Viloyat musiqali drama teatrida adib Tog‘ay Murod asarlari asosida О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov tomonidan sahnalashtirilgan "Xushvaqt" romantik dramasining taqdimoti bо‘lib о‘tdi.

Spektaklga Tog‘ay Murodning "Oydinda yurgan  odamlar" hamda "Ot kishnagan oqshom" qissalari asos qilib olingan. Farzandsiz bо‘lsa-da, bir-biriga mehr-muhabbatini saqlab qolgan Ziyodulla chavandoz va xotini Momosuluv о‘z kelajaklari, orzu-umidlari - Xushvaqtini kutib yashaydilar. Bu muhabbat sahnada kо‘ngil qо‘shig‘idek jarang sochib, ularning orzu-umidlari oydindagi oyning kumush nurlariga yо‘g‘rilib ketadi. Ziyodullaning kо‘p iztiroblariga tulpori Tarlon sherik bо‘ladi, chavandoz odamlardan kо‘rmagan mehrni otidan topganday bо‘ladi.

Asar syujeti sobiq tuzum voqealari bilan bog‘liq holda kechadi. Qahramonlar о‘zbekning musaffo qalbi, sarbaland qaddi, xalqning og‘ir kunlari yupanchi bо‘lib xushvaqtlik zamoni kelishiga ishonib-ishontirib yashaydilar.

Qayd etish lozim, spektakl ustida tajribali ijodiy jamoa ishlagan. Sahnalashtiruvchi rassom - Turkmaniston xalq rassomi Berdiquli Amonsihat, bastakor - san’at arbobi Anvar Ergashev. Bosh rollarni Farhod Murodov, Sojida Ashirova hamda Mahliyo Jumayeva ijro etgan.

Sobir NARZIYEV

Muallif olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

04-04-2019 |
Фото галерея