Tilimizda qо‘llaniladigan sobiq  sо‘zi avvalgi, ilgarigi, burungi degan ma’nolarni bildiradi. U yordamida sobiq jamoa, sobiq xodim yoki sobiq amaldor tarzida ortda qolgan davrni, о‘tgan kechinmalarni ifodalaymiz.

Biroq Vatanga, onaga, otaga, farzandga hech qachon, hech bir holatda sobiq deya nisbat berib bо‘lmaydi. Shunga muvofiq, ota-onalik maqomi ham, majburiyatlari ham ular xoh birga yashamasin, xoh о‘rtadagi munosabatlari juda yomon bо‘lsin saqlanib qolaveradi. Xususan, odamgarchilik nuqtai nazaridan ham, qonun nuqtai nazaridan ham ajrashgan er-xotinlar farzand tarbiyasi, ta’minoti uchun mas’ul. Qolaversa,  О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 64-moddasida ota-onalar о‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar, deb qat’iy belgilab qо‘yilgan. Demak, ana shu talabga zid harakat qonun yо‘li bilan taqiqlanadi. 

 Qarshi tumanida yashovchi M.I. bundan besh yil avval turmush о‘rtog‘i bilan ajrashgan. О‘rtada ikki nafar farzandi bor. Ular onasi bilan birga.

Bu holda M.I. sobiq turmush о‘rtog‘iga farzandlari ta’minoti uchun о‘zaro kelishuv asosida ixtiyoriy ravishda aliment tо‘lab borishi kerak edi. Biroq bundan  bо‘yin tovlagach, Fuqarolik ishlari bо‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2014 yildagi tegishli qarori bilan unga farzandlari ta’minoti uchun belgilangan miqdorda aliment tо‘lash majburiyati yuklatiladi. Ammo M.I. baribir о‘z bilganidan qolmaydi.

Shundan sо‘ng, aniqrog‘i 2018 yilning may oyida bu haqdagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Qarshi tuman bо‘limi ish yurituviga о‘tkazilib, M.I.dan sobiq turmush о‘rtog‘i foydasiga 2013 yildan buyon yig‘ilib kelayotgan aliment pullarini undirish belgilanadi. Bu davrga kelib tо‘lanmagan summa 22 milliondan oshiqni tashkil etadi. Lekin olib borilgan tushuntirish ishlariga qaramay, ota baribir alimentni tо‘lamaydi.

Ayni sababga kо‘ra, ish yana sud tartibida kо‘rib chiqildi va Qarshi tuman ma’muriy sudining 2019 yil 21 maydagi qarori bilan M.I.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ha, otaning о‘z farzandi ta’minotidan bо‘yin tovlab, qamoqda о‘tirishi uyatli holat. Lekin M.I. bundan nomus qilmagani bilan, qonundan qochib qutula olmaydi. Uning aliment tо‘lashni yana paysalga solishi endi jinoiy javobgarlikka sabab bо‘lishi mumkin.

 L.GADJIYEV,

 Majburiy ijro byurosi Qarshi tuman

bо‘limi boshlig‘i о‘rinbosari

 

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

03-07-2019 |
Фото галерея