‘proq о‘rganishga harakat qilmoqdamiz.

Bundan tashqari, 2019-2020 yillarga mо‘ljallangan kadrlar tayyorlash dasturi doirasida kompaniya mutaxassislari texnologik uskunalar va texnologiya jarayonlarini litsenziyalovchi xorijiy ishlab chiqaruvchilarning korxonalarida maxsus о‘quvlarda ham ishtirok etadi. Masalan, "Honeywell UOP Uzbekistan" kompaniyasi О‘zbekistonda qurilayotgan GTL zavodi uchun mutaxassislar tayyorlashda о‘zining texnologiyalar markazini kengaytirgan. GTL  zavodida "Honeywell" kompaniyasining "Experion Orion" ishlab chiqarishni boshqarish bо‘yicha eng zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimi о‘rnatilar ekan, xuddi shunga о‘xshash boshqaruv dastgohlari Toshkentdagi texnologiyalar markazida о‘rnatilgan bо‘lib, undan zavod uchun  muhandislar va boshqaruv tizimi kadrlarini tayyorlashda foydalanilmoqda.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

20-07-2019 |
Фото галерея