Bitum va qо‘shimcha dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega,  Qashqadaryo  viloyati Qarshi shahridagi "KARSHI-BITUM" zavodini  qurish ishlari boshlab yuborildi. Zavod ishga tushgach, 300 nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

Viloyatga tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini kо‘paytirish maqsadida Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Belorussiya kabi kо‘plab davlatlar bilan turli sohalarda hamkorlik bо‘yicha samarali kelishuv va memorandumlar imzolandi. 

"KARSHI-BITUM" qо‘shma korxonasi tashkil etilishi munosabati bilan о‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi Zafar Ruziyev, xorijlik investorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

"KARSHI-BITUM" mas’uliyati  cheklangan jamiyati shaklidagi qо‘shma  korxonasi О‘zbekiston Respublikasi "MINORA QURISH  EKSPEDITSIYASI"  aksiyadorlik jamiyati va Rossiya Federatsiyasi "KAYLAS" ma’suliyati cheklangan jamiyati ishtirokida hamkorlik aloqalari asosida ta’sis etildi.

Rossiya Federatsiyasi  "KAYLAS" ma’suliyati cheklangan jamiyati - Rossiya  Federatsiyasi qonunchiligiga  asosan tashkil qilingan  hamda jamiyat ishlab chiqarish va savdo sohasida investitsion faoliyatini amalga oshiradi.

О‘zbekiston Respublikasi "MINORA QURIS EKSPEDITSIYASI"  aksiyadorlik  jamiyati neft va gaz sohasidagi burg‘ulash minoralari qurish, kо‘chirib о‘tish va burg‘ulash uskunalarini tashish ishlarini amalga oshiradi.

"KARSHI-BITUM" mas’uliyati  cheklangan jamiyati  tomonidan ishlab chiqariladigan bitum va qо‘shimcha dizel yoqilg‘isi  mamlakatimiz ehtiyojidagi eng zarur mahsulotlar hisoblanadi.

“KARSHI-BITUM” mas’uliyati  cheklangan jamiyati  neftni qayta ishlash zavodining qurilish ishlarining birinchi bosqichi tugallanishi  2019 yilning dekabr oyida kutilmoqda va qurilish loyihasining umumiy qiymati 16 000 000  AQSH dollariga teng bо‘lib, shundan xorijiy investitsiyalar  14 000 000 AQSH dollarini tashkil qiladi. Zavodning asosiy  ish faoliyati og‘ir  neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash natijasida undan, bitum va qо‘shimcha dizel yoqilg‘isi ajratib olishdan iborat.

Rejadagi  loyihaga kо‘ra KARSHI-BITUM" mas’uliyati  cheklangan jamiyati   neft qayta ishlash zavodi yiliga  150 ming tonna  neftni qayta  ishlash quvvatiga ega bо‘ladi.  Ushbu loyihada 300 kishilik  ish о‘rinlari  yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa respublikamiz miqyosida  qо‘shimcha  ish о‘rinlari yaratilishiga va yо‘l qurilishi sohasida xom-ashyo ta’minotiga hissa qо‘shadi.

Ta’kidlash joizki, keyingi paytlarda yurtimizda xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Joriy yilda viloyat hokimligi kо‘magi bilan Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Belorussiya kabi kо‘plab davlatlar bilan turli sohalarda hamkorlik bо‘yicha samarali kelishuvlarga erishildi. Ayni kunlarda xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda yangi loyihalarni ishga tushirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Birgina  Qarshi shahrida  keyingi ikki oyda 10 ta qо‘shma korxona ishga tushirildi.

Tadbirdan sо‘ng xorijlik mehmonlar va jamoatchilik vakillari Qarshi shahridagi diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirishdi. Xususan, ular Vatanparvarlar bog‘ida  yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

                                Suratlarni Murodilla Komilov olgan

26-03-2019 |
Фото галерея